A.Haitov: Yangi markaz boʻsh turgan obyektlardan samarali foydalanishni nazorat qiladi

10:22 10 Iyul 2020 Siyosat
613 0

Tadbirkor — bu haqiqiy fidoyi inson. Negaki, u nafaqat oʻzini, balki el-yurtini ham boqadi, toʻplagan mablagʻini yangi ish ochishga sarflaydi. Agar odamlarning tadbirkor boʻlishiga amaliy yordam berilsa, bunyodkorlik yana-da keng quloch yozadi. Eng muhimi, bu bilan minglab oilalarga baraka kiradi, yuz minglab yangi ish oʻrinlari yaratiladi.

Shu boisdan oxirgi yillarda mamlakatimizda aholida tadbirkorlik ruhini uygʻotish, yangi ish oʻrinlari yaratish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi. Bu esa hududlarda oilaviy tadbirkorlik rivojiga, yosh tadbirkorlarning istiqbolli loyihalarini roʻyobga chiqishiga va aholi bandligini taʼminlashga xizmat qilayotir.

Davlatimiz rahbarining 2020-yil 1-iyuldagi “Boʻsh turgan obyektlardan samarali foydalanishni tashkil etish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori hech shubhasiz, ushbu yoʻnalishdagi islohotlarning mantiqiy davomi boʻldi.

Nega deganda, ushbu qarorga muvofiq, Davlat aktivlarini boshqarish agentligining hududiy boshqarmalari huzuridagi “Davlat mulkini ijaraga berish markazi” DUK negizida Agentlik huzuridagi Boʻsh turgan obyektlardan samarali foydalanishni tashkil etish markazi va uning hududiy boshqarmalari tashkil etildi.

Endilikda Markaz va uning hududiy boshqarmalari boʻsh turgan noturar bino va inshootlarni, foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlarini aniqlab, ularning hisobini yuritadi. Ijaraga berilgan davlat mulki obyektlarini va ularning ijarasidan tushadigan mablagʻlarni hisobini olish bilan birga, monitoring qilib boradi. Ulardan maqsadli foydalanilyaptimi, mablagʻlar nimalarga sarflanyapti, shularni nazoratga oladi.

Markaz davlat boshqaruvi organi boʻlgani bois barcha davlat organlaridan zarur boʻlgan maʼlumotlarni olishga haqli hisoblanadi. Boʻsh turgan obyektlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar esa Markazning veb-saytida joylashtiriladi va har oyda yangilab boriladi.

Baʼzan nol xarid qiymatida berilgan boʻsh turgan obyektlardan toʻliq foydalanmasdan, uning bir qismi boʻsh qolib ketish holatlari kuzatiladi. Yangi tuzilgan markaz bunday holatlarga oʻrin qoldirmaydi.

Qarorda belgilab qoʻyilganidek, boʻsh turgan obyektlar roʻyxati Markaz tomonidan har chorakda Savdo-sanoat palatasiga hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligiga kiritib boriladi. Markazning oʻz vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari esa davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan bajariladi.

Prezidentimiz qarorida oʻz ifodasini topgan yana bir muhim yangilik – 2020-yil 1-sentyabrdan barcha auksion savdolari natijalari QR-kodni qoʻllash orqali rasmiylashtiriladi. “E-IJRO AUKSION” tizimida esa quyidagi tartiblar joriy qilinadi. Xususan;

birinchidan, auksionda shaxsini identifikatsiyalash imkonini beruvchi mobil ilovalar orqali ishtirok etiladi;

ikkinchidan, davlat mulkini ijaraga berish shartnomalari elektron shaklda ikki tomonlama tuzish orqali rasmiylashtiriladi;

uchinchidan, savdolarda mavjud boʻlgan lotlar haqida batafsil maʼlumotlarni oʻz ichiga oluvchi doimiy yangilanib turadigan va Agentlikning rasmiy veb-saytida joylashtiriladigan elektron katalog yaratiladi.

Xulosa qilib aytganda, davlatning hech bir binosi, yeri boʻsh turmasligi kerak. Axir bugun har bir narsadan unumli foydalanish, shu orqali tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, odamlarimizni ishli qilish muhim vazifadir. Ushbu qarorning izchil ijrosi, shak-shubhasiz, faoliyat koʻrsatmayotgan, foydalanilmasdan turgan noturar obyektlardan oqilona va samarali foydalanishga xizmat qiladi.

Aktam HAITOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Spikeri oʻrinbosari,
OʻzLiDeP fraksiyasi rahbari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?