Afsonaviy ispan futbolchisi Toshkentga keldi

21:06 08 Aprel 2019 Sport
359 0

Illyustrativ foto

Ispaniya terma jamoasi va “Barselona” klubining sobiq yulduzi Xavi bugun Toshkentga yetib keldi. Ayni paytda u Qatarning “Al-Sadd” jamoasi tarkibida toʻp surmoqda.

Xabaringiz bor, ushbu klub ertaga Toshkentda Osiyo chempionlar ligasi guruh bosqichining uchinchi turi doirasida “Paxtakor”ga qarshi maydonga tushadi.

“Al-Sadd” oʻz mamlakatining 14 karra chempioni va 16 karra kubok sohibi sanaladi. U ikki karra OCHL gʻolibi ham boʻlgan. Murabbiysi portugaliyalik Jezualdu Ferreyra bundan oldin oʻz yurtining “Benfika”, “Portu”, “Sporting”, “Braga”, “Boavishta”, Ispaniyaning “Malaga”, Gretsiyaning “Panatinaikos” jamoalarini boshqargan. Portugaliya, Misr va Qatar chempionatlarida zafar quchgan.

Mashhur yarim himoyachi Xavi “Al-Sadd”ga 2015 yilda koʻchib oʻtgandi. Bundan oldin toʻliq faoliyatini Kataloniya klubida oʻtkazgan. 1998 yilda ushbu klubda debyut qilgan isteʼdodli futbolchi barcha turnirlarda 766 ta oʻyinda maydonga tushgan.

Qatarliklar tarkibida yana bir ispan oʻyinchisi bor. U “Atletiko”ning sobiq sardori Gabidir.

Ayni paytda “Paxtakor” jadvalda dastlabki ikki turdan soʻng 4 ochko bilan peshqadam boʻlib turibdi. “Al-Sadd” esa Saudiyaning “Al-Ahli”si bilan 3 ochkodan jamgʻarib, mos ravishda 2-3-oʻrinlarda bormoqda. Oxirgi oʻrinda bir ochko olgan Eronning “Persepolis”i jamoasi ketyapti.

Eslatib oʻtamiz, ikkinchi turda vakillarimiz oʻz uyida “Al-Ahli”ni Marat Bikmayevning 62-daqiqada kiritgan yagona goli evaziga kichik hisobda magʻlubiyatga uchratgan edi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?