Aktam HAITOV: Biznes vakillari bilan yelkama-yelka turib ishlamasak, taraqqiyotga erishishimiz qiyin boʻladi

20:42 20 May 2020 Siyosat
2713 0

Koronavirus pandemiyasi davrida iqtisodiyot tarmoqlarini bosqichma-bosqich ishlatish uchun barcha imkoniyatlar ishga solinayotgani bois, iqtisodiyot tarmoqlarida faollik tiklanmoqda. Xususan, oxirgi haftada tadbirkorlik subyektlari tomonidan elektr energiyasi isteʼmoli 13 foizga koʻpaygan.

Shuningdek, soʻnggi ikki haftada birjada sement savdosi oldingi oyning shu davriga nisbatan 104 ming tonnaga, yoqilgʻi mahsulotlari 74 ming tonnaga, qurilish oynasi 60 ming kvadrat metrga oshgan. Epidemiologik holatdan kelib chiqib, hududlarni “yashil”, “sariq” va “qizil” zonalarga ajratgan holda, 110 mingga yaqin tadbirkorlik subyektining faoliyatiga ruxsat berildi, 600 mingdan ziyod xodimlar ish joyiga qaytdi.

Soʻnggi ikki oyda pandemiyaning aholi turmush tarzi va iqtisodiyot tarmoqlariga taʼsirini yumshatish boʻyicha Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan 12 ta farmon va qarorlar natijasida 500 mingdan ziyod tadbirkorlik subyekti va 8 milliondan ortiq fuqaroga qariyb 30 trillion soʻmlik imtiyoz va preferensiyalar berildi.

Shu bilan bir qatorda davlatimiz rahbarining joriy yil 18-maydagi “Koronavirus pandemiyasi davrida aholi va tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq, 500 mingdan ortiq tadbirkorlik subyektlari va 100 mingga yaqin aholiga qoʻshimcha 1,7 trillion soʻmlik koʻmak beriladi.

Kuni kecha Prezidentimiz raisligida tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar boʻyicha oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida davlatimiz rahbari bu masalaga yana bir marotaba toʻxtalib, Respublika komissiyasiga sohalar va hududlardagi epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib, qolgan 40 mingdan ortiq tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga ham bosqichma-bosqich ruxsat berish vazifasini qoʻydi.

Haqiqatdan ham, pandemiya tufayli kambagʻal aholi va ishsizlar soni oshishi, oilalar daromadi kamayishi tayin. Shu sababli qisqa fursatda yangi ish oʻrinlari yaratish uchun kichik biznes va oilaviy tadbirkorlikni faol qoʻllab-quvvatlash zarur. Yigʻilishda bu boradagi qoʻshimcha chora-tadbirlar va ustuvor vazifalar muhokama qilinib, tadbirkorlar huquqlari kafolatlari va mulk daxlsizligini taʼminlash masalasiga jiddiy eʼtibor qaratildi.

Davlatimiz rahbari barcha hokimlarni ogohlantirib, birorta tadbirkorning mulki noqonuniy olib qoʻyilsa, hokim faqat ishdan ketish bilan qutulmasligini, balki qonun oldida javob berishini taʼkidladi. Mutasaddi idoralarga mulk daxlsizligini buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish, mulkni kompensatsiya qilish boʻyicha tadbirkorlar foydasiga chiqarilgan sud qarorlari ijrosini toʻliq taʼminlash boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

Aytish oʻrinliki, endilikda Prezidentimiz topshirigʻiga koʻra, tadbirkorlik muhiti har bir tuman va shahar kesimida oyma-oy tahlil va xulosa qilib boriladi. Shuningdek, Biznes-ombudsman tadbirkorlar huquqi va mulk daxlsizligini buzgan tuman va shahar hokimlari toʻgʻrisida hukumatga maʼlumot kiritib boradi.

Yigʻilishda aytib oʻtilganidek, oʻzini oʻzi band qilayotgan, qoʻlida kasb-hunari bor odamlarga munosib sharoit yaratish maqsadida yangi tizim joriy etilishi natijasida sartarosh, etikdoʻz, novvoy, temirchi, duradgor, tikuvchi, taksist, fotograf, tarjimon, dizayner, kompyuter dasturchisi kabi oʻzini oʻzi band qilgan 60 dan ziyod kasb egalari daromad soligʻidan ozod qilinadi. Mazkur imtiyozdan foydalanish uchun telefon orqali soliq idoralarini xabardor qilish kifoya.

Videoselektor yigʻilishida pandemiya oqibatlarini yumshatish doirasida “Har bir oila – tadbirkor” dasturiga ajratilgan 1 trillion soʻm kredit mablagʻlarini qaytarish muddati uzaytirilgani, shu bois, ushbu dasturni toʻliq amalga oshirish uchun Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi hisobidan 100 million dollar resurs ajratilgani qayd etildi.

Mahsulot, uskuna, xomashyo hamda aylanma mablagʻlar uchun kredit olishda tadbirkorlarga oʻrnatilgan barcha cheklovlarni olib tashlash kerakligi taʼkidlandi. Markaziy bankka kichik biznes va oilaviy tadbirkorlik subyektlariga kreditlar berish shartlarini soddalashtirish boʻyicha topshiriq berildi.

Xulosa oʻrnida taʼkidlash joizki, bugungi vaziyat qanchalik murakkab boʻlmasin tadbirkorlarga faoliyatini davom ettirish uchun qator imtiyozlar berilmoqda. Bu eng toʻgʻri yoʻldir. Zero, tadbirkorlarni oyoqqa turishi uchun koʻmaklashmasak, odamlarni ishbilarmonlikka undamasak, tadbirkorga sharoit yaratib, biznes vakillari bilan yelkama-yelka turib ishlamasak, taraqqiyotga erishishimiz qiyin boʻladi.

Aktam HAITOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Spikeri oʻrinbosari,

OʻzLiDeP fraksiyasi rahbari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?