Afgʻonistonlik ishbilarmonlar Surxondaryoda zaʼfaron yetishtirmoqchi

18:18 26 Noyabr 2019 Iqtisodiyot
440 0

Afgʻoniston Islom Respublikasi Savdo-sanoat palatasi raisi oʻrinbosari Muhammad Muhsin Amiriy rahbarligidagi ishbilarmonlar delegatsiyasi Surxondaryo viloyatiga keldi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar qildi.

Oʻzaro savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish maqsadida tashrif buyurgan mehmonlar Surxondaryo viloyati hokimi Toʻra Bobolov bilan uchrashdi.

Mamlakatimizda xorijiy investorlarga yaratilgan qulay ishbilarmonlik muhitidan foydalanib, Afgʻoniston biznes vakillari yurtimizda sanoat, qishloq xoʻjaligi va xizmat koʻrsatish tarmoqlarini rivojlantirishga munosib hissa qoʻshayotir. Xususan, ayni paytda Surxondaryo viloyatida qoʻshni mamlakat sarmoyadorlari ishtirokida xizmat koʻrsatish sohasida 111, qishloq xoʻjaligida 49 va sanoatda 35 qoʻshma hamda xorijiy korxona faoliyat yuritmoqda.

Termiz tumanidagi “Termiz kargo” eksport markazida biznes vakillari uchun zamonaviy qulayliklar yaratilgan. Bojxona terminali, keng, shinam mehmonxona, restoran va boshqa shoxobchalar afgʻon ishbilarmonlariga sifatli xizmat koʻrsatadi. Hujjatlarning “Bir darcha” prinsipi asosida taqdim etilishi rasmiylashtirish jarayonlarini hech qanday toʻsiqlarsiz, tez va sifatli amalga oshirish imkonini bermoqda.

Joriy yilning oʻtgan davrida qoʻshni mamlakatga viloyatdan 45 million dollardan ortiq qiymatdagi mahsulotlar eksport qilindi. 2019-2020-yillarda afgʻon tadbirkorlari hamkorligida Janub vohasida sanoat, qishloq xoʻjaligi va xizmat koʻrsatish sohalarida qiymati 46 million dollar boʻlgan 40 loyihani amalga oshirishga kelishilgan.

— Oʻzbekistonda hayotga tatbiq etilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, xususan, Surxondaryoda xorijiy tadbirkorlarga yaratilayotgan investitsiyaviy imkoniyatlar yana bir guruh afgʻonistonlik ishbilarmonlarning viloyatingizga qiziqishini orttirdi — deydi Muhammad Muhsin Amiriy.

Uchrashuv chogʻida viloyatda qishloq xoʻjaligi mahsulotlari tayyorlash, saqlash, qayta ishlash va eksport qilish, tashqi bozor talabiga mos qurilish mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish, togʻ-kon tarmogʻini rivojlantirish va boshqa investitsiya loyihalarini amalga oshirish yuzasidan oʻzaro fikr almashildi.

Maʼlumki, Afgʻoniston, Eron, Turkiya, Ozarbayjon, Rossiya, Xitoy, Hindiston, Avstraliya kabi oʻn beshdan ortiq mamlakatlarda yetishtiriladigan, oltindek qadrlanadigan zaʼfaron oʻsimligidan koʻz tomizgʻichlari, turli dorilar, quvvatbaxsh damlamalar tayyorlanadi.

Tadqiqotlarning koʻrsatishicha, shifobaxsh zaʼfaron Surxondaryoning tuproq-iqlim sharoitiga toʻliq mos boʻlib, uni togʻ va togʻoldi hududlarda, bogʻ va tokzorlar qator oralarida, oʻrmon hududlarida yetishtirish imkoniyati mavjud.

Afgʻonistonlik ishbilarmonlar bilan boʻlib oʻtgan muloqotda zaʼfaron oʻsimligi, shuningdek, dunyoga mashhur Jalolobod anorlarini Surxondaryoda yetishtirishni yoʻlga qoʻyish masalasida ham kelishib olindi.

Ilhom RAHMATOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?