“Agar odamlar yaxshi yashamasa, YAIM oʻsishidan nima naf?” – Jozef Stiglis

14:38 26 Noyabr 2019 Iqtisodiyot
253 0

Iqtisodiyot boʻyicha Nobel mukofotini olgan Jozef Stiglis iqtisodiy holatni oʻlchash uchun yalpi ichki mahsulot(YAIM) atamasidan foydalanishni toʻxtatib, yangi oʻlchov(metrika) oʻylab topishni taklif etdi.

“Yangi oʻlchovda nafaqat iqtisodiy oʻsish, balki ijtimoiy-siyosiy muammolar ham inobatga olinishi kerak”, deb yozadi Stiglis The Guardian gazetasida chiqqan maqolasida.

“Bugungi kunda muayyan davrda mamlakatda ishlab chiqarilgan tovarlar va xizmatlar qiymatini oʻzida ifodalaydigan YAIM iqtisodiy koʻrsatkichlarning standart mezoni hisoblanadi. 2008-yilda moliyaviy inqiroz yuzaga kelmasidan oldin YAIM yildan-yilga oʻsayotgan edi”, - deya taʼkidlaydi u.

Stiglisning fikricha, mana shunday standart koʻrsatkich ham vaziyat salbiy tomonga oʻzgarayotganini oʻz vaqtida koʻrsatib bera olmagan. Garchi 2007-yildayoq ayrim ziyrak iqtisodchilar yaqinlashib kelayotgan inqiroz haqida ogohlantirgan boʻlishsa-da, yalpi ichki mahsulotning standart koʻrsatkichlari hammasi meʼyorida ekanligini koʻrsatib turavergan.

Nobel mukofoti laureatining aytishicha, YAIM tushunchasi shunchaki eskirgan. Dunyo iqlim oʻzgarishlari, notenglik va demokratiya inqirozi kabi muammolar bilan kurashyapti, ammo YAIMda bularning birortasi inobatga olinmaydi.

“Moliyaviy inqirozdan keyingi qayta tiklanishning dastlabki uch yilida daromadning qariyb 91 foizi dunyo aholisining 1 foizi qoʻlida yigʻilib qolgan edi. Shunday ekan oʻshanda koʻplab siyosatchilarning iqtisodiyot tiklanyapti degan gaplariga koʻpchilik shubha bilan qaraganiga ajablanmasa ham boʻladi”, - deydi Stiglis.

Stiglisning agar biz notoʻgʻri narsalarni oʻlchay boshlasak, notoʻgʻri qarorlar chiqara boshlashimizga ishonchi komil.

“Iqtisodiy koʻrsatkichlar va ijtimoiy yuksalish boʻyicha baholarimizda hammasi risoladagidek emasligi koʻrinib turibdi. Yomon tomoni, oʻlchovlarimiz tez-tez yolgʻon taassurotlar paydo qiladi va ular oʻrtasida oʻziga xos kelishuv ham bordek; masalan, odamlarning iqtisodiy xavfsizligini oshiruvchi, u xoh pensiyalar yoki davlat umumjamiyat farovonligini yaxshilash yoʻli bilan boʻlsin, oʻzgarishlar milliy iqtisodiy koʻrsatkichlar hisobiga roʻy beradi”, - deya qoʻshimcha qiladi ekspert.

Iqtisodiy ahvolni koʻrsatib beruvchi yanada yaxshiroq mezonlarni yaratish, hukumat esa YAIM doirasidan chiqishi mumkinligi va shartligiga u ishonadi.

Maʼlumot uchun, Jozef Stiglis amerikalik keynsianchi-iqtisodchi. 2001-yilda Jorj Akerlof va Maykl Spens bilan “bozorni assimetrik maʼlumotlar asosida tahlil qilib bergani” uchun Nobel mukofotiga loyiq koʻrilgan. Kolumbiya universiteti professori. J.Klark medali(1979-yil), Rektenvald mukofotini(1998-yil) olgan. AQSH prezidenti huzuridagi Iqtisodiy maslahatchilar kengashi raisi(1995-1997-yillar), Jahon banki bosh iqtisodchisi(1997-2001-yillar) boʻlgan. Cheklanmagan bozor, monetarizm va yangi klassik iqtisodiy maktabning ashaddiy tanqidchisi hisoblanadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?