Ahmad Xolid ELMIY: “Oʻzbekiston bilan doʻstlik va hamkorlik Afgʻonistonning boshqa xorijiy mamlakatlar bilan munosabatlari orasida oliy va yorqin darajadagisi boʻladi”

11:01 19 Avgust 2019 Jamiyat
231 0

19-avgust kuni Afgʻoniston Islom Respublikasi oʻz mustaqilligining yuz yilligini nishonlaydi. Ushbu sana oldidan mazkur mamlakatning Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Ahmad Xolid Elmiy bilan eksklyuziv intervyu uyushtirdik.

— Elchi janoblari, shu kunlarda Afgʻoniston xalqi muhim sana — Mustaqillik kunining 100-yilligini nishonlamoqda. Dastlab shuni soʻramoqchimiz. Ayting-chi, mazkur bayramni Afgʻoniston qanday kutib olmoqda va bu sana afgʻon xalqi uchun qanday ahamiyatga ega?

— Afgʻoniston mustaqillik kuni, shubhasiz, ushbu sarzaminda istiqomat qiladigan bir-biri bilan birodar boʻlgan xalqlar va elatlar uchun katta faxr boʻlib, afgʻon xalqi uchun ulugʻ tarixiy sanadir. Qolaversa, bobolarimizning gʻururi, gʻayrati va himmati balandligining nishonasidir. Shu sababli mazkur sana har yili shukuh bilan nishonlanadi. Tarixiy gʻurur va faxrimiz boʻlgan bu bayramni nishonlash mushtarak Vatanda istiqomat qiladigan xalqlar va elatlarni birdamlik, tarixni tushunish hamda his etishga, yakdillik va birodarlikka chorlaydi. Xalqimiz ushbu faxr va gʻururni his etib, bu ulugʻ neʼmatni asrash yoʻlida oʻz zimmasiga masʼuliyat olgan. Shu bois yagona tarixiy maqsadga erishish yoʻlida hozirgi va kelajak avlodlar birdam boʻlishimiz, mustaqillik hamda milliy suverenitetni asrashimiz, birodarlik, yakdillik, bagʻrikenglik ruhini saqlashimiz, istiqlol va ozodlik sadolarini xalqimiz qalbida doimo jaranglab turishiga erishishimiz lozim. Muhimi, xorijiy tajovuzlarga qarshi bobolarimiz kabi fidokor boʻlishimiz hamda mamlakat istiqloli va ozodligini asrab-avaylashimiz zarurdir.

Afgʻoniston mustaqilligi qayta tiklanganligining 100-yilligi bayram shodiyonalari Prezident saroyida boʻlib oʻtadi. Ushbu kun Kobul shahrida katta tantanaga aylanadi, xalq sayli uyushtiriladi, mamlakat Prezidenti televideniye orqali afgʻon xalqiga tabrik yoʻllaydi hamda mustaqillik kuni munosabati bilan Mustaqillik minorasi poyiga davlat rahbari tomonidan gulchambar qoʻyiladi. Kobul shahrida harbiy parad oʻtkaziladi, Afgʻonistonning barcha hududi davlat bayrogʻi bilan bezatiladi, mamlakat oliy martabali shaxslari, chet ellik mehmonlar va Kobuldagi xorijiy mamlakatlar siyosiy vakolatxonalarining rahbarlari uchun tantanali ziyofat uyushtiriladi.

— Afgʻoniston noyob strategik transchegaraviy imkoniyatlarga ega, Markaziy Osiyoning ajralmas qismi boʻlgan mamlakat hisoblanadi. Shu maʼnoda, Oʻzbekiston Afgʻoniston bilan koʻp qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish, mamlakatda tinchlik va barqarorlikni barpo etish, uning iqtisodiyoti va transport infratuzilmasini tiklashga koʻmaklashish tarafdori. Hozirgi bosqichda mamlakatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlik surʼatini qanday baholaysiz?

— Bizning qoʻshni, chegaradosh, doʻst va birodar Oʻzbekiston bilan tarixiy, madaniy, diniy va til mushtarakligimiz mavjud. Shu bois Oʻzbekiston oʻz mustaqilligiga erishgan kundan boshlab, uning rahbariyati Afgʻoniston bilan yaxshi aloqalarni taʼminlashni maqsad etib, bunga amalda erishgan. Xususan, oʻtgan yillar mobaynida bu munosabatlar oliy darajaga koʻtarildi va Afgʻoniston Islom Respublikasi oʻzining tashqi siyosatida Oʻzbekiston Respublikasi bilan doʻstlikni ustuvor yoʻnalish sifatida belgilagan. Afgʻoniston Prezidenti taʼkidlaganidek, Oʻzbekiston bilan doʻstlik va hamkorlik Afgʻonistonning boshqa xorijiy mamlakatlar bilan boʻlgan munosabatlari oʻrtasida oliy va yorqin namuna boʻlishi lozim. Savdo-iqtisodiy, transport va infratuzilma hamda boshqa sohalarga oid imzolangan 30 dan ziyod bitim va shartnomalar ikki mamlakat oʻrtasidagi hamkorlik yanada rivojlanib borayotganidan dalolat beradi. Maʼlumki, Afgʻoniston Islom Respublikasi Prezidenti Muhammad Ashraf oʻani Janobi Oliylari va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylarining joriy yilning 13-iyunida Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo mamlakatlarning Bishkek shahrida oʻtkazilgan yigʻilishi doirasidagi uchrashuvida ikki mamlakat oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish va kengaytirish alohida taʼkidlandi. Ikki tomonlama savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash maqsadida joriy yilning 23-may kuni Termiz shahrida, 1 — 3-iyul kunlari Mozori-Sharif shahrida biznes forumlari oʻtkazildi. Shuningdek, 2019-yilning 15 — 18-iyul kunlari Toshkent shahrida biznes forumi va Afgʻonistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlar koʻrgazmasi tashkil etildi. Albatta, bunday anjumanlar Afgʻoniston va Oʻzbekiston oʻrtasida oʻzaro savdo aylanmasining oʻsishiga yordam beradi. 2019-yil 16-iyulida Toshkent shahrida Hukumatlararo savdo va iqtisodiy komissiyaning birinchi yigʻilishi oʻtkazilganligi, shubhasiz, iqtisodiy hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirishga koʻmak beradi. Mazkur anjumanlar va yigʻilishlar Afgʻoniston va Oʻzbekiston rahbariyatining ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan koʻrsatmalarini bajarishga xizmat qiladi. Oʻzbekiston Respublikasining Afgʻonistondagi infratuzilma loyihalarni, jumladan, Afgʻoniston uchun hayotiy ahamiyatga ega boʻlgan 500 kVt.li Surxon — Puli-Xumri elektr uzatish va Mozori-Sharif — Hirot yoʻnalishida temir yoʻl qurish loyihalarini amalga oshirishdagi saʼy-harakatlari tahsinga sazovordir. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining 2019-yil iyul oyida Mozori-Sharifga tashrifi chogʻida oʻzbek tomoni Surxon — Puli-Xumri elektr uzatish loyihasi uchun 45 mln. dollar miqdorida chegirma berishi haqida eʼlon qildi. Bu esa, oʻz navbatida, doʻst Oʻzbekistonning Afgʻonistonga boʻlgan ezgu niyatlari, samimiyligidan dalolatdir. Oʻzbekiston Respublikasining temir yoʻl sohasidagi boy tajribasini hisobga olib, afgʻon tomoni temir yoʻl sohasida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish tarafdoridir. Mozori-Sharif — Hirot temir yoʻl loyihasi Afgʻonistondagi yirik infratuzilma loyihalaridan biridir. Biz mazkur muhim ishni boshlash va amalga oshirishda ikki mamlakat har tomonlama hamkorlik qilishini istaymiz.

— Oʻzbekiston Afgʻoniston iqtisodiyotini tiklash va afgʻon xalqining turmush darajasini yaxshilash uchun katta saʼy-harakatlarni olib boryapti. Bu borada ulkan gumanitar loyihalar amalga oshirilmoqda. Sizning-cha, ular Afgʻonistonning hozirgi rivojlanishiga qanday taʼsir koʻrsatishi mumkin? Umuman, ikki tomonlama savdoni yanada oshirish uchun qanday choralar koʻrilishi kerak?

— Darhaqiqat, Afgʻoniston va Oʻzbekiston oʻrtasidagi savdo, iqtisodiy va investitsiya sohalaridagi hamkorlik ikki mamlakat munosabatlarining ustuvor yoʻnalishlari hisoblanadi. Ushbu sohalarda katta imkoniyatlar mavjud. Ulardan yanada samarali foydalanish maqsadida aniq va izchil choralar koʻrish lozim. Taʼkidlash joizki, 2018-yil yakunida oʻzaro savdo aylanmasi 600 mln. AQSH dollaridan oshgan. Afsuski, joriy yilning yanvar — may oylarida ushbu koʻrsatkich oʻtgan yilning shu davridagi raqamlardan 24,8 foiz kamaygan va 216 mln. AQSH dollarini tashkil etgan. Ikki mamlakatning jugʻrofiy joylashganligi, rivojlangan xalqaro transport dahlizlarining mavjudligi va boshqa tegishli omillarni hisobga olib, Afgʻoniston va Oʻzbekiston oʻzaro savdo aylanmasini 1,5 mlrd. dollarga yetkazish salohiyatiga egaligini taʼkidlash joizdir. Shu munosabat bilan ikki mamlakat eksport va import mahsulotlarini tashishda bojxona yoʻnalishida oʻzaro yengilliklar yaratish, chegara savdosini yoʻlga qoʻyish va rivojlantirish, ikki mamlakat biznes vakillarining koʻrgazmalarda ishtirokini faollashtirish, savdo va sanoat palatalari hamkorligini kengaytirish, oliy hamda yuqori darajalarda erishilgan kelishuvlar va biznes shartnomalarini amalga oshirish boʻyicha aniq choralar koʻrish taklif etiladi.

Shuningdek, transport va tranzit sohalaridagi hamkorlik muhim yoʻnalishlardan biri boʻlib, ikki mamlakat iqtisodiy manfaatlariga javob beradi. Afgʻoniston va Oʻzbekiston oʻrtasida xalqaro yuk tashishni yanada rivojlantirish maqsadida va qulay iqtisodiy hamda huquqiy sharoitlarni yaratish uchun Hukumatlararo yuk tashish bitimini imzolash maqsadga muvofiqdir. Bundan tashqari, Oʻzbekiston tomonidan Afgʻoniston eksport mahsulotlarini temir yoʻl orqali tranzit tashishda imtiyozlar va chegirmalar berilishi koʻzda tutilmoqda.

— Oʻzbek va afgʻon xalqlarini chuqur tarixiy va maʼnaviy rishtalar bogʻlab turadi. Afgʻonistondagi oʻzbeklar mamlakatdagi toʻrtinchi yirik etnik guruhdir. Shulardan kelib chiqib, davlatlarimiz oʻrtasidagi madaniy va gumanitar hamkorlik istiqbollari haqida ham toʻxtalib oʻtsangiz...

— Chindan ham, xalqlarimiz tarixiy, madaniy va diniy mushtarak qadriyatlarga ega va bu borada bir qancha ishlar amalga oshirilgan. Ushbu tarixiy uzviylik mavjudligiga qaramay bajarilgan ishlar yetarli emas va yanada koʻproq saʼy-harakatlar qilinishi lozim. Afgʻoniston va Oʻzbekiston oʻrtasida turizm sohasini rivojlantirish va afgʻonistonlik sayyohlarni jalb etish boʻyicha ishchi guruhi tuzishga kelishib olindi. 2018-yil Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi qoshida Oʻzbekiston va Afgʻoniston doʻstlik jamiyati tuzildi. Oʻzbekiston Prezidenti tashabbusi bilan afgʻon yoshlarini oʻqitishni qoʻllab-quvvatlash fondi faoliyati yoʻlga qoʻyilishi rejalashtirilgan va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakili ushbu mavzuni Hirot shahrida oʻtkazilgan anjumanda bildirdi. Ikki mamlakat uchun mushtarak boʻlgan ulugʻ shaxslar faoliyatiga bagʻishlangan anjumanlar (Abu Rayhon Beruniy, 2018-yil, Kobul shahri, Gavharshodbegim, Toshkent shahri) oʻtkazildi. Hozirgi kunda 27 nafar afgʻon farzandi Termiz shahridagi oʻquv markazida tahsil olmoqda. Yangi oʻquv yilida biz ushbu markazga 200 nafar afgʻon talabalarini yuborishni rejalashtirganmiz. Afgʻon tomoni temir yoʻl sohasida tahsil olayotgan talabalarining sonini 400 kishiga yetkazishni rejalashtirgan. Shuningdek, Afgʻonistondagi “Brishno Shirkat” idorasi energetika sohasida oʻqitish uchun 25 — 50 kishini Oʻzbekistonga yuborish niyatidadir. 96 nafar afgʻon talabasi oʻzbek tili va adabiyoti yoʻnalishida Termiz oʻquv markazida muvaffaqiyatli tahsil olib, oʻz yurtiga qaytdi. Afgʻoniston Prezidenti koʻrsatmasiga muvofiq, Kobul universitetida oʻzbek tili madaniy markazi tuzish rejalashtirilgan va talabalar hamda ilmiy xodimlarni oʻzbek tili va adabiyoti yoʻnalishida bakalavr, magistratura va doktorantura darajasida tahsil olish uchun Oʻzbekistonga yuborish va kelajakda oʻzbek tilida yozish va rasmiy ish yuritishda ulardan foydalanish koʻzda tutilgan. Shuningdek, mushtarak tarixiy obidalarni taʼmirlash va Abu Rayhon Beruniy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi buyuk allomalarning maqbaralarini obod etish borasida bir qator ishlar amalga oshirilgan.

— Joriy yilning noyabr oyida Toshkentda VIII Afgʻoniston boʻyicha mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik konferensiyasi (RECCA VIII) oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Bu anjuman afgʻon muammosining dolzarb masalalarini hal qilishda oʻzaro kelishilgan yondashuvlarni ishlab chiqish, Afgʻonistonning tinch va barqaror tiklanishi hamda rivojlanishiga koʻmaklashish, umuman, mintaqaviy va mintaqalararo miqyosda iqtisodiy integratsiyani rivojlantirish uchun umumiy saʼy-harakatlarni birlashtirishda samarali muhim platforma sanaladi.

Ayting-chi, mazkur tadbirda afgʻon delegatsiyasi qanday muammolarni koʻtaradi va afgʻon tomoni koʻp tomonlama uchrashuvdan nimani kutmoqda?

— Maʼlumki, jahon hamjamiyatining eʼtibori Afgʻonistonda tezroq tinchlik va barqarorlik oʻrnatishga erishish masalasiga qaratilgan va bugungi kunda tinchlik jarayonini yoʻlga qoʻyish boʻyicha xalqaro saʼy-harakatlar olib borilmoqda.

Aynan shu nuqtayi nazardan Afgʻoniston uchun mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik konferensiyasining sakkizinchi yigʻilishi (RECCA VIII) “Mintaqaviy oʻzaro bogʻliqlik va savdo-sotiq, bu — tinchlik va taraqqiyot sari yoʻl” mavzuida Toshkentda oʻtkazilayotgani ramziy maʼnoga ega.

Konferensiyada Afgʻonistondagi yirik iqtisodiy loyihalarni mintaqa va dunyo mamlakatlari bilan birgalikda amalga oshirishni muhokama etish koʻzda tutilgani alohida ahamiyatga egadir.

— Suhbatimiz Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 28 yilligi bayrami arafasida boʻlib oʻtmoqda. Ushbu muhim bayram oldidan oʻzbek xalqiga tilaklaringiz...

— Fursatdan foydalanib, Afgʻoniston Islom Respublikasining Oʻzbekiston Respublikasidagi elchixonasi nomidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylari rahbarligidagi doʻst va birodar mamlakat va uning xalqini Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 28 yilligi munosabati bilan chin qalbimdan muborakbod etib, oʻzimning samimiy tabriklarim hamda ezgu tilaklarimni bildiraman. Ikki mamlakat oʻrtasidagi siyosiy, savdo, iqtisodiy, transport va madaniy sohalardagi hamkorlik xalqlarimiz manfaati yoʻlida yanada rivojlanishi va kengayishiga ishonaman. Samimiy tabriklarimni yana bir bor izhor etib, Oʻzbekiston Respublikasi xalqiga doimiy tinchlik, farovonlik va taraqqiyot tilayman.

Afgʻoniston va Oʻzbekiston xalqlarining doʻstligi abadiy boʻlsin!

Mustaqillik bayrami muborak boʻlsin!

Omonulla FAYZIYEV

(“Xalq soʻzi”) suhbatlashdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?