A.Haitov: Farovonlikka faqat oʻz mehnatimiz, harakatimiz bilan erishishimiz mumkin

14:38 04 Iyul 2020 Siyosat
618 0

Xalqimizda “Yerni boqsang, yer ham seni boqadi”, degan maqol bejiz aytilmagan. Sohada katta natijaga erishmoqchi boʻlsak, birinchi navbatda, rizq-roʻzimiz manbai boʻlgan yerni boqishimiz kerak. Negaki, dunyoda harakatsiz boy boʻlgan davlat ham, xonadon ham yoʻq.

Bu dunyoda hamma narsa mehnat, mashaqqatga bogʻliq. Kim mehnat qilsa, rohat koʻradi. Chunki farovonlikka faqat oʻz mehnatimiz, harakatimiz bilan erishishimiz mumkin. Buyuk mutafakkir Alisher Navoiy bobomiz taʼkidlaganidek, “olam ahlining toʻqligi, quvonchi, avvalo, yerga urugʻ sochib, bebaho noz-neʼmat yetishtiradigan fidoyi insonlar mehnatidandir”.

Xitoyda 8 sotix yeri bor odam badavlat hisoblanar ekan. Bizning qishloqlarimizda bundan ham katta tomorqalar bor. Serhosil yerimiz, daromad olishga tomorqamiz bor ekan, undan doimo unumli foydalanishimiz lozim. Axir hozirgi ogʻir sharoitda aholining oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan birlamchi talabini qondirish koʻp jihatdan tomorqalardan oqilona foydalanishimizga bogʻliq.

Shu bois koronavirus pandemiyasi davrida yurtimizda aholi tomorqalaridan samarali foydalanishni tashkil qilish, aholini oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari bilan uzluksiz taʼminlash boʻyicha barcha chora-tadbirlar koʻrildi. Xalqimizning dasturxonini obod, turmushini farovon qilish bilan shugʻullanayotgan azamat dehqonlarimiz uchun keng imkoniyatlar yaratib berildi.

Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi ham joylardagi hokimliklar bilan birgalikda suv taʼminoti yaxshi boʻlmagan mahallalarda artezian quduqlar qazib, aholini tomorqadan samarali foydalanishi va yaxshi daromad olishiga koʻmaklashib kelmoqda.

Tumanlarda tashkil etilgan “Tomorqa xizmati” MCHJlar esa hududdagi tomorqa yerlaridan samarali foydalanish, ekin turlarini toʻliq ekish, agrotexnika tadbirlarini oʻz vaqtida, sifatli bajarish boʻyicha amaliy yordamlar koʻrsatyapti.

Koʻrilayotgan bu kabi chora-tadbirlar aholi, ayniqsa kam taʼminlangan va nogironligi boʻlgan yurtdoshlarimizga karantin bilan bogʻliq murakkab sharoitda ham yerdan samarali foydalanish, tomorqasidan qoʻshimcha daromad olishga zamin yaratayotir. Har qarich yerdan samarali foydalanish borasidagi ushbu saʼy-harakatlar oilaviy byudjetga qoʻshimcha daromad keltirishi bilan birga, bozorlarimiz toʻkinligi, narx-navo barqarorligi taʼminlashga xizmat qilyapti.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 30-iyundagi “Aholi tomorqalaridan foydalanish samaradorligini oshirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori odamlarning oʻz tomorqasidan daromad topish manbalarini kengaytirish, ularga koʻproq qulayliklar yaratishda muhim huquqiy asos boʻldi.

Nega deganda, mazkur qaror bilan aholi tomorqalariga kafolatlangan koʻchat va urugʻlarni tizimli yetkazib berishni tashkil etish uchun “Tomorqa xizmati” MCHJlarga issiqxona, sovutqichli omborxonalar, chorvachilik majmualari qurish uchun asoslangan hisob-kitoblarga muvofiq yer maydoni ajratiladi. Mazkur korxonalarning oʻz yer maydonlarga ega boʻlishi esa oʻz navbatida, koʻchatchilikka ixtisoslashgan 20-30 sotixli issiqxonalar qurib, ularda kafolatlangan koʻchat yetishtirish va aholi xonadonlariga yetkazib berish imkoniyatini yaratadi.

Qarorda tijorat banklari bilan birgalikda, Markaziy bankning asosiy stavkasida uch oy imtiyozli davr bilan bir yil muddatga 4 foiz bank marjasini hisobga olgan holda, aholi tomorqalaridan samarali foydalanish yoʻnalishida 2 million soʻmgacha Oilaviy tadbirkorlik markazi xulosasisiz onlayn tarzda tomorqa yer egalariga mikrokreditlar ajratish mexanizmini joriy etish belgilangan. Ushbu bandni amaliyotga faol tatbiq etish orqali koʻproq aholini ish bilan band qilish imkoniyati paydo boʻladi.

Mazkur hujjatda klaster usulida faoliyat yuritadigan “Tomorqa xizmati” MCHJlarga 3 yil muddatga kredit yoki ularning ustav kapitaliga keyinchalik sotish huquqi bilan ulush ajratish hamda aholi tomorqalarida yetishtirilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini saqlash uchun 20-30 tonnalik kichik hajmli sovutqichlar barpo etish uchun kredit ajratish ham nazarda tutilgan. Ayni paytda mazkur yoʻnalishda 120 ta “Tomorqa xizmati” korxonasini yirik tomorqachilik klasterlariga aylantirish va aholi xonadonlarida yetishtirilgan mahsulotlar uchun 20-30 tonnalik sovutqichlar barpo etish boʻyicha tizimli ishlar olib borilmoqda.

Qarorda yana bir muhim masala yechimi koʻrsatib oʻtilgani katta amaliy ahamiyatga egadir. Boisi Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi tomonidan 2023-yil 1-yanvarga qadar “Tomorqa xizmati” MCHJ hamda qishloq xoʻjaligi kooperativlariga beriladigan kreditlar boʻyicha kredit summasining 50 foizigacha, biroq 3 mlrd. soʻmdan ortiq boʻlmagan hajmda kafillik berilishi hamda kredit foizlari miqdorining yuqoriligi, garov taʼminotidagi qiyinchiliklar sababli koʻplab korxonalarda kredit olishda muammolar bor edi. Qarorda bu kabi muammolarning yechimi belgilab qoʻyilgani fuqarolarimiz, ayniqsa, tadbirkorlarimiz uchun kutilmagan yangilik boʻldi.

Prezidentimiz qarorida oʻz ifodasini topgan yana bir muhim yangilik – 2022-yil 1-yanvarga qadar 6 turdagi asosiy vositalar — avtomobil refrijeratorlari, motokultivatorlar, inkubator va bruderlar, bir oʻqli traktorlar, mini-traktorlar, issiqxonalarni olib kirishda bojxona bojining (bojxona rasmiylashtiruvi uchun toʻlov va qoʻshilgan qiymat soligʻidan tashqari) nol stavkalari belgilandi.

Mazkur qaror bilan Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi zimmasiga ham alohida vazifalar yuklandiki, endilikda Kengash tegishli vazirliklar bilan birgalikda har yili 1-aprel va 1-avgustga qadar suv taʼminoti ogʻir hududlardagi aholi tomorqalarida qaziladigan quduqlarning manzilli dasturini shakllantiradi va tasdiqlaydi.

Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi bilan birgalikda aholi oʻrtasida tushuntirish ishlarini olib borib, koronavirus pandemiyasining salbiy oqibatlarini yumshatish maqsadida oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirish uchun aholi tomorqalaridan samarali foydalangan holda ikki marta hosil olish ishlarini tashkil etadi.

Umuman olganda, mazkur qarorning asosiy maqsadi – tomorqa yerlaridan samarali foydalanish, “Tomorqa xizmati” MCHJ moddiy-texnika bazasini mustahkamlash hamda mahsulotlarni eksport qilish imkoniyatlarini yana-da koʻpaytirishdir. Zero, hamma vaqt tiriklik manbai boʻlib kelgan yerdan oqilona foydalanish qishloq xoʻjaligini barqaror rivojlantirishning zaruriy sharti, farovon hayotimizning mustahkam poydevoridir.

Aktam HAITOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Spikerining oʻrinbosari,
OʼzLiDeP fraksiyasi rahbari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?