Agrosanoatda “Buxoro tajriba”. U nimasi bilan ahamiyatli?

18:44 16 Mart 2020 Iqtisodiyot
231 0

“Xalq so`zi ONLINE”

“Xalq soʻzi ONLINE”. Istam Ibrohimov/Buxoro. Mamlakatimiz Prezidenti Sh. Mirziyoyev shu yilning 12–13-mart kunlari Xorazm viloyatida boʻlib, joylarda amalga oshirilayotgan islohotlarning borishi, yirik loyihalar bilan yaqindan tanishgandi. Davlatimiz rahbari viloyatda ijtimoiy–iqtisodiy jabhada roʻyobga chiqarilayotgan keng qamrovli ishlarni koʻzdan kechirish asnosida qoʻshni Buxoro viloyati tajribasini oʻrganish va uni amalda qoʻllash yuzasidan tavsiya va topshiriq ham berdi. Shundan kelib chiqqan holda Xorazm viloyati hokimi boshchiligidagi delegatsiya Buxoro viloyatiga tashrif buyurdi.

“Xalq so`zi ONLINE”

Delegatsiya aʼzolari dastlab ”BCT Cluster“ xorijiy korxonasi tarkibida Romitan tumanida tashkil etilgan “BCT CLUSTER AGROKOMPLEKS” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga qarashli dalalarda boʻlib, dala–dehqonchilik ishlarini tashkil etish jarayoni bilan yaqindan tanishdilar. Yuzma-yuz muloqotlar jarayonida agroklaster usuli afzalliklari, uning dehqon manfaatdorligini taʼminlashdagi oʻrni, zamonaviy texnikalar haqida toʻliq tasavvurga ega boʻlindi. Yaratilgan qulayliklar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. Dalada mehnat qilayotganlarning oʻrtacha oylik maoshi 2,1 million soʻm ekanligining oʻzi ham koʻp narsadan darak beradi, albatta. Shundan soʻng delegatsiya aʼzolari mazkur ishlab chiqarish jarayonining uzviy davomi sanalgan Buxoro shahridagi“Bukhara Cotton Textile” qoʻshma korxonasida boʻldilar. Bu yerdagi birgina toʻqimachilik korxonasida ming nafardan ziyod yigit-qiz mehnat qilyapti. Umuman esa paxta-toʻqimachilik klasterida jami 4,5 mingta ish oʻrni yaratilgan.

– Biz chigitni ekishdan tortib, paxtani qayta ishlash, tolani ip-kalavaga, keyin matoga aylantirish, matoni pardozlash, undan jahon standartlariga javob beradigan tayyor mahsulot tayyorlashgacha boʻlgan murakkab jarayonni qamrab oladigan texnologik jarayonni yoʻlga qoʻydik, – deydi biz bilan suhbatda mamlakatimizdagi birinchi paxta-toʻqimachilik klasteri taʼsischisi, iqtisodiyot fanlari doktori, professor Murtazo Rahmatov. – Paxtani chuqur qayta ishlashdek murakkab jarayonni amalga oshirish borasida ikki yil davomida katta tajribaga ega boʻldik. Bu boshqalar uchun tayyor andaza vazifasini oʻtaydi. Shu maʼnoda Prezidentimizning “Buxoro tajribasi”ni oʻrganish yuzasidan bergan topshiriqlari ayni muddao. Biz bir-birimizdan juda koʻp narsani oʻrgandik. Bilmaganni oʻrganish esa juda katta ahamiyatga ega. Xorazmlik doʻstlarimiz “Nahotki, bu sifatli jinsi shimlar shu yerda ishlab chiqarildi,” deya hayratlarini yashira olishmadi. Bu eʼtirofdan quvondik. Bir dalilga eʼtiborni qaratmoqchiman. Bitta jinsi shimni tayyorlashda 17 nafar chevar qalb qoʻri, koʻz nurini sarflaydi. Aytmoqchi, hozir biz matolarning 38 ta kolleksiyasini yaratdik. Har biridan tayyor mahsulot chiqarilmoqda. Ular yaqin orada eksportga joʻnatiladi.

“Xalq so`zi ONLINE”

Delegatsiya aʼzolari bu yirik majmuadagi ish jarayonini sinchkovlik bilan kuzatdilar.Oʻzlarini qiziqtirgan koʻplab savollarga javob oldilar. Bu bejiz emas, albatta. Negaki, Xorazmda kelgusi yilda paxtani qayta ishlash darajasini 100 foizga, kalava ipni uch yilda 35 foizdan 70 foizga yetkazish boʻyicha chora-tadbirlar belgilanmoqda. Bu maqsadga yetishda Buxoroda toʻplangan tajriba asqatishi mumkin.

– Amaliy seminar davomida biz Prezidentimiz topshiriqlariga koʻra, Buxoro shahrida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik, obodonchilik ishlari bilan tanishishdik, – deydi Xorazm viloyati hokimi oʻrinbosari Sh. Toʻlaganov. – Shuningdek, ushbu paxta-toʻqimachilik klasterida ham boʻldik. Bu yerda yuqori texnologiyalar asosida turk mutaxassislari koʻmagida mahalliy yoshlar tomonidan sifatli, bozorbop mahsulotlar chiqarilyapti. Muhimi, dalada ishlovchilar qoʻshimcha qiymatdan bahramand. Klaster tizimining ustuvor jihatlaridan biri ham shunda. Bu yerdagi boy tajribani har bir tadbirkor oʻrganishi kerak. Bizda ham shunga oʻxshash korxonalar bor. Oʻrganganlarimizni viloyatimizda ham albatta, tatbiq etamiz.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?