Ahmad Zohir nimadan qo‘rqqan?

15:07 10 May 2018 Madaniyat
799 0
Foto: youtube.com

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev va Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Ashraf G‘ani o‘rtasidagi oliy darajadagi uchrashuvlar ikki davlatning hamkorlik aloqalarini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. O‘zbekiston hukumati Afg‘oniston zaminida tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, o‘zaro manfaatli do‘stona munosabatlarini kengaytirish  tarafdori. Davlatimiz rahbari BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so‘zlagan nutqida Afg‘onistondagi vaziyatni siyosiy yo‘l bilan hal etish lozimligiga jahon hamjamiyati etiborini qaratgani ham ana shundan dalolatdir. Toshkentda bo‘lib o‘tgan “Tinchlik jarayoni, havfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzuidagi xalqaro anjuman bu boradagi amaliy intilishlarga yangicha ruh baxsh etdi.

Mazkur anjuman bo‘lib o‘tayotgan kunlarda ijtimoiy tarmoqlar, saytlar orqali afg‘onistonlik Majid Ando‘yning “O‘zbegim farzandiman” degan qo‘shig‘i bot-bot yangradi. Bu dilbar qo‘shiq qisqa vaqt mobaynida minglab yurtdoshlarimiz qalbidan joy oldi, desak mubolag‘a emas. 

So‘rsangiz aslu nasab mendan, zamon farzandiman,
Millati o‘zbek, buyuk Sohibqiron farzandiman...

Ushbu misralar boshlanuvchi bu xonishning dillarimizdan joy olgani bejiz emas. Zero, afg‘on va o‘zbekning san’ati, ohangi, navolari bir-biriga yaqin. Afg‘onistonda bizning xonandalarimiz qo‘shig‘i qanchalik qiziqish va e’tibor yuksak bo‘lsa, O‘zbekistonda ham ularning hofizlarini sevib tinglaymiz. Xalqimiz, ayniqsa, Ahmad Zohirni alohida qadrlaydi.   

Ahmad Zohir 1946 yilning 14 iyunida Kobul shahrida tug‘ildi. Otasi, Nyu-Yorkdagi Kolumbiya universitetini bitirgan Abdul Zohir shoh saroyining doktori edi. U turli yillarda mamlakat sog‘liqni saqlash vaziri, Bosh vazir, parlament raisi bo‘lgan, 1964 yilda yozilgan Afg‘oniston konstitutsiyasining mualliflaridan biri edi.
Ahmad 1960-yillarda Kobulning Habibiya maktabida o‘qir ekan, Umar Sulton, Farid Zalanda, Kabir Huvaydo singari do‘stlari bilan guruh tuzib, akkordeon chalib, qo‘shiq aytar edi. Ularning guruhi keyinchalik “Habibiya maktabi guruhi” sifatida bayramlarda chiqish qila boshladi.

Maktabdan so‘ng o‘qituvchilar kollejini bitirgach, ingliz tili muallimi darajasini olish uchun ikki yil Hindistonda ham o‘qidi. Ahmad Zohir Hofiz, Sa’diy, Bedil, Jaloliddin Balxiy kabi mashhur fors shoirlarining g‘azallarini kuylay boshladi. U ayniqsa, Jaloliddin Rumiy ijodiga katta muhabbat bilan qarar edi. 

Ahmad Zohir o‘n yil ijod qildi. Ammo shu qisqa fursatda 30 dan ortiq albom chiqardi. Dariy, pushtun, hind, ingliz tillarida qo‘shiqlar kuyladi. Dunyoda bu borada unga teng keladigan san’atkor yo‘q. Yiliga uchtadan, ba’zan to‘rtta albom chiqarish haligacha hech kimga nasib qilmagan. Qo‘shiqchilar qiroli bundan ellik yil burun, hozirgi sharoitlar, endigi cholg‘u asboblari-yu kompyuterlar, zamonaviy ovoz yozish studiyalari bo‘lmagan zamonda ba’zi albomlarini bor-yo‘g‘i bir kunda yozib bitirgan. 14-15 ta qo‘shiqni jonli ijroda, sozandalar jo‘rligida bir kunda yozib tugallashni tasavvur qilib ko‘ring. 

Shunchalik iqtidor egasi mas’uliyatni, muxlis oldidagi javobgarlikni bir zum bo‘lsa-da, unutmagan. Aytishlaricha, bir kuni uni markaziy televideniyega chaqirishadi. O‘shanda hofiz efirga uzatiladigan bir qo‘shiqni 47 marta qayta-qayta yozdirgan ekan. Buning sababini so‘rashganida, u: “Tomoshabin ko‘ziga oddiy xirgoyichi sifatida ko‘rinishdan qo‘rqaman. Muxlis san’atkorning qanoti, u bo‘lmasa biz parvoz qilolmaymiz” degan ekan. Tiriklik chog‘idayoq dovrug‘i olamga yoyilgan Ahmad Zohir tinglovchini shunchalik hurmat qilgan ekan, uning yuqoridagi fikrlaridan bizning savodi haminqadar, ammo kibri samoqadar bo‘lgan ba’zi xonandalarimiz o‘rnak olsa arziydi...   
Ahmad Zohirning shuhrati butun dunyoga yoyilgani uchun ham Afg‘onistonda qo‘shiqchilik san’atiga ehtirom ortdi. 

Ahmad Zohirni forsiyzabon mamlakatlar birdek sevishar, konsert berishga chaqirishar edi. Uni Pokiston, Eron, Hindiston, Tojikistonda ham sevar edilar. Ahmad Zohir Rossiyada ham konsert bergan, Rossiya televideniyesi uni namoyish qilgan.

Uning qo‘shiqlarini barcha mamlakatlar, hatto G‘arbda ham kuylashadi, ohanglari asosida qo‘shiqlar yaratishadi. O‘zbek shinavandalari O‘zbekiston xalq artistlari Sherali Jo‘rayev, Ortiq Otajonov, Bobomurod Hamdamov, Nasiba Abdullayeva, Mardon Mavlonov va boshqa ko‘plab xonandalar ijrosida Ahmad Zohir qo‘shiqlarini tinglashgan. 
Ahmad Zohir aynan tug‘ilgan kunida, 1979 yilning 14 iyun kuni Salang dovonida avtohalokat tufayli nobud bo‘ldi. O‘sha kuni Kobul ko‘chalarida harakat to‘xtadi. Barcha ta’lim muassasalarida o‘qish, barcha korxonalarda ish to‘xtadi. Afg‘on xalqi erka qo‘shiqchisi Ahmad Zohir bilan vidolashgani chiqdi. Uni xalq bugungi kunga qadar ziyorat qilayotgan “Solih shahidlar” qabristoniga dafn etishdi.
Ahmad Zohirning xotini, o‘g‘li Rishod, qizi Shabnam ham Amerikada yashaydi. Rishod Zohir xuddi ikki tomchi suvdek Ahmad Zohirga o‘xshaydi. Ahyon-ahyonda otasi kabi qo‘shiq aytib turadi.

Ahmad Zohir serqirra iste’dodi, dunyoqarashining kengligi, namunali xulqi bilan boshqalardan ajralib turgan. Musiqani astoydil xushlagani bois ulug‘ hind bastakori Ravi Shankaning ijodiy faoliyatini qunt bilan o‘rgangan bo‘lsa, she’riyatga bo‘lgan muhabbati tufayli 20 asr fors she’riyatining yorqin namoyandasi Furug‘ Farruxzodaning barcha she’rlarini deyarli yod olgan. Falsafaga qiziqqani uchun Eynshteynni qunt bilan o‘qigan, sharq allomalari va so‘fiylar hayotini o‘rgangan. 
Bugungi kunda ham afg‘on yoshlari Ahmad Zohirni bir dam bo‘lsa-da, unutishgani yo‘q. Ular ulug‘ hofizning qo‘shiqlarini sevib kuylashadi, Ahmad Zohir qo‘shiqlari bo‘yicha tanlov o‘tkazishadi. Sof muhabbat, insoniy fazilatlarni chin dildan kuylagan san’atkor qo‘shiqlari boshqa millatlar, ayniqsa, o‘zbeklar tomonidan ham mehr va sog‘inch bilan tarannum etilishi hamda tinglanishi urf-odati, san’ati, navosi bir xalqlarni o‘zaro jips, ahil-inoq bo‘lib yashashga undashi bilan alohida ahamiyat kasb etadi. 

Maqsud JONIXONOV
 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?