A.Haitov: Davlat dasturi ijrosi belgilangan muddatda sifatli bajarilishi kerak

17:07 28 Oktyabr 2020 Siyosat
163 0

Maʼlumki, davlatimiz rahbarining 2020-yil 2-martdagi tegishli farmoni bilan Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi tasdiqlangan edi.

Davlat dasturi 284ta banddan iborat boʻlib, uning ijrosi doirasida umumiy qiymati 18,2 trln soʻm va 10,3 mlrd AQSH dollariga teng loyihalarni amalga oshirish nazarda tutilgan. Negaki, uning har bir bandida xalqimizning turmush sharoitini yaxshilash, ishsizlik darajasini qisqartirish va tadbirkorlar sonini koʻpaytirishdek muhim maqsadlar turibdi.

Xoʻsh, Davlat dasturida belgilab qoʻyilgan ustuvor vazifalar belgilangan muddatlarda va sifatli bajarilyaptimi? Nega hozirgi kunga qadar aksariyat bandlarning ijrosi oxiriga yetkazilmagan? Buning asosiy sabablari nimada?

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida Davlat dasturining 2020-yil uchinchi choragida bajarilishi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining hisoboti eshitildi. Hisobotni Bosh vazir oʻrinbosari A.Abduhakimov taqdim etdi.

Taʼkidlash joizki, hisobotda barcha muhim masalalar keng qamrovda aks ettirilgan. Xususan, Vazirlar Mahkamasiga, uning tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralarga yuborilgan parlament hamda deputatlik soʻrovlariga berilgan javoblar ham chuqur tahlil qilingan. Hisobotning avvalgilaridan farqli jihati shundaki, bajarilgan ishlar barobarida Hukumat yil yakunida ado etilishi belgilangan rejalarini aniq obyektlar, raqamlar orqali maʼlum qilgan.

Mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining asosiy koʻrsatkichlari, makroiqtisodiy barqarorlik hamda iqtisodiyot va ijtimoiy sohaning izchil rivojlantirishni taʼminlash borasida amalga oshirilgan ishlar batafsil bayon qilingan. Ayniqsa, koronavirus pandemiyasi davrida tadbirkorlik subyektlari har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarining uzluksiz ishlashini taʼminlash, mamlakat aholisi daromadlari keskin pasayib ketishining oldini olish borasidagi ishlar tahlil etilgan.

Birgina pandemiyaning salbiy taʼsirini yumshatish maqsadida Prezidentimizning tegishli farmonlariga asosan soliq organlari tomonidan tadbirkorlik subyektlariga nisbatan 5,4 trln.soʻmlik imtiyoz va yengilliklar qoʻllanilgan. Jumladan, tashqi savdo operatsiyalari bilan shugʻullangan 4 715 ta subyektlarning muddati oʻtgan 256 mln dollarlik debitor qarzdorliklariga nisbatan 2,6 trln soʻmlik jarimalar qoʻllanilmagan. Tadbirkorlik subyektlarining uzluksiz ishlashiga sharoit yaratish maqsadida 55 mingdan ortiq tadbirkorlik subyektlarining 700 mlrd soʻmlik soliq qarzini undirish toʻxtatilgan.

Faoliyatini vaqtincha toʻxtatishga majbur boʻlgan 100 mingga yaqin yakka tartibdagi tadbirkorlarga 259 mlrd soʻmlik jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi qatʼiy summasi va 250 mingga yaqin yakka tartibdagi tadbirkorlarga 155 mlrd soʻmlik ijtimoiy soliq summalari hisoblanishi toʻxtatilgan.

Hisobotda shuningdek, respublikada 2020-yil 1-sentyabr holatiga jami roʻyxatda oʻtgan subyektlar soni 409 mingtani tashkil qilgani, tadbirkorlik subyektlari soni oʻtgan yilga nisbatan 75 mingtaga ortgani qayd etildi. Bu yaxshi oʻzgarish, chunki bugun yakkayu yagona yoʻlimiz – tadbirkorlar sonini koʻpaytirish, odamlarni ishbilarmon qilish va eng muhimi, yangi-yangi ish oʻrinlari yaratishdir. Zotan, OʻzLiDeP mamlakatda ishsizlik, ayniqsa, yoshlar oʻrtasidagi ishsizlikning meʼyorda boʻlishi kerak deb hisoblaydi.

Binobarin, fuqarolar bandligini toʻliq taʼminlash va mehnatga munosib haq toʻlash, yangi ish oʻrinlarini yaratish, ishsizlik darajasini qisqartirish – mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining eng muhim sharti. Shu jihatdan bitta tadbirkor oʻz faoliyatini toʻxtatsa ham, bunga favqulodda holat sifatida qaralishi lozim.

Oʻzbekistonda qishloq xoʻjaligi iqtisodiyotning yetakchi tarmogʻi sanaladi. Keyingi paytda yurtimizda qishloq xoʻjaligi sohasida tub islohotlar amalga oshirildi. Xususan, mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, klaster tizimini va barcha yoʻnalishlarda qishloq xoʻjalik mahsulotlarini chuqur qayta ishlashni yana-da rivojlantirishga katta eʼtibor qaratildi.

Deputatlar Davlat dasturining hisobot davridagi ijrosini muhokama qilar ekan, iqtisodiy oʻsishni taʼminlash boʻyicha oʻtgan davrda fermerlik harakatini qoʻllab-quvvatlash bilan birga, paxta, gʻalla, meva-sabzavot, uzum yetishtirishni, pillachilik va qorakoʻlchilikni rivojlantirishni klaster shakliga bosqichma-bosqich oʻtkazish yoʻnalishidagi ishlarni ijobiy baholadi.

Shu bilan birga, taʼlim, madaniyat, sogʻliqni saqlash, sport va turizmni yana-da rivojlantirish, yoshlarga oid davlat siyosatini takomillashtirish borasida belgilangan chora-tadbirlarning ijro etilishi holatiga alohida eʼtibor qaratishdi. Hisobotda keltirilgan har bir raqamlar chuqur tahlil qilinib, Dasturda belgilangan muhim ijtimoiy-iqtisodiy, sotsial vazifalar, chora-tadbirlarning ijrosi qizgʻin muhokama qilindi.

Majlisda Hukumatga yil yakuniga qadar Dastur ijrosini toʻliq bajarish choralarini koʻrish boʻyicha zarur taklif va tavsiyalari bildirildi. Xususan;

–“Har bir oila – tadbirkor” degan olijanob gʻoyani izchillik bilan hayotga tatbiq etish, jamiyatda faol tadbirkorlik madaniyatini shakllantirish, maktabdan boshlab oliy taʼlim muassasalarida ham tadbirkorlik darslarini oʻtish, toʻgaraklar tashkil etish, jumladan, Tadbirkorlar akademiyasini, sohaga qiziqayotgan yoshlar uchun esa konsalting markazlarini tashkillashtirish borasidagi ishlarni jadallashtirish;

–xorijiy va ichki investitsiyalarni keng jalb qilish uchun jozibador investitsiyaviy muhitni yaratish;

–turar-joy boʻlmagan, foydalanilmayotgan binolardan oqilona va samarali foydalanish va ularni tashkilotlarning xoʻjalik faoliyatiga keng jalb qilish;

–koronavirus pandemiyasining xususiy tadbirkorlik, kichik biznes va fermerlikka salbiy oqibatlarini sezilarli darajada kamaytirishga alohida eʼtibor qaratish;

–yoshlar va ayollar bandligi muammolarini hal etishga qaratilgan samarali choralari koʻrish;

–Inqirozga qarshi jamgʻarma hisobidan sarflangan mablagʻlarning maqsadli va samarali foydalanishi ustidan mahalliy kengash deputatlari orqali jamoatchilik nazoratini kuchaytirish;

Shuningdek, fuqarolar sogʻligʻini saqlashdan muhimroq narsa yoʻq ekanini toʻla anglagan holda, Hukumatning barcha saʼy-harakatlari shunga yoʻnaltirilishi, joylarda koronavirus pandemiyasi taʼsirini kamaytirish uchun joylardagi tibbiyot muassasalarida diagnostika jihozlari, tomograf apparatlarini koʻpaytirish tavsiya etildi.

Infratuzilma obyektlarini, yoʻllar, elektr va gaz taʼminoti talab darajasida boʻlishini taʼminlash, qish mavsumiga tayyorgarlikni kuchaytirish, oziq-ovqat dehqon bozorlarida mahsulotlar narxlarini asossiz oshib ketishining oldini olish boʻyicha takliflar berildi.

Bir soʻz bilan aytganda, hisobotda keltirilgan har bir masala chuqur tahlil qilinib, saylovchilar tomonidan koʻtarilayotgan, bevosita Davlat dasturiga daxldor bir qator masalalarga javoblar olindi. Agar unda belgilangan vazifalar oʻz vaqtida amalga oshirilsa, mamlakatimiz va jamiyatimiz hayoti bundan-da yaxshilanadi. Shunday ekan, Davlat dasturi ijrosi belgilangan muddatda sifatli bajarilishi kerak.

Aktam XAITOV,
Oliy Majlis Qonunchilik
palatasi Spikeri oʻrinbosari,
OʻzLiDeP fraksiyasi rahbari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?