Agrar sektorni qishloq xoʻjaligi texnikalari bilan oʻz vaqtida taʼminlashga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

22:25 04 Aprel 2019 Hujjatlar
673 0

Illyustrativ foto

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Soʻnggi yillarda respublikamizning agrar sektorini xalqaro standartlarga muvofiq hamda mamlakat hududlarining tabiiy iqlim va tuproq sharoitlariga javob beradigan zamonaviy mahalliy va xorijiy qishloq xoʻjaligi texnikalari bilan taʼminlash boʻyicha faol chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, birgina 2018 yilda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilariga, birinchi navbatda, fermer xoʻjaliklari, paxta-toʻqimachilik ishlab chiqarishni tashkil etuvchilar va klasterlarga 33,7 mingdan ortiq qishloq xoʻjaligi texnikasi yetkazib berildi. Bu esa 2017 yilgi koʻrsatkichlar bilan taqqoslaganda 1,5 baravar koʻp.

Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga qaramasdan, mavjud qishloq xoʻjaligi texnikalarining 25 foizidan ortigʻi 15 yildan ortiq muddat mobaynida ekspluatatsiya qilinmoqda, shu bois qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarini sifatli va arzon texnikalar bilan taʼminlash ustuvor vazifa boʻlib qolmoqda va davlat tomonidan yanada qoʻllab-quvvatlashni taqozo etadi.

Qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarini sifatli qishloq xoʻjaligi texnikalari bilan taʼminlashni davlat tomonidan moliyaviy qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini joriy etish, shuningdek, ushbu jarayonga tijorat banklarining moliyaviy mablagʻlarini jalb etish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda Iqtisodiyot va sanoat vazirligining qishloq xoʻjaligi sohasidagi korxonalarning qishloq xoʻjaligi texnikalarini xarid qilishini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning quyidagi tartibini joriy etish toʻgʻrisidagi takliflari qabul qilinsin:

mahalliy gʻalla oʻrish va paxta terish texnikalarini yetkazib berishni moliyalashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasining (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki qayta moliyalash stavkasining 50 foizidan oshmagan foiz stavkasi boʻyicha va qaytarilish muddati xarajatlar qoplanishi muddatiga qarab 7 yildan 10 yilgacha boʻlgan qarz mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi hamda moliyalashtirish hajmi Jamgʻarma daromadlari va xarajatlarini shakllantirishda belgilanadi;

qishloq xoʻjaligi sohasidagi korxonalarning gʻalla oʻrish va paxta terish texnikasidan tashqari, respublikada ishlab chiqarilgan barcha turdagi traktorlar, gʻalla va paxta seyalkalari, shuningdek, uch yoki undan ortiq omoch korpuslarini xarid qilish uchun kredit va lizing shartnomalari boʻyicha foiz xarajatlari tijorat banklari va lizing kompaniyalari tomonidan belgilangan foiz stavkasining 10 foizlik punkti miqdorida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan qoplanadi. Bunda foiz xarajatlarini qoplashning ushbu miqdori Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki qayta moliyalash stavkasining oʻzgarishiga qarab Moliya vazirligi tomonidan qayta koʻrib chiqilishi mumkin.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:

a) 2019 yilda eksperiment tariqasida Jizzax, Qashqadaryo, Surxondaryo, Sirdaryo va Toshkent viloyatlaridagi qishloq xoʻjaligi korxonalari tomonidan paxta terish ishlariga jalb qilinadigan paxta terish mashinalari xizmatidan foydalanganlik uchun xarajatlarning 30 foizini qoplab berishni taʼminlasin;

b) Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda paxta terish mashinalari xizmatiga haq toʻlash xarajatlarini qoplab berish boʻyicha eksperiment natijalari asosida 2019 yil 1 dekabrga qadar ushbu amaliyotni mamlakatning boshqa hududlariga tatbiq etish yuzasidan asoslantirilgan takliflarni kiritsin;

v) 2019 yil 20 aprelga qadar:

mazkur qarorda nazarda tutilgan davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlarini amalga oshirish tartibini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

“Oʻzagrolizing” AJ, “Oʻzmashlizing” MCHJ va qishloq xoʻjaligi texnikasi ishlab chiqaruvchilari oʻrtasidagi 2018 yilning IV choragida lizing asosida yetkazib berilgan texnikalar uchun oʻzaro hisob-kitoblarni amalga oshirishga 155,6 milliard soʻm miqdoridagi mablagʻlar Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan ajratilishini taʼminlasin.

3. AT Xalq banki va “Mikrokreditbank” ATBning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 4 maydagi “Oʻzbekiston Respublikasi aksiyadorlik tijorat Xalq banki va “Mikrokreditbank” aksiyadorlik tijorat bankining moliyaviy holatini yaxshilash hamda faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3694-sonli qaroriga muvofiq ularning ustav kapitaliga yoʻnaltirilgan mablagʻlarning 30 foizini 2019 yilda mahalliy qishloq xoʻjaligi texnikalarini xarid qilish uchun maqsadli kreditlar ajratishga yoʻnaltirish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

4. Mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan qishloq xoʻjaligi texnikalarini sotishdan tushgan mablagʻlar 2020 yil 1 yanvarga qadar qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod etilsin.

Belgilansinki, 2020 yil 1 yanvarga qadar lizing kompaniyalari va tijorat banklari uchun qoʻshilgan qiymat soligʻi lizing xizmatlari qismida qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod qilingan, shu jumladan, import qilingan lizing obyektini sotib olish narxi va sotish narxi oʻrtasidagi ijobiy farqdan hisoblanadi.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bir oy muddatda qishloq xoʻjaligi texnikalari mahalliy ishlab chiqaruvchilariga yillik 5 foiz stavkada, shu jumladan, tijorat bankining 1 foiz marjasini inobatga olgan holda, maqsadli kreditlar ajratish uchun 50 million AQSH dollarini tijorat banklariga ularning buyurtmanomalari asosida ikki yil muddatga depozit sifatida joylashtirsin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

bir oy muddatda 2019 — 2021 yillarda mahalliy ishlab chiqarilgan qishloq xoʻjaligi texnikalarini lizing asosida yetkazib berishni moliyalashtirish maqsadida har yili 100 million AQSH dollaridan kam boʻlmagan miqdorda xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining uzoq muddatli imtiyozli kredit liniyalari jalb qilinishini taʼminlasin;

mamlakatda qishloq xoʻjaligi texnikalari uchun ehtiyot va butlovchi qismlarni ishlab chiqarishni tashkil etishga qaratilgan investitsiya loyihalarining jadal amalga oshirilishi ustidan tizimli monitoring oʻrnatsin va bunda “Oʻzagrotexsanoatxolding” AJga amaliy yordam koʻrsatsin.

7. “Oʻzagrotexsanoatxolding” va “Oʻzagroservis” aksiyadorlik jamiyatlari hamda ularning tarkibiga kiruvchi korxonalar boshqaruv organlari, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligining tanlov asosida eng yaxshi takliflarni ajratib olish yoʻli bilan:

“Oʻzagrotexsanoatxolding” AJning xoʻjalik jamiyatlari ustav kapitali (fondi)dagi ulushlarini korxonalarning asosiy faoliyati turini saqlab qolish sharti bilan 1-ilovaga muvofiq;

hududiy “Agroservis MTP” MCHJning mashina-traktor parklari ustav kapitali (fondi)dagi ulushlarini tadbirkorlik subyektlariga baholash qiymatida mashina-traktor parklarining asosiy faoliyati turi (mexanizatsiya va servis xizmatlarini koʻrsatish)ni saqlab qolish va 5 yil muddatga boʻlib toʻlash sharti bilan 2-ilovaga muvofiq sotish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

8. Belgilab qoʻyilsinki:

“Oʻzagrotexsanoatxolding” AJning xoʻjalik jamiyatlari ustav kapitali (fondi)dagi ulushini 1-ilovaga muvofiq sotishdan tushgan mablagʻlar “Oʻzagrotexsanoatxolding” AJning investitsiya loyihalarini amalga oshirishga yoʻnaltiriladi;

mashina-traktor parklari sotilmagan taqdirda, boshlangʻich narxni ular sotuvga qoʻyilgan sanadan ikki oy oʻtgach har 15 kunda bosqichma-bosqich 10 foizga kamaytirish mexanizmini qoʻllagan holda, ammo nominal qiymatdan kam boʻlmagan narxda ommaviy sotuvga qoʻyiladi. 

9. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xoʻjalik jamiyatlarining ustav kapitalidagi ulushlarni baholash hamda ularni sotish boʻyicha tanlovlarni eʼlon qilish va oʻtkazishda shaffoflikni taʼminlashda “Oʻzagrotexsanoatxolding” AJ va “Oʻzagroservis” AJga har tomonlama koʻmaklashsin.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi Qishloq xoʻjaligi vazirligi va “Oʻzagrotexsanoatxolding” AJ bilan birgalikda bir oy muddatda toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb qilgan holda qishloq xoʻjaligi texnikalari uchun butlovchi va ehtiyot qismlarni ishlab chiqarishni kengaytirish hamda 2021 yilning oxiriga barcha turdagi qishloq xoʻjaligi texnikalarini ishlab chiqarishda mahalliylashtirish darajasini kamida 40 foizga yetkazishni nazarda tutuvchi “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

11. “Oʻzagrotexsanoatxolding” AJ, “Oʻzagrolizing” AJ tijorat banklari va qishloq xoʻjaligi korxonalari bilan birgalikda bir oy muddatda mahalliy ishlab chiqarilgan qishloq xoʻjaligi texnikalarini xarid qilish boʻyicha buyurtmalar portfelini shakllantirsin.

12. Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi mazkur qarorda nazarda tutilgan chora-tadbirlarning oʻz vaqtida moliyalashtirilishi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatsin.

13. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, shuningdek, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalari ushbu qaror qoidalarining keng yoritilishini taʼminlasin.

14. “Oʻzagrotexsanoatxolding” AJ Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

15. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z. Sh. Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti     Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2019 yil 4 aprel


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?