Afgʻonistondan Xitoyga yuk ilk marta Oʻzbekiston orqali joʻnatildi

14:53 06 Sentyabr 2019 Jamiyat
210 0

Kecha Afgʻoniston Islom Respublikasidan XXRga birinchi yuk konteyneri eksporti ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Bu haqda “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ matbuot xizmati xabar berdi.

Yarim tayyor talʼk (texnika va meditsinada ishlatiladigan oq yoki koʻkish rangli mineral) ortilgan 41 ta konteyner tarkibi Hayraton stansiyasidan yoʻlga chiqdi. U Amudaryo ustidagi Doʻstlik avtomobil va temir yoʻl koʻprigidan tranzit orqali Oʻzbekiston hamda Qozogʻistondan oʻtdi.

Ochilish marosimida AIRdan ushbu davlat rahbari maʼmuriyati, Transport vazirligi, Afgʻon temir yoʻl boshqarmasi, Balx muzofoti gubernatori, Hayraton shahri meriyasi ofisi vakillari qatorida Oʻzbekiston, Qozogʻiston, XXRning Afgʻonistondagi elchixonalari, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ vakillari ishtirok etdi. 

Qayd etish joizki, Oʻzbekiston Afgʻoniston bilan ikki tomonlama aloqalarni kengaytirishda davom etyapti, ushbu davlatda tinchlikni oʻrnatish boʻyicha xalqaro sayʼ-harakatlarga faol qoʻshilmoqda.

Barcha darajalardagi jadal va ishonchli aloqalar, ikki davlat rahbarining siyosiy irodasi Oʻzbekiston va Afgʻoniston oʻrtasidagi ikki tomonlama munosabatlarga mutlaqo yangi surʼat baxsh etdi. Bu barcha sohalardagi hamkorlikda oʻz ifodasini topyapti. Xususan, temir yoʻl jabhasida ham oʻzaro manfaatli sheriklik va oʻzbek-afgʻon aloqalarini yanada rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar ochilmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?