A.Haitov:Davlat resurslari uchun donni xarid qilish narxlari tasdiqlandi

11:30 26 Iyun 2020 Siyosat
911 0

Xalqimizda “Birniki – mingga, mingniki – tumanga” degan hikmat bor. Fermer boy boʻlsa, davlat ham boy boʻladi. Fermerlarga berilgan imtiyozlar tufayli bugun dehqon buyruq kutib oʻtirmaydi. Nimani, qachon ekishni va qanday parvarish qilishni oʻzi yaxshi biladi va shunga qarab ish koʻradi.

Koronavirus pandemiyasi davrida ham koʻpni koʻrgan, azmu shijoatli va matonatli dehqonlarimiz har bir kunni gʻanimat bilib, yaxshi niyat bilan qishloq xoʻjaligi ishlarini bajardi. Hozirgi ogʻir sharoitga qaramay kunni kun, tunni tun demasdan, moʻl hosil yetishtirishga astoydil harakat qilishdi.

Ahamiyatlisi, karantin davrida joylarda gʻalla yetishtirish ishlari kechikkani yoʻq, qishloq mehnatkashlari ishni toʻgʻri tashkil etib, yuksak safarbarlik va uyushqoqlik bilan belni qattiq bogʻlab mehnat qilishdi. Moddiy-texnik taʼminot, barcha agrotexnik tadbirlar oʻz vaqtida, sifatli oʻtkazilgani hamda 2020-yilda qoʻshimcha mineral oʻgʻitlar ajratilishi hisobiga bu yil gʻalladan qoʻshimcha 20 sentnerdan hosil olinayotir.

Vazirlar Mahkamasining “2020-yil hosili uchun ekilgan boshoqli don hosilini oʻz vaqtida va sifatli oʻrib-yigʻib olishni tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori gʻalla oʻrim-yigʻim mavsumida qatnashadigan mavjud yuqori unumli gʻalla oʻrish kombaynlarini sifatli taʼmirlash hamda mavsumga vaqtida tayyorlashda muhim qadam boʻldi. Boshqacha aytganda, ushbu hujjat oʻrim-yigʻim ishlarini har yilgiga nisbatan tezroq yakunlash imkonini beradi.

Mazkur qarorga muvofiq, ichki bozorda don narxlari barqarorligini taʼminlash tadbirlarini amalga oshirish uchun 2020-yil hosilidan davlat resurslariga olinadigan boshoqli donni xarid qilish narxlari belgilandi. Xususan, 1 sinf qattiq bugʻdoyning xarid narxi (qoʻshilgan qiymat soligʻi bilan) 1 tonna uchun 2 543 180 soʻmni tashkil etadi.

Boshoqli don xarid qilish boʻyicha tuzilgan kontraktatsiya shartnomalarining bajarilishi uchun shaxsiy javobgarlik esa Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va tumanlar hokimlari, Qishloq xoʻjaligi hamda Ichki ishlar vazirliklari, «Oʻzdonmahsulot» aksiyadorlik kompaniyasi va uning tizimidagi don korxonalari, gʻallachilik klasterlari, «Oʻzagroservis» aksiyadorlik jamiyati va uning hududiy filiallari rahbarlari zimmasiga yuklandi.

Qarorda belgilab qoʻyilganidek, Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga davlat resurslariga xarid qilinadigan boshoqli don uchun oʻz vaqtida hisob-kitob qilinishini taʼminlaydi.

Mazkur hujjat bilan Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi zimmasiga ham alohida vazifalar yuklandi. Endilikda Kengash bir qator vazirlik va idoralar bilan birgalikda gʻalla oʻrim-yigʻimi mavsumida gʻalla oʻrish kombaynlaridan, don tashish uchun jalb etiladigan barcha turdagi transport vositalaridan samarali foydalanishni, shuningdek, don qabul qilinadigan shoxobchalarini, xirmon maydonlarini, don tozalash mashinalarini uzluksiz ishlashini tashkil etadi.

Qarorning eʼtiborli jihati shundaki, unga asosan 2020-yil hosili uchun ekilgan gʻallani oʻz vaqtida va sifatli oʻrib-yigʻib olishga koʻmaklashuvchi respublika ishchi guruhining tarkibi ham tasdiqlandi. Endilikda ular quyidagi vazifalarning bajarilishiga koʻmaklashadi; Xususan;

–2020-yilgi hosil gʻallasini qisqa muddatda nest-nobud qilmasdan oʻrib-yigʻib olishni tashkil etish;

–yanchilgan donni tashish va qabul qilish uchun yetarli miqdorda yoqilgʻi moylash materiallari zaxirasini yaratish;

–ichki bozorda don narxlari barqarorligini taʼminlash tadbirlarini amalga oshirish uchun boshoqli don xarid qilish boʻyicha tuzilgan kontraktatsiya shartnomalarining bajarilishi va qabul qilingan don uchun oʻz vaqtida hisob-kitoblar amalga oshirilishi yuzasidan monitoring olib borish;

Shuningdek, boshoqli don ekinlari pishib yetilishidan kelib chiqib, zarurat boʻlgan hollarda, gʻalla oʻrim-yigʻimida qatnashadigan yuqori unumli gʻalla oʻrish kombaynlarini respublikaning bir hududidan ikkinchi hududiga oʻtkazilishini tashkil etishda amaliy yordam koʻrsatadi.

Xulosa oʻrnida taʼkidlash joizki, bugun joylarda gʻalla oʻrim-yigʻimi qizgʻin va uyushqoqlik bilan olib borilmoqda. Ushbu qarorning izchil ijrosi, shak-shubhasiz, boshoqli don ekinlari hosilini qisqa muddatlarda nest-nobud qilmasdan oʻrib-yigʻib olish va koronavirus pandemiyasi davrida ichki bozorda don, un mahsulotlari barqarorligini taʼminlashga xizmat qiladi.

Aktam HAITOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Spikeri oʻrinbosari,
Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari

va tomorqa yer egalari kengashi raisi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?