Agrar soha: islohotlar qanchalik samara beryapti?

11:01 13 Iyul 2020 Siyosat
293 0

Koronavirus pandemiyasi davrida aholini ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirish, iqtisodiy oʻsish va investitsiyaviy faollikni ragʻbatlantirish, ishlab chiqarish surʼatlarini tiklash, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer uchastkalaridan foydalanish samaradorligini yana-da oshirish, tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash yuzasidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Infeksiya keng tarqalishining oldini olish, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini taʼminlash hamda karantin cheklovlarining iqtisodiyot tarmoqlariga taʼsirini yumshatishga oid jami 17 ta Prezident Farmoni va qarorlari qabul qilingani buning tasdigʻidir. Xususan, Prezidentimizning joriy yil 1-maydagi hamda 30-iyundagi qarorlari bu boradagi oʻta muhim vazifalar ijrosini taʼminlashda davlat koʻmagini joriy etishga qaratilgani bilan ahamiyatli. Chunki mazkur hujjatlarda aynan oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishni koʻpaytirish va undan yuqori hosil olishda yer osti suvlari zaxiralaridan foydalanish orqali ekin ekilmay qolayotgan mavjud yer maydonlarini oʻzlashtirish ishlariga davlat koʻmagi berilishi koʻplab tomorqa yer egalarining asriy orzularini amalga oshishiga xizmat qilmoqda.

Shuni taʼkidlash joizki, bugungi sharoitda dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer uchastkalaridan foydalanish samaradorligini yana-da oshirish, tadbirkorlik subyektlariga, fuqarolarga davlatimiz tomonidan berilayotgan imtiyoz va yengilliklarning joylardagi ijrosini toʻliq taʼminlash aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini yaxshilash, kambagʻallikni qisqartirish, odamlarni qiynab kelayotgan muammolarni hal qilishda muhim ahamiyat kasb etib kelmoqda.

Shundan kelib chiqib, bu borada taʼsirchan parlament va jamoatchilik nazoratini oʻrnatish maqsadida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlaridan iborat ishchi guruhi tomonidan hududlarda aholi va tadbirkorlar bilan joylardagi uchrashuvlar davomida pandemiyaga qarshi kurashga yoʻnaltirilgan Prezident Farmon va qarorlarining oʻz vaqtida va aniq manzilga qaratilganligi bilan ahamiyatli ekanligiga ishonch hosil qildilar.

Aholi ushbu qarorlar mazmun-mohiyatini tushunganligi, ular tomonidan berilgan imtiyozlardan kengroq foydalanishga va kambagʻallikni kamaytirishga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirishda faollik koʻrsatishlari ishchi guruhi tomonidan qayd etildi.

Albatta, dunyoda oziq-ovqat mahsulotlari yetishmovchiligi yuzaga kelishi mumkin boʻlgan sharoitda qishloq xoʻjaligidagi mavjud resurs va imkoniyatlardan toʻliq foydalanish, oziq-ovqat ekinlarini ikki barobarga koʻpaytirish, yuqori hosil olish, qishloq xoʻjaligi sohasida yangi ish oʻrinlarini yaratish va manfaatdorlikni oshirish borasida zamonaviy yondashuvlarni joriy etish bugungi kunning dolzarb masalasi hisoblanadi.

Aholi tomorqalarida yetishtirilayotgan mahsulotlar boʻyicha quyidagi raqamlar esa ana saʼy-harakatlar samarasidir. Yaʼni 2020-yilda ertaki ekinlar 30,7 ming gektar maydonga (2019-yilda 30,5 ming gektar) ekilib, hosil 5,0 mln.tonna (2019-yilda 4,9 mln.tonna) yetishtirilishi kutilmoqda. Xuddi shunday oʻrtaki ekinlar 231,0 ming gektarga (2019-yilga nisbatan 58 ming gektar koʻp) maydon ekilib, 310,3 ming tonna hosil (oʻtgan yilga nisbatan 97,4 ming tonna koʻp) yetishtiriladi. Toʻqsonbosti ekinlarni esa 2019-yilga nisbatan 1,21 mln. tonnadan ortiq qishloq xoʻjaligi mahsuloti yetishtirish belgilanib, jami 2,4 mln.tonnaga yetkazish kutilmoqda.

Joriy yilda ekin ekish, ixcham issiqxona qurish, parrandachilik, chorvachilik va boshqa yoʻnalishlar uchun 58,6 mlrd. soʻm va suv taʼminoti ogʻir joylarda sugʻorish quduqlari qazish uchun 16,8 mlrd.soʻm jamgʻarma mablagʻlaridan ajratilishi fermer, dehqon xoʻjaliklari hamda tomorqa yer egalariga qoʻshimcha moliyaviy madad, koʻmak, ularni mashaqqatli davrda qoʻllab quvvatlash namunasi boʻlmoqda.

Shu bilan birga, “Dehqon xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi yangi tahrirdagi hamda “Tomorqa xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi qabul qilinishi kutilayotgan qonunlar dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer uchastkalaridan foydalanish samaradorligini yana-da oshirish, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, qishloq aholisining bandligi va turmush darajasini yana-da yuksaltirish omili boʻladi.

Ravshan MAMUTOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining
Agrar va suv xoʻjaligi masalalari

qoʻmitasi raisi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?