Ahmad Temirov, Vohidjon Isoqov oʻrnatilgan tartibda jarimaga tortilganidan xabarimiz bor, biroq... — senator

11:52 17 Sentyabr 2020 Siyosat
571 0

Keyingi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda «Bravo» jamoasi vakili Ahmad Temirov hamda Vohidjon Isoqovlarning nikoh toʻylari tasvirlangan video va fotolavhalar tarqalayotganiga guvoh boʻlmoqdamiz.

Albatta, yoshlarimizni yangi oila ostonasiga qadam qoʻyganliklari bilan tabriklayman. Ammo koronavirus balosi hali oʻz taʼsir kuchini koʻrsatib, kundan-kunga kasallanish ortib borayotgan bir vaqtda maxsus komissiya talablariga zid ravishda 30 kishidan ortiq mehmonlarni yigʻib, karantin tartib qoidalarga rioya etmaslik va oxir-oqibat yaqinlarimizning sogʻligʻini, hayotini xavf ostiga qoʻyish toʻgʻrimi?

Tabriklash uchun kelgan oʻndan ortiq sanʼatkorlarimiz hamda yuzga yaqin mehmonlarning ijtimoiy masofa saqlash, niqob taqish nima ekanligi yodlaridan ham chiqib ketganligini tarqalgan video va fotolardan yaqqol koʻrinib turibdi.

Ahmad Temirov, Vohidjon Isoqov oʻrnatilgan tartibda jarimaga tortilganidan xabarimiz bor, biroq bunday xatti-harakatlar “tartib qoidalarga zid ravishda mana shunday toʻy oʻtkazib, belgilangan jarimani toʻlab ketish bilan osongina qutilish mumkin” degan notoʻgʻri xulosalar shakllanishiga sabab boʻlishi yomon. Qolaversa, bunday tadbirlar kasallik tarqalishiga olib kelmaydi deb hech kim kafolat berolmaydi.

Axir xalq koʻz oʻngida yurgan, sanʼat olamiga daxldor odam boshqalardan koʻra madaniyatliroq boʻlishi, kerak boʻlsa, jamiyatidagi xayrli ishlar va yangiliklarni amalga oshirishga koʻproq hissa qoʻshib, yoshlarga oʻrnak koʻrsatishi kerak emasmi?

Bu kabi koʻra-bila turib tartib-qoidani mensimay buzganlar faqatgina maʼlum bir miqdorda jarima toʻlash bilan qutulishi yetarli emasdek, nazarimda. Jamiyat qoidalariga, insonlar hayotiga bunchalar bepisandalik bilan qarash koʻrinmas dushman bilan olishib jonlarini fido qilgan yuzlab shifokoru harbiylarimiz, yurtdoshlarimiz xotirasi va mehnatlariga nisbatan ham hurmatsizlik deb baholashga loyiq.

Ushbu holatlar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligiga Senator soʻrovi yuborildi va mazkur masala Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi tomonidan nazoratga olindi.

B.Sayfullayev,
Senatning Yoshlar, madaniyat va sport

masalalari qoʻmitasi raisi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?