Agar Sizda “IMEI” kodlari bilan bogʻliq muammolar yuzaga kelsa, yashash manzilingiz boʻyicha ichki ishlar organlariga murojaat qiling!

20:44 03 Sentyabr 2020 Jamiyat
660 0

Mamlakatimizning barcha hududlarida mobil aloqani rivojlantirish, zamonaviy servis xizmatlarini joriy etish orqali interaktiv davlat xizmatlari va elektron tijoratdan foydalanish imkoniyatlarini yaratish, shuningdek, xalqaro standartlarga mos keladigan uyali aloqa vositalari va mobil aloqa moduliga ega qurilmalarni keng ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish maqsadida Hukumat tomonidan bir qator tegishli chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.

Shu jumladan, uyali aloqa vositalarining mamlakatimiz hududiga noqonuniy yoʻllar bilan kirib kelishini oldini olish, mazkur yoʻnalishdagi faoliyatni markazlashgan tizim sifatida tartibga solish maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 22-oktyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi mobil qurilmalarni hisobga olish tizimini tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 847-son Qaroriga asosan “Oʻzbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi” davlat unitar korxonasi (UZIMEI) tashkil etilib, uning zimmasiga mobil qurilmalarning identifikatsiya kodlarini roʻyxatga olish, vazirlik va idoralar hamda telekommunikatsiya operatorlari bilan oʻzaro hamkorlik qilishi yuklatilgan.

Soʻngi vaqtlarda, xorijiy davlatlardan mamlakatimizga kelayotgan fuqarolarning shaxsga doir maʼlumotlaridan uchinchi shaxslar tomonidan noqonuniy ravishda foydalanilib, ularning maʼlumotlari asosida “UZIMEI” mobil qurilmalar IMEI-kodlarini roʻyxatdan oʻtkazish tizimi orqali, kelib chiqishi maʼlum boʻlmagan uyali aloqa vositalari roʻyxatga qoʻyilayotgani haqidagi murojaatlar soni ortib borayotganligi kuzatilmoqda. Shu munosabat bilan, mazkur holatni muhokama etish maqsadida, joriy yilning 3-sentyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Davlat bojxona qoʻmitasi va “UZIMEI” tizimi operatori masʼul xodimlari ishtirokida ishchi uchrashuv oʻtkazilib, unda yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etish yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi.

Taʼkidlab oʻtish joizki, shaxsga doir maʼlumotlar Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 2-iyuldagi “Shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisida”gi OʻRQ-547-son Qonuni bilan himoyalanib, fuqarolarning shaxsga doir maʼlumotlarini qonunga xilof ravishda yigʻish, tizimlashtirish, saqlash, oʻzgartirish, toʻldirish, ulardan foydalanish, ularni berish, tarqatish, uzatish, egasizlantirish va yoʻq qilish Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksining 46-2-moddasiga asosan fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa-besh baravaridan oʻn baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. Oʻsha harakatlar maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilsa, yoxud bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirilib, takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan, gʻarazli yoki boshqacha past niyatlarda, xizmat mavqeidan foydalangan holda sodir etilsa, yoxud ogʻir oqibatlarga sabab boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 141-2-moddasiga asosan uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Shu oʻrinda yurtdoshlarimizdan, agarda telefonlarining “IMEI” kodlari bilan bogʻliq yuqoridagi muammolar yuzaga kelgan taqdirda yashash manzillari boʻyicha ichki ishlar organlariga murojaat qilishlarini tavsiya etamiz.

IIV Tezkor-qidiruv hamkorligi boshqarmasi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?