“Ahmadboyning singlisi” hammani chuv tushirdi

19:03 28 Fevral 2019 Jamiyat
1067 0

Illyustrativ foto

Aynan shu sarlavhada mahalladosh.uz maqola eʼlon qildi.

“Toʻkis hayot kechirish — tinimsiz mehnat va sabr-toqat talab qiladi. Agar biror kimsa sizga oson boyish, moʻmay daromad topishni taklif qilsa, bilingki, siz firibgarga duch keldingiz. Dunyoda jinoyat turlari ichida eng koʻp uchraydigani ham firibgarlikdir.

Yodingizda boʻlsa, avvalroq Ahmadboy bilan bogʻliq yirik moliyaviy piramida shaklidagi firibgarlik ortida anchagina mashmashalar sodir boʻlgandi. Aybdorlar tegishli jazosini olgandi. Ammo bu bilan firibgarlik jinoyati va unga chuv tushayotganlar kamaygani yoʻq. Ayniqsa, soʻnggi paytlarda firibgarlik xotin-qizlar oʻrtasida koʻpaygani achinarli. Samarqand viloyati Payariq tumanidagi Qumchuq mahallasida sodir etilgan yirik firibgarlik jinoyati ham shular jumlasidan.

Bir qop shakarga aldanganlar

Erta tongdan onasini qoʻmsab yigʻlayotgan 3 yoshli nevarasini ovutolmay, Mastura aya (ism-familiyalar oʻzgartirilgan) ham oʻzini yigʻidan tutib turolmadi. Qarigan chogʻida halovati yoʻqoldi. Ustiga-ustak, kuni kecha katta nevarasi maktabdan yigʻlab qaytdi. “Sening onang hammaning pulini aldab olib qoʻygan”, deya sinfdoshlari ajratib qoʻyganmish. Mahalladagilar ham qizi Barnoga “Ahmadboyning singlisi” deb laqab qoʻyib olishgan. Barno ayni farzandlariga kerak boʻlgan paytda umrini panjara ortida oʻtkazayotgani Mastura ayaning qaddini bukib qoʻydi. Qizining qilmishlaridan soʻng onaxon koʻchaga ham chiqolmay qoldi...

...Bir paytlar Barno ham barcha qatori risoladagidek oila qurgan edi. Uyi yaqinidagi kollej kutubxonasida kutubxonachi boʻlib ishlardi. Ketma-ket uch farzandli boʻldi. “Roʻzgʻor — gʻor”, deganlaridek, bora-bora erining topish-tutishidan koʻngli toʻlmadi. Oʻylay-oʻylay, oʻzini savdo-sotiqqa urdi. Doʻkon ochib, ayollar liboslarini sota boshladi. Har bir ishning qiyinchiligi boʻlgani kabi savdoning ham oʻziga xos mashaqqatlari borligini angladi. Shundan soʻng tezda boyib ketish yoʻllarini qidira boshladi. Turli rejalar miyasida charx urib aylanardi.

Koʻp oʻtmay, barchaning nazdida tijorat ishlari bilan shugʻullanayotgan boy ayoldek koʻrinishga kirib, yonidagilarning ishonchiga kirdi. Pulini koʻpaytirib qaytarish evaziga boshqa tadbirkorlardan pul ola boshladi. Avvaliga pul berganlarga kelishuv uchun bir qopdan shakar, kattaroq mablagʻ berganlarga esa mebel anjomlarini hadya etdi. Uning saxiyligidan tez orada boshqalar ham xabar topdi. Endi odamlarning oʻzlari pullarini olib kelib beradigan boʻlishdi.

“Ming dollarni ikki ming qilib beraman...”

Doʻkoni yonidagi ikki qavatli binoda uch aka-uka savdo-sotiq ishlari bilan shugʻullanardi. Barno ularga ham pullarini koʻpaytirib berishni taklif qildi.

— Agarda ming dollar bersangiz, ikki oyda ikki ming dollar qilib qaytaraman, — dedi Barno. — Yana koʻp mablagʻ uchun alohida “bonus”lar ham bor.

Avvaliga aka-ukalardan rad javobini olgan boʻlsa-da, koʻngillariga choʻgʻ tashlab qoʻyganini sezdi. Koʻp oʻtmay, aka-ukalar halovatini yoʻqotishdi. Bir-biriga bildirmagan holda yiqqan mablagʻini Barnoning qoʻliga tutqazishdi. Qizigʻi shundaki, ularning umr yoʻldoshlari ham yashirin tarzda Barnoga yiqqan pulini olib kelib berishdi. Kunlarning birida ovsinlar bir-biriga bergan qarz ustida janjallashib qolishdi. Hammasi ana shundan keyin boshlandi.

— Buncha, beraman shu pulingizni. Barnoga berganman, ertaga borib olaman. Ikki baravar qilib beraman degan, — dedi katta ovsin kichigiga.

Ammo ovsinlar har qancha urinmasin, Barnoni topisholmadi. Uyiga borsa — uyida, doʻkoniga kelsa — doʻkonida yoʻq edi. Xullas, bitta oila, yaʼni uch aka-uka va xotinlari 90 ming AQSH dollariga chuv tushishganini kech anglashdi. Bu paytda Barno ishlari oʻzi kutmagandan-da yurishib ketganidan sarmast edi. Oʻylab oʻtirmasdan kim pul bersa, olaverdi. Ammo “koʻza kunda emas, kunida sinadi”, deganlaridek, koʻp oʻtmay, “pulimni qaytarib ber”, deya eshigini taqillatib keladiganlar koʻpaydi...

“Mahallaga qilingan shikoyat orqali bildik”

— Barnoning qilmishlaridan yigʻinga shikoyat qilib kelgan ayol orqali xabar topdik, — deydi Qumchuq mahallasining xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash boʻyicha mutaxassisi Nigora Murodillayeva. — Maʼlum boʻlishicha, Barno u ayolga arzon narxda yer-uchastka olib beraman degan. Ayol bor pulini uning qoʻliga topshirgan. Uchastkadan darak boʻlavermagach, pulini olishga borsa, Barno tan olmabdi. Mahalla raisi, profilaktika inspektori bilan birga bordik. Maʼlum boʻlishicha, Barno koʻpchilikning pulini aldov yoʻli bilan olishga ulgurgan ekan. Pulini ololmagan ayol janjallashib, uning uyidagi baʼzi jihozlarni olib ketdi. Barno bilan yuzma-yuz gaplashganimizda: “oʻzim ham bir kishiga aldanib qoldim”, dedi. Ortiqcha gapirmadi. Hozirda u jazo muddatini oʻtamoqda. Bolalariga onasi qarab turibdi. Turmush oʻrtogʻi farzandlaridan tez-tez kelib xabar oladi.

Buni qarangki, ayolning firibgarligi haqida hamma xabar topib, mish-mishlar keng tarqalsa-da, mahalla faollari bundan bexabar qolgan. Uning xonadoniga har kuni oʻnlab kishilar pul berib ketgan, vaqt oʻtgach, mablagʻini soʻrab janjal-toʻpolonlar qilgan. Ammo masʼullarning hech biri buni sezmagan, koʻrmagan.

Achinarlisi, Barnoning turmush oʻrtogʻi va otasi ham doimo savdo ishlariga yordamlashib kelishgan. Ammo ular ham ayolning firibgarlik qilayotganidan bexabar qolganini aytishmoqda. Aslida har qanday erkak ayolining nima qilayotganidan xabardor boʻlishi kundek ravshan-ku. Ayol shuncha pulni olsa-yu, yonidagi umr yoʻldoshi bexabar qolishi haqiqatdan yiroq. Yoki otani oʻz qizining bosayotgan qadami nahotki oʻylantirmagan boʻlsa?!

Qonun hamma uchun barobar. Huquqni muhofaza qiluvchi organlarga firibgar ayol ustidan oʻnlab shikoyatlar kelib tushgach, unga nisbatan jinoiy ish ochildi. Sud tomonidan tegishli jazo tayinlandi.

Maqolani tayyorlayotgan paytimiz Barnoning jazoni ijro etish muassasasida koʻzi yorigani haqida eshitdik. U oʻgʻil farzandli boʻlibdi. Achinarlisi, tugʻilgan goʻdak ulgʻaygach, kelajakda oʻzining panjara ortida dunyoga kelganini eshitsa, qay ahvolga tushishi haqida Barno hech oʻylab koʻrganmikan? “Xalqimizda birovning haqi buyurmaydi” degan naql bejizga aytilmagan. Shuncha aldov bilan olingan pullar unga nasib etarmikan?”


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?