Ahmed Bashar SHEN: «Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslari jahon miqyosida e’tirofga loyiq»

11:05 26 Aprel 2018 Siyosat
1168 0

Turkiya — mamlakatimiz tashqi siyosatida alohida o’ringa ega. Ushbu davlat O’zbekiston Respublikasi mustaqilligini birinchi bo’lib tan olgan. Qolaversa, o’zbek hamda turk xalqlarini azaliy do’stlik, birodarlik va qardoshlik rishtalari o’zaro bog’lab turadi. Har ikki xalq ham turkiy tilda so’zlashuvchilar bo’lib, ularning madaniyati, dini hamda urf-odatlari bir-biriga juda yaqin.

Yana bir muhim jihati, Turkiyaning rivojlangan sanoati, transport kommunikatsiyalari, dengiz yo’llari, qishloq xo’jaligi, turizm salohiyati, davlatchilik borasidagi yuksak tajribasi O’zbekiston uchun muhim ahamiyatga ega.

Muxbirimizning Turkiyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Ahmed Bashar ShEN bilan uyushtirgan eksklyuziv suhbati ikki tomonlama munosabatlarning yangi davri haqida bo’ldi.

— Elchi janoblari, O’zbekiston hamda Turkiya o’rtasidagi munosabatlar bugun butunlay yangi sur’atlarda rivoj topmoqda. Ikki davlat rahbarlarining o’zaro muloqotlari ham muntazamlik kasb etayapti. O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning o’tgan yili Turkiyaga amalga oshirgan davlat tashrifi tarixiy ahamiyatga ega voqea bo’ldi. Oradan bir qancha muddat o’tganiga qaramay, ana shu tashrifni, uning samaralarini ekspertlar, keng jamoatchilik alohida e’tirof qilmoqda. Shu haqda Sizning ham fikrlaringizni bilmoqchi edik?

— Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 25 — 27 oktyabr kunlari Turkiyaga amalga oshirgan davlat tashrifi ikki tomonlama munosabatlarimizning kelajagi nuqtai nazaridan burilish nuqtasi bo’ldi. Dastlab muhtaram Prezidentimiz Rejep Tayyip Erdo’g’onning 2016 yil Samarqandga amalga oshirgan tashrifi, keyinroq O’zbekiston rahbarining Turkiyaga tarixiy tashrifidan so’ng o’zaro aloqalar strategik sheriklik darajasiga ko’tarildi. Natijada har qanday sohada munosabatlarimiz tobora mustahkamlanmoqda.

Ushbu tashrif doirasida, shuningdek, turli idoralar va tashkilotlar o’rtasida jami 22 ta bitim imzolandi. Ayni paytda ikki davlat Prezidentlari tomonidan kelishib olingan masalalar ham elchixonamiz, ham mamlakatlarimizning boshqa idora-tashkilotlari tomonidan qat’iy nazorat etib kelinmoqda. Shu yo’l bilan kelishuvlarni amalda joriy qilish, ularning qog’ozda qolib ketmasligi uchun astoydil intilayapmiz. Bu borada ma’lum muvaffaqiyatlarga erishganimizni ham aytib o’tish kerak. Chunonchi, ikki tomonlama savdo jadal rivojlanayotir.

Deyarli har hafta Toshkentda turkiyalik turli tarmoq tadbirkorlaridan iborat delegatsiyalarni kutib olmoqdamiz. O’zbekistonda turk investitsiyalari miqdorini oshirish bo’yicha choralar ko’rayapmiz. Ikki davlat fuqarolarining o’zaro tashriflari salmog’i ham kun sayin ko’paymoqda. Yaqin kelajakda aviatashuvlar soni ortishi hamda O’zbekistonga keladigan turk sayyohlari safi ham sezilarli darajada kengayishi kutilayapti.

— Yaqin kunlarda yurtimizga Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdo’g’onning kelishi rejalashtirilgan. Mazkur tashrifdan nimalar kutilmoqda?

— Yuqorida ta’kidlaganimdek, Prezidentlarimizning doimiy muloqotlari Turkiya va O’zbekiston o’rtasidagi munosabatlarga yangi sur’at bag’ishladi. Davlatimiz rahbari janob Rejep Tayyip Erdo’g’onning amalga oshiradigan tashrifi Turkiya hamda O’zbekiston o’rtasida oxirgi 1,5 yil ichida oliy darajada amalga oshirilgan uchinchi tashrif bo’ladi. Mana shu uch tashrifning o’ziyoq o’zaro hamkorlik aloqalarimiz erish-
gan darajani ko’rsatmoqda. Prezidentlar bu kabi tashriflardan tashqari, telefon va boshqa imkoniyatlar orqali tez-tez muloqot qilib, o’zaro fikr almashib turibdilar. Bu ham ikkala davlat etakchisining mamlakatlarimiz o’rtasidagi munosabatlarni har sohada rivojlantirish uchun irodalari benihoya kuchli ekanini ochiq-oydin namoyon etayapti.

Bundan tashqari, ushbu tashrif 15 yildan so’ng Turkiya Prezidentining O’zbekiston poytaxti bo’lmish so’lim Toshkent shahriga amalga oshiradigan birinchi davlat tashrifi bo’lishi jihatidan ham tarixiy ahamiyatga ega.

Hurmatli Prezidentimizning  yaqin kunlarda amalga oshiradigan tashrifi chog’ida avval qabul qilingan qarorlar ijrosi ko’rib chiqiladi hamda Turkiya — O’zbekiston munosabatlarini qardoshlik, tenglik, o’zaro ishonch, har ikki tomonning manfaatlari asosida yanada yuqori darajalarga olib chiquvchi muhim qarorlar imzolanadi. Tashrif doirasida iqtisod, savdo, huquq, ta’lim, madaniyat va ilmiy hamkorlik singari ko’plab sohalarni o’z ichiga olgan bir qancha bitimlarning imzolanishi ko’zda tutilmoqda. Shu yo’l bilan strategik darajaga chiqarilgan aloqalarimizning yanada chuqurlashishi hamda Strategik sheriklik mexanizmi doirasida institutsializatsiyalashishi borasida muhim qadamlar tashlanishi mumkin bo’ladi.

Janob Prezidentimizga hamrohlik qiluvchi delegatsiya a’zolari orasida vazirlarimiz, deputatlarimiz, tegishli idoralar va tashkilotlar rahbarlari bilan bir qatorda, yuzdan ortiq ishbilarmonlarimiz ham o’rin olgan. Janob Prezidentlarimizning ishtiroki bilan o’tkaziladigan biznes forumida savdo-iqtisodiy hamkorligimizni yanada rivojlantirish borasida muhim odimlar tashlanadi. Bundan tashqari, dolzarb mintaqaviy hamda xalqaro masalalarda ham hamkorlikning kuchaytirilishi kutilmoqda.

Davlat rahbarlari darajasidagi tashriflar doimo muhim o’ringa ega. Biroq Turkiya va O’zbekistonning muhtaram Prezidentlarining tashrifi yana ham katta ahamiyat kasb etayapti. Chunki turk xalqi O’zbekistonni ota yurti, O’zbekiston xalqini qardosh xalq, O’zbekiston Respublikasini qardosh davlat sifatida ko’radi. Bu tashrif hamda muloqotlar aslida xalqlar o’rtasida mavjud bo’lgan bir necha yuz yillik mustahkam rishtalarning aks etishidir. Prezidentlar xalq va davlat vakilidirlar. Prezidentlarimizning uchrashishi ham aslida xalqlarimizning bir-biriga quchoq ochishi ramzidir.

— O’z faoliyatingiz davomida O’zbekiston bilan Turkiya o’rtasidagi hamkorlikning qaysi yo’nalishlarini rivojlantirishni ustuvor vazifa, deb hisoblaysiz?

— Turkiya bilan O’zbekiston tarixiy rishtalari bir, mushtarak madaniy merosga ega qardosh mamlakatlardir. Bunday baquvvat ildizlari bor ikki yurt o’rtasida har sohada hamkorlikning mustahkam bo’lishiga ehtiyoj katta. Turkiya hamda O’zbekistonning maqsadlari, munosabatlari, salohiyati shundayki, biron sohani alohida ustuvor deb ajratish mushkul. Hamkorligimizni har jabhada jadal rivojlantirishimiz — asosiy vazifalarimizdandir. Ayni paytda O’zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar va turk tadbirkorlarining intilishlari natijasida iqtisodiyot hamda savdo tarmoqlari izchil rivoj topayapti. Shuningdek, harbiy, madaniy, ta’lim va jinoyatga qarshi kurashish borasida qator umumiy loyihalar tayyorlanmoqda. Umuman olganda, har bir sohada hamkorlikni rivojlantirish uchun harakat qilayapmiz. Qardosh xalqlar vakillarining bir-birlari yurtlariga tashrif buyurib, o’zaro yaqindan tanishishlarini, ya’ni sayyohlik sohasi rivojlanishini muhim, deb hisoblaymiz.

— Bilasiz, O’zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017 yil sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi nutqida islom dinining asl insonparvarlik mohiyati haqida atroflicha to’xtaldi. Yuksak minbardan turib aytilgan ushbu so’zlar, shubhasiz, islom diniga e’tiqod qiluvchi xalqlar o’rtasida katta aks sado berdi. Masalan, davlatimiz rahbari o’z chiqishini yakunlaganidan keyinoq o’sha yerning o’zida birinchi bo’lib Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdo’g’on Yurtboshimizni tabriklagan edi. Ayting-chi, O’zbekistonda islom dinini yanada rivojlantirish bo’yicha amalga oshirilayotgan ishlarni Turkiya hukumati qanday baholaydi?

— “Tinchlik” ma’nosini anglatuvchi islom dini bilan terror bir paytning o’zida yodga olinishga yo’l qo’yib bo’lmasligi har fursatda ta’kidlab kelinmoqda. Shuning uchun Prezident Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasi 72-sessiyasidagi nutqida o’rin olgan insonparvarlik, ezgulik va tinchlikka yo’g’rilgan islom dini haqidagi so’zlari muhtaram Prezidentimiz Rejep Tayyip Erdo’g’onning yondashuviga o’ta mos kelib, ikki davlat rahbarlarining tafakkur o’xshashligini namoyon etayotir. Bag’oyat ahamiyatli bu mavzuda Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan hamfikr ekanliklarini mamnuniyat bilan ko’rib turibmiz.

O’zbekiston o’z tarixi, madaniyati, aholisi hamda jug’rofiyasi bilan buyuk davlat hisoblanadi. Imom al-Buxoriy, Bahouddin Naqshband, Hakim at-Termiziy va yana ko’plab islom ulamolarining yashab, shu’la taratgan markazi — shu O’zbekistondir. Bunday boy merosga ega yurtingizning islom dini ma’rifatini yuksaltirishga doir barcha sa’y-harakatlari juda katta ahamiyatga ega. Prezident Shavkat Mirziyoyevning bu boradagi tashabbusi jahon hamjamiyatida islom dini bo’yicha ma’lumotga ega bo’lish darajasini ko’tarishga o’z hissasini qo’shmoqda. Qolaversa, bu Turkiya tomonidan yaqindan kuzatilib, yuqori baho berilmoqda. O’zbekiston xuddi o’tmishda bo’lgani kabi kelajakda ham islomni to’g’ri tushuntirish hamda dunyoga to’g’ri aks ettirish uchun ko’riladigan choralar jihatidan ham muhim ahamiyatga ega bo’ladi. Shu nuqtai nazardan, O’zbekistonda Imom al-Buxoriy nomidagi xalqaro tadqiqot markazini tuzish, Toshkentda Islom tsivilizatsiyasi markazi, O’zbekiston xalqaro islom universiteti ochilishini sidqidildan qo’llab-quvvatlaymiz.

— O’zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan yaqinda turkiyalik fuqarolarning mamlakatimizga 30 kun davomida vizasiz kelishi yo’lga qo’yildi. Ikki davlat o’rtasida sayyohlik sohasidagi hamkorlikning rivoji to’g’risida nimalar deya olasiz?

— O’zbekiston fuqarolari uchun 2007 yildan buyon Turkiyaga vizasiz kirish tartibini joriy qilgan Turkiya vizasiz sayohat imkonining ahamiyatini juda yaxshi biladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev imzolagan Farmon bilan turk fuqarolari uchun vizasiz rejim yordamida ham tadbirkorlarimiz, ham sayyohlarimiz, qolaversa, sayyohlik sohasida ish yurituvchi malakali mutaxassislarimizning O’zbekistonga kelishi osonlashdi. Mazkur hujjat bizning yurtda katta xursandchilik bilan kutib olindi. Prezidentimiz bu tashabbus uchun Prezident Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga qo’ng’iroq qilib, minnatdorligimizni bildirganlar.

O’zbekistonni o’zi uchun kashf etib, uning tarixini chuqur o’rganmoqchi bo’lganlar, umuman, ajdodlar tarixiga qiziqqan fuqarolarimiz avvalgi viza qoidasiga qaramay, O’zbekistonga tashrif buyurishdan ortga chekinmaganlar. Vizasiz rejim qarori imzolanmasidan avval, 2016 yilda taxminan 40 ming, 2017 yilda esa 49 ming nafarga yaqin turkiyaliklar O’zbekistonga keldi. Boshqacha aytganda, ikki yillik o’sish sur’ati 22 foizdan ortiqni tashkil etdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning ushbu tashabbusidan so’ng bu ko’rsatkichning jadal ortishiga ishonchimiz komil. Shuningdek, “Turk havo yo’llari”ning 2018 yil 16 mart kuni boshlangan Istanbul — Samarqand aviaqatnovi ham bunga o’z hissasini qo’shadi. “O’zbekiston havo yo’llari” Milliy aviakompaniyasi parvozlari bilan ikki mamlakat orasidagi haftalik parvozlar soni jami 20 tadan oshadi. Mazkur miqdorni yanada ko’paytirish, boriladigan shaharlar ro’yxatini kengaytirish bo’yicha ish yuritayapmiz. Bu o’zgarishlar, shak-shubhasiz, sayyohlik sohasidagi hamkorligimizni hamda xalqlarimiz o’rtasidagi rishtalarni mustahkamlaydi va O’zbekiston taraqqiyotiga hissa qo’shadi.

Boy madaniy merosga ega O’zbekiston sayyohlik uchun juda qulay imkoniyatlarga ega. Buyuk Ipak yo’lining tarixiy javohirlari bo’lmish Samarqand hamda Buxoro, din ulug’lari va ilm arboblari yashab o’tgan Movarounnahrning qadim kentlari — Xiva hamda Shahrisabz, Qo’qon jahonning muhim sayyohlik markazlariga aylanishi mumkin. Shu sababli, O’zbekistonning turizm sohasida ham jadal rivojlanishiga ishonchim komil.

Turkiyada sayyohlik tarmog’iga “Mo’risiz sanoat” deb qaraladi. Turkiya bir yilda 36 million sayyohni qabul qiladi va ushbu sohadan 34 milliard AQSh dollari miqdorida daromad ko’radi. Bu borada jahonda 6-o’rinni egallashdek muvaffaqiyatga erishib, sayyohlik infratuzilmasini yanada rivojlantirish yo’lidan bormoqda. Turizmni rivojlantirish masalasida ham Turkiya idoralari hamda xususiy sektori O’zbekiston bilan ma’lumot va tajriba almashmoqda, turizm hamda mehmonxonalarni boshqarish sohalarida tez-tez muloqotlar amalga oshirilmoqda. Qator va turfa loyihalar ustida birgalikda ish yuritayapmiz.

Bundan tashqari, mamlakatlarimiz o’rtasida tarmoqlararo hamkorlik orqali kuchaytiriladigan turizm nafaqat bizning, balki boshqa davlat fuqarolariga ham ilmu irfon, madaniyat, tarixning yuragi beshigi bo’lgan bu zaminga kelib, mazkur betakror yurt bilan yaqindan tanishish imkonini beradi.

«Xalq so’zi» muxbiri
Omonulla FAYZIYEV suhbatlashdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?