Agrar sohani barqaror rivojlantirishda fan, taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasi qanday rol oʻynaydi?

22:22 21 May 2020 Jamiyat
837 0

Toshkent davlat agrar universitetida professor-oʻqituvchi va yosh olimlarning III onlayn ilmiy-amaliy konferensiya boʻlib oʻtdi. Mazkur anjuman “Agrar sohani barqaror rivojlantirishda fan, taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasi“ mavzusiga bagʻishlandi. Zero, bu yoʻnalish “Ilm-maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili“ mazmun-mohiyatiga ham toʻla mos keladi.

Aytish joizki, tadbir ZOOM kanali orqali yuqori saviyada oʻtkazildi.

Anjumanda universitet Agrologistika kafedrasi mudiri, iqtisod fanlari doktori, professor M.Saidov moderatorlik qildi. Onlayn anjuman tashabbuskori, Toshkent davlat agrar universiteti rektori akademik B.Sulaymonov anjuman qatnashchilariga tabrik soʻzini oʻqib berdi. Shundan soʻng konferensiya agrar tarmoqning asosiy yoʻnalishlarini oʻz ichiga olgan 7 ta shoʻbaga boʻlingan holda davom ettirildi. Ularda 750 dan ortiq maqolalar qabul qilinib, muhokama etildi. 
Taʼkidlash joiz, koronavirus pandemiyasi sharoitida professor-oʻqituvchilar tomonidan maqolalarni nashr ettirishda bu kabi anjumanlar muhim ahamiyat kasb etmoqda. 
Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda qishloq xoʻjaligining muhim tarmoqlarini jadal rivojlantirish, qishloq xoʻjaligida raqamli iqtisodiyotni qoʻllash koʻlamini kengaytirish, meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish, ularni saqlash va qayta ishlash hamda isteʼmolchilarga ekologik xavfsiz mahsulot yetishtirishga zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Ushbu islohotlar berayotgan samaralar esa jahon hamjamiyati tomonidan ham eʼtirof etib kelinyapti.

Anjumanda Toshkent davlat universiteti, uning Andijon, Nukus va Termiz filiallari, yurtimizning boshqa oliy taʼlim muassasalari hamda ilmiy-tadqiqot institutlari olimlari faol ishtirok etishdilar.

Professor M.Saidov onlayn anjuman ishtirokchilariga “Klasterlarni shakllantirish asosida milliy iqtisodiyot raqobatbardoshligini oshirish” mavzusida maʼruza qildi.

Toshkent davlat agrar universiteti Nukus filiali direktori E.Toreniyazov bugungi kunda filial olimlari tomonidan Orolboʻyi hududini yaxshilash uchun amalga oshirilayotgan ilmiy-tadqiqotlar toʻgʻrisida, ToshDAU Andijon filialining Ilmiy-tadqiqotlar, innovatsiyalar va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash boʻlimi boshligʻi L.Tirkashev “Qishloq xoʻjaligini rivojlantirishda fan, taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasida yangi innovatsion texnologiyalarning roli”, ToshDAU Termiz filiali dotsenti, qishloq xoʻjaligi fanlari doktori S.Boltayev “Oʻzbekiston tuproqlarining hozirgi unumdorlik holati, uni saqlash va yaxshilash choralari”, ToshDAU Agrobiotexnologiya kafedrasi mudiri A.Xakimov “Universitetlar xalqaro reytingini baholovchi tashkilotlar va ining mahalliy va ularni reytingni baholashdagi asosiy indikatorlari”, ToshDAU doktoranti A.Azizov “Meva–sabzavotchilik, uzumchilik ularni saqlash va qayta ishlashda, mahsulotlar sifat va xavfsizlik koʻrsatkichlarini xalqaro standartlarga muvofiqligini taʼminlash” ToshDAU Ipakchilik va tutchilik kafedrasi mudiri Ch.Bekkamov “Tut ipak qurtini mavsumiy boqishda foydalaniladigan navdor koʻchatlarni tut daraxtining qalamchasidan koʻpaytirish agrotexnikasi va afzalliklari” toʻgʻrisida maʼruzalar qildi.

Taʼkidlanganidek, agrar sohada hosildorlik va mehnat unumdorligini yana-da oshirish maqsadida Prezident farmoni bilan Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020-2030-yillarga moʻljallangan strategiyasi qabul qilindi. Unda ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish, qulay agrobiznes muhitini va yuqori qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratish, sohada ilgʻor texnologiyalarni qoʻllash boʻyicha qator muhim chora-tadbirlar belgilandi.

Qishloq xoʻjaligi tarmoqlarida klaster tizimi yaxshi samara bermoqda. Xususan, shuning natijasida paxtachilikka yangi texnologiyalar kirib keldi, hosildorlik oʻtgan yillardagiga nisbatan 20-30 foizga koʻtarildi, moddiy manfaatdorlik oshdi. Oxirgi mavsumda paxta hosilining 73 foizi paxta-toʻqimachilik klasterlari hissasiga toʻgʻri kelgani buning tasdigʻidir.

Klasterlar tomonidan tashkil qilinadigan intensiv bogʻ, tokzor hamda issiqxonalarni aholi va tadbirkorlarga imtiyozli shartlar asosida berish, bogʻ-rogʻlar hosilga kirib, egasi daromad koʻrguncha ularga kredit toʻlovlari boʻyicha yengillik yaratish muhimligi qayd etildi.

Zero, davlat rahbari boʻsh turgan yerlar, samarasiz bogʻ va tokzorlar oʻrnida hosildor plantatsiyalar tashkil etish, meva-sabzavotlarni eksportyorlar talabi asosida yetishtirish va eksportni kengaytirish asosiy vazifa boʻlishi zarurligini taʼkidlab kelyapti.

Oziq-ovqat mahsulotlarini sotishda “Global GAP”, “Organic”, “Halal”, “HACCP”, “ISO 22000” xalqaro standartlar talablarini kooperatsiya ishtirokchilari, dehqon va fermer xoʻjaliklari hamda agroklasterlarda joriy qilish boʻyicha muayyan amaliy ishlar olib borildi.

Bugungi kunda agrar tarmoqni innovatsion rivojlantirish va klasterlash tizimini jadallashtirish boʻyicha qator tavsiyalar berildi.

Xususan:

— Qishloq xoʻjaligida klaster modelini joriy etish orqali eksport salohiyatini oshirish, valyuta tushumini kupaytirish, aholining sifatli qishloq xoʻjaligi mahsulotlari bilan taʼminlanish darajasini oshirish;

— Qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash va tashish boʻyicha mavjud infratuzilmadan foydalanish samaradorligini oshirish;

— Yaratilayotgan ishlab chiqarish-sotish zanjirlarining barqaror va uygʻun ishlashini oshirish uchun saqlash va qayta ishlash quvvatlarini yangilash va modernizatsiya qilish;

— Mahsulotlarni ishlab chiqarish, qayta ishlash, transport va eksport xarajatlarini kamaytirish uchun rentabellikni oshirish va bozorda shaffof shartnomaviy munosabatlarni joriy etish, kelgusida xalqaro bozor talablariga mos biznes amaliyotini yoʻlga qoʻyishni shakllantirish maqsadida ishlab chiqaruvchilarning turli shakldagi birlashmalariga (kooperativlar, uyushmalar, klasterlar va boshq.) koʻmaklashish;

— Narx shakllanishining bozor mexanizmlariga bosqichma-bosqich oʻtish orqali qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlari narxlarini tartibga solish amaliyotidan voz kechish shular jumlasidandir.

“Maqsadli” davlat kredit resurslarini ajratish amaliyotini bekor qilish, moddiy-texnik resurslar yetkazib berish va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash sohasidagi nostrategik davlat korxonalarini xususiylashtirish ham bu borada muhim ahamiyat kasb etishi eʼtirof etildi. Bu esa resurslar bozorida raqobat muhitini yaratish hisobiga ishlab chiqaruvchilarga koʻproq tanlash erkinligi va moslashuvchanlikni taʼminlash imkonini beradi.

Bu borada mamlakatimizdagi universitetlar reytingini oshirish alohida oʻrin tutadi. Zotan, bu oliy taʼlim muassasalari rivojlanishiga, taʼlim sifatini yaxshilanishiga, raqobatbardosh kadrlar tayyorlanishiga, dunyo bozoriga chiqishiga yoʻl ochib beradi.

Modomiki, shunday ekan, bizning yurtimizda ushbu sohani rivojlantirish uchun quyidagi ishlarni amalga oshirish foydadan xoli boʻlmaydi:

— universitetlar kafedralarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash;

— OTM ni moliyalashtirishning yangi usullarni topish;

— universitetilarda ilmiy tadqiqot ishlarini kuchaytirish va samaradorligini oshirishda xorijiy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish. 
Shu oʻrinda tan olish kerak, professor oʻqituvchilarni xorijiy tillar, asosan rus va ingliz tilini yaxshi bilmasligi oʻz oʻzidan zamonaviy yangi adabiyotlarni oʻz vaqtida oʻzlashtira olmasligiga olib keladi. Bundan tashqari, ilmiy maqolalar chop etishda, chop etilgan adabiyotlardan foydalanishda, Web of Science, Google Scholar, Scopus, ORCID, ResearchID, Researchgate va boshqalarda roʻyxatdan oʻtishda, maʼlumotlar bazasini doimiy toʻldirib borishda juda muhim sanaladi.

Bundan tashqari, motivatsiya hamda boshqa professor-oʻqituvchilarga stimul boʻlishi uchun IELTS, CFER kabi sertifikatlarga ega boʻlgan professor-oʻqituvchilarni bir martalik moddiy ragʻbatlantirish, ilmiy tadqiqot ishlarini xorijiy hamkor ilmiy tadqiqot muassasalari bilan birgalikda olib borish maqsadga muvofiqdir.
Universitetlar ilmiy salohiyatini, reytingini uni tayyorlagan kadrlari, sifatli va yuqori saviyada, xalqaro talablar darajasida tayyorlangan oʻquv va ilmiy adabiyotlari, xalqaro tan olingan maʼlumotlar bazasi roʻyxatiga kirgan jurnallarda chop etilgan maqolalari va ularning iqtibosligi, moddiy texnik taʼminoti, ishlab chiqarish bilan integratsiyasi bilan baholash asosiy mezonligi taʼkidlandi.

— Respublikamizda barcha imkoniyat va sharoitlar boʻlishiga qaramasdan, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini sifat va xavfsizligi boʻyicha xalqaro standartlarga muvofiqligi taʼminlamas ekan, ularning eksport geografiyasini kengaytirib boʻlmaydi, — dedi Toshkent davlat agrar universiteti “Agrologistika” kafedrasi mudiri, iqtisod fanlari doktori professor Muhammad Ali Saidov. — Ilmiy texnikaning rivojlanish davriga qadar insoniyat faqat organik mahsulotlar isteʼmol qilishgan. Ammo qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirishda zamonaviy ilmiy yondashuvlar qoʻllanila boshlangandan keyin, ularga eskicha usul sifatida qaralib, deyarli qoʻllanilmay qoldi. Chunki asosiy eʼtibor hosildorlik, texnologik va organoleptik koʻrsatkichlarning yuqori boʻlishiga asosiy eʼtibor qaratildi.

Natijada qishloq qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirishda birmuncha yutuqlarga erishildi, jumladan, hosildorlik sezilarli darajada oshdi, seleksiya ishlarni natijasida istiqbolli nav va zotlar yaratildi, oʻsimliklarning vegetatsion davri qisqarishiga erishildi. Koʻp navlar introduksiya qilindi.

Ammo kutilmaganda shunday muammolar paydo boʻldiki, bu butun dunyo hamjamiyatini tashvishga solib qoʻydi. Bular — yetishtirilayotgan mahsulotlarning tarkibi sifat va xavfsizlik koʻrsatkichlari boʻyicha insoniyat uchun maʼlum darajada xavfli ekanligi maʼlum boʻldi. Yaʼni isteʼmol qilinayotgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari natijasida inson organizmida turli xil kasalliklar kelib chiqishiga sabab boʻlmoqda. Bunga asosiy sabab esa mahsulotni yetishtirish davrida qoʻllanilgan kimyoviy oʻgʻitlar, turli xil preparatlarning mahsulot tarkibidagi qoldigʻi, biostimulyatorlarning salbiy oqibatlari va hokazolar boʻlib chiqdi. Bundan tashqari, yerning tuproq strukturasiga, atrof-muhitning ekologik koʻrsatkichlariga ham sezilarli darajada salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Shu sababli mahsulot yetishtirish boʻyicha xalqaro normalar ishlab chiqilib, xalqaro miqyosdagi mahsulot realizatsiyasi uchun asosiy meʼyoriy hujjat sifatida qoʻllanila boshlandi.

Hozirda qishloq xoʻjaligi boʻyicha eng koʻp qoʻllanilayotgan xalqaro standartlar Organic va Global G.A.P. xalqaro standartlari hisoblanadi. Statistik maʼlumotlarga qaraganda bugungi kunda jahonda organik mahsulotlar bilan shugʻullanuvchi korxonalar soni 700 mingdan ortiqligi aniqlanib, organik qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchi mamlakatlar Avstraliya (12,3 mln.ga), Xitoy (2,3), Argentina (2,2), AQSH (1,9), Germaniya (0,83), Angliya (0,6) koʻrsatkichlar bilan yetakchilik qilib kelmoqda.

Bugungi anjumanning asosiy maqsadi agrar sohani barqaror rivojlantirishda chuqur nazariy, hamda innovatsion tadqiqotlar olib borish boʻyicha fikr almashish, tayyorlanayotgan kadrlarni agrar sohada erishilgan yutuqlar, olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar bilan yaqindan tanishtirish va ularni bu sohaga jalb qilish asosida yuqori malakali kadrlarni tayyorlashga qaratilgan. Shuningdek, yosh kadrlarga taʼlim berishda oliy oʻquv yurti va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlikda faoliyat koʻrsatish, “ustoz-shogird” anʼanalari asosida uzviy tadqiqotlar olib borish, bu sohani jadal rivojlantirishga xizmat qiladi.

“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?