Mansabdor shaxslar paxta hosili uchun ajratilgan imtiyozli kredit mablagʻlarining 58,7 mlrd. soʻmini maqsadsiz sarflab yuborgan

20:11 18 Avgust 2020 Iqtisodiyot
235 0

Bugun Bosh prokuror rahbarligida qishloq xoʻjaligi sohasida, jumladan gʻoʻza parvarishi va paxta yigʻim-terimiga doir qonunchilik ijrosini taʼminlash masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi. Bu haqda BP matbuot xizmati xabar berdi.

Yigʻilishda Bosh prokuratura, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agroinspeksiya, viloyat va tuman prokurorlari, viloyat va tuman hokimlarining sohaga masʼul oʻrinbosarlari hamda boshqa mutasaddi idoralar vakillari ishtirok etdi.

Selektor yigʻilishida qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirish, ayniqsa gʻoʻza agrotexnikasi va paxtani yigʻishtirib olish borasidagi ishlar ahvoli tanqidiy muhokama qilinib, qonun buzilishi holatlari tizimli tus olganligi oqibatida qator muammolar yuzaga kelganligi taʼkidlandi.

Xususan, respublika boʻyicha jami 210 ming gektar, shundan Andijon viloyatida 3,7 ming, Buxoroda 3,8 ming, Toshkentda 5,4 ming, Namanganda 6,4 ming, Navoiyda 8,3 ming, Fargʻonada 8,5 ming, Surxondaryoda 9,7 ming, Qashqadaryoda 12,6 ming, Samarqandda 18,6 ming, Xorazmda 17,9 ming, Qoraqalpogʻiston Respublikasida 26 ming, Sirdaryoda 38,5 ming, Jizzaxda 50 ming gektardagi gʻoʻzalar rivojdan orqada qolmoqda.

Suv resurslaridan samarali foydalanish choralari koʻrilmaganligi oqibatida respublikadagi barcha manbalardan gʻoʻzani sugʻorish uchun bir kunda 1 270 metr. kub sekund suv olinib, ushbu miqdordagi suv bilan 55 - 60 ming gektar maydonni sugʻorish mumkin boʻlsa-da, amalda 45 ming gektar sugʻorilmoqda.

Mirzachoʻl, Sayxunobod, Qiziriq, Boʻka, Ellikqalʼa, Oʻzbekiston, Muborak, Mingbuloq, Chust, Paxtachi tumanlarida 1,5 - 2 ming gektar maydondagi gʻoʻzalar chanqagan boʻlishiga qaramay, sugʻorish ishlari asossiz kechiktirilmoqda.

Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasidan ajratilgan imtiyozli mablagʻlar maqsadsiz ishlatilgan.

«Agrobank» filiallari mansabdor shaxslari tomonidan joriy yil paxta hosili uchun ajratilgan imtiyozli kredit mablagʻlarining 58,7 mlrd. soʻmi maqsadsiz sarflab yuborilgan.

Oʻtgan yilgi xarajatlardan jami 1 trln. 767 mlrd., shundan 1 trln. 708 mlrd. soʻmi klasterlardan hamda 59,5 mlrd. soʻmi fermer xoʻjaliklaridan qaytarilmagan.

Klaster korxonalarining 19 tasi olti oydan buyon muddati oʻtgan 433 mlrd. soʻm qarzdorlikdan bir soʻmini ham qaytarmagan.

Soha mutaxassislarining hisob-kitoblari hamda hududlardan olingan takliflarga koʻra, joriy yilda 829,2 ming maydonda gʻoʻza defoliatsiyasini oʻtkazish rejalashtirilmoqda.

Biroq Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Qashqadaryo, Jizzax, Andijon, Samarqand va Toshkent viloyatlarida 6 - 8 foiz, Buxoroda 12 foiz, Xorazmda 25 foiz, Surxondaryoda 29 foiz defoliant zaxira qilingan boʻlsa, Navoiy, Namangan, Sirdaryo va Fargʻona viloyatlarida umuman zaxira qilinmagan.

Shu bilan birga, respublikaning tabiiy-iqlim sharoitlaridan kelib chiqib, 42 534 gektar maydonlarga kartoshka ekish rejalashtirilgan boʻlsa-da, rejaga nisbatan 3 717 gektar maydonga kartoshka ekilmagan.

Kun tartibidagi masalalar yuzasidan Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, Sirdaryo, Buxoro viloyatlari prokurorlari va ularning sohaviy oʻrinbosarlari, mazkur viloyatlarning hokimlarining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari va boshqa mutasaddi rahbarlarning tushuntirishlari eshitildi.

Qayd etilgan kamchiliklarni zudlik bilan bartaraf etish hamda sohaga doir qonunlar ijrosi ustidan nazoratni tubdan kuchaytirish boʻyicha aniq topshiriqlar berildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?