A.Haitov: Ijtimoiy nafaqalarni tayinlashning yangi tizimi ishga tushiriladi

11:23 09 Avgust 2020 Siyosat
299 0

Joriy yilning 4-avgust kuni Prezidentimiz yana bir muhim hujjatga imzo chekdi. “Aholiga davlat ijtimoiy xizmatlari va yordam taqdim etish tartib-taomillarini avtomatlashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaror oʻz vaqtida qabul qilingani bilan katta ahamiyatga egadir. 

Negaki, unga muvofiq 2020-yilning 1-sentyabridan boshlab, ijtimoiy nafaqalarni tayinlash toʻgʻrisidagi arizalarni koʻrib chiqish va ularni tayinlash tartib-taomillari bosqichma-bosqich “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi vositasida amalga oshiriladi.

Sentyabr oyidan esa “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi Andijon, Fargʻona va Namangan viloyatlarida, oktyabr oyidan Buxoro, Navoiy, Jizzax va Samarqand viloyatlarida, noyabr oyidan — Xorazm, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida hamda dekabr oyidan Qoraqalpogʻiston, Toshkent viloyati va Toshkent shahrida joriy etiladi.

Qarorda belgilab qoʻyilganidek, 2021-yil 1-yanvardan boshlab davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ijtimoiy xizmatlari va yordam taqdim etishda fuqarolardan 11 ta hujjat va maʼlumotnoma talab etilishi yoʻl qoʻyilmaydi. Eng muhimi, ular ijtimoiy yordamning 7 turidan foydalanish imkoniyatiga ega boʻladi.

Ahamiyatli tomoni shundaki, mazkur qaror bilan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali belgilangan tartibda kam taʼminlangan deb eʼtirof etilgan shaxslar yoki oilalar qoʻshimcha hujjatlar va maʼlumotnomalarni taqdim etmasdan Davlat maktabgacha taʼlim muassasalarida ota-onalar toʻlovidan ozod etish, maktabgacha taʼlim muassasalarida oʻrnatilgan miqdorlarda ota-onalar toʻlovini toʻlash, umumiy oʻrta taʼlim maktablarida darsliklar ijara toʻlovlaridan ozod etish, umumiy oʻrta taʼlim maktablari oʻquvchilari uchun qishki kiyim-bosh berish, ayrim fanlarni oʻqitishga ixtisoslashtirilgan umumiy oʻrta maktablar oʻquvchilarini ovqatlanish xarajatlaridan ozod etish kabi xizmatlar va imtiyozlarni ham olishga haqlidir.

Adliya vazirligi esa 2021-yilning 1-yanvariga qadar “FHDYOning yagona elektron arxivi” axborot tizimida fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari (keyingi oʻrinlarda – FHDYO organlari) arxivlarida qogʻoz tashuvchilarda saqlanayotgan hujjatlarning elektron bazalarini shakllantirilishini taʼminlaydi.

Bir soʻz bilan aytganda, mamlakatimizda aholiga koʻrsatilayotgan ijtimoiy xizmatlar va yordamning manzilliligini yana-da oshirish boʻyicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilib, aholini ijtimoiy himoya qilish tartib-taomillari bosqichma-bosqich raqamlashtirilmoqda. Mazkur qaror esa aholini ijtimoiy himoya qilish tizimiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, aholining ijtimoiy jihatdan zaif qatlamlariga davlat ijtimoiy xizmatlari va yordamini taqdim etishning yagona tizimini yaratishga xizmat qiladi.

Aktam HAITOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Spikeri oʻrinbosari,

OʻzLiDeP fraksiyasi rahbari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?