Ahmed Shahin: “O‘zbekiston turli uyushmalarning uyg‘unlikda yashashi va barcha uchun din erkinligini ta’minlashga tayyor ekanligini namoyon etmoqda”

16:31 08 Iyun 2018 Siyosat
719 0
Foto: 1news.uz

Birlashgan Millatlar Tashkiloti BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining din va e’tiqod erkinligi masalasi bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi tavsiyalari asosida ishlab chiqilgan din va e’tiqod erkinligini ta’minlash bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” O‘zbekiston parlamenti tomonidan tasdiqlanganiga yuksak baho berdi.

Xususan, BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining din va e’tiqod erkinligi bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Ahmed Shahid bu O‘zbekiston turli uyushmalarning uyg‘unlikda yashashi va barcha uchun din erkinligini ta’minlashga tayyor ekanligidan dalolat berishini ta’kidladi.

“Men parlament tomonidan mazkur “yo‘l xaritasi” qabul qilinishini olqishlayman. Bu siyosatchilarning mamlakatda inson huquqlari bilan bog‘liq holatni yaxshilash va har tomonlama din erkinligini ta’minlashga erishish uchun tayyor ekanligini anglatadi”, dedi u.

U oxirgi 15 yilda BMT tizimida O‘zbekistonga ilk bor tashrif buyurgan maxsus ma’ruzachidir. Mutaxassis o‘tgan yilning 2-12 oktyabr kunlari mamlakatimizga kelgan va o‘z safari chog‘ida 12 ta tavsiya bildirgandi.

Xususan, diniy ma’rifat darajasini oshirish, uyushmalar erkinligini kengaytirish, o‘z fikrini erkin ifodalash huquqini himoya qilish, shuningdek, qonun ustuvorligini mustahkamlash, sud tizimi mustaqilligini ta’minlash kabi masalalarda o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashgandi.

Ahmed Shahin hokimiyat yangi “yo‘l xaritasi”ni amalga oshirishda inson huquqlari sohasidagi asosiy prinsiplarga rioya etishiga umid bildirdi. U O‘zbekistonga o‘zining ekspertlik ko‘magini ham taklif qildi.

Xalqaro ekspert o‘z bayonotida O‘zbekiston Prezidenti 5 may kuni imzolangan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 70 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar dasturi to‘g‘risida Farmon imzolaganini e’tirof etib, mazkur hujjatda qator, jumladan, huquqni himoya qilish sohasida xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni mustahkamlashga oid 38 ta aniq chora belgilab qo‘yilganiga urg‘u berdi.

BMT vakilining fikricha, O‘zbekistonda turli uyushmalarning uyg‘unlikda yashashi dinlararo munosabatlarni qo‘llab-quvvatlash va har bir inson o‘zligini namoyon etishi orqali jamiyatning ravnaq topishiga samarali asos yaratadi.

Bundan oldin Ahmed Shahin BMT yangiliklar xizmatiga bergan intervyusida O‘zbekiston Buyuk ipak yo‘lining bir qismi ekanligi, bu zaminda turli madaniyatlarga nisbatan bag‘rikenglik an’anasi qadrlanishini aytib o‘tgandi. U ayni chog‘da bir necha o‘n yil davom etgan sobiq ittifoq davrida diniy e’tiqod bosimga uchrashi natijasida diniy ma’rifat resurslari deyarli yo‘q bo‘lib ketganini qayd etgan.

BMT eksperti bugun diniy ma’rifatni tiklash zaruriyati bor deb hisoblaydi.

Uning fikricha, aks holda bu borada bo‘shliq hosil bo‘ladi. Oqibatda mamlakat 90-yillarda tashqi dunyoga ochilgani kabi bu yerga turli, xususan, dinni niqob qilib olgan buzg‘unchilik g‘oyalari osongina kirib kelishi mumkin.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?