Afg‘onistonda yashaydigan bolalarning deyarli yarmi maktablarda o‘qimaydi

12:05 04 Iyun 2018 Dunyo
1152 0
Foto: anticorr.media

Afg‘oniston mamlakatida yashaydigan bolalarning deyarli yarmi maktablarda o‘qimasligi ma’lum bo‘ldi. Bu haqda YUNISEF hisobotiga asoslanib Tolonews axborot manbasi xabar berdi.

Unga ko‘ra, mamlakatda 7 yoshdan 17 yosh oralig‘idagi qariyb 3,7 million bola va o‘smir, ya’ni u yerdagi mazkur yosh guruhlari vakillarining 44 foizi maktabga borish imkoniyatiga ega emas. “Amerika ovozi” teleradiosining qayd etishicha, bu “Tolibon” harakati hokimiyati ag‘darilgan 2000 yil boshidan buyon kuzatilgan eng yuqori ko‘rsatkichdir.

Davom etayotgan harbiy harakatlar, maktablar uchun xavfsizlik kafolati yo‘qligi, yuqori darajadagi qashshoqlik buning sabablari sifatida ko‘rsatib o‘tilgan. O‘z navbatida gender tengligi bo‘yicha ham muammolar o‘tkirligicha qolgan. Masalan, ta’lim dargohiga bormaydigan bolalarning katta qismi, ya’ni 2,7 millionga yaqini qizlardir. Buni mamlakat ta’lim vazirligi ham tasdiqlagan. Xususan, Gelmend va Uruzgan kabi muzofotlarda 85 foiz qizlar maktabga yuborilmaydi.

Qizlarni erta turmushga berib yuborish odati mavjudligi ham mazkur muammoga yechim topish yo‘lidagi to‘siqlardan biridir. Bu o‘z navbatida maktablarda ayol o‘qituvchilar tanqisligini ham keltirib chiqarayotir.

YUNISEFning ma’lum qilishicha, qachonki bolalar maktab ta’limidan uzib qo‘yilsa, ular orasida yomon munosabat va eksplutatsiyaga uchrash xavfi ham ortadi. Bundan oldin, Afg‘onistondagi 7-18 yoshdagi milliondan ziyod yosh avlod vakillari ishlashga majburligi haqida ma’lum qilingandi. Ularning qariyb 15 foizi yoshi kattalarning shafqatsiz munosabatidan aziyat chekadi. Ko‘pchiligi topgan pulini oilasi ehtiyoji uchun beradi.

Ma’lumot uchun, Afg‘onistonda hamon hukumat kuchlari bilan mavjud radikal guruhlar, xususan, “Tolibon” harakati o‘rtasida to‘qnashuvlar kuzatilyapti. Butun mamlakat bo‘ylab mingga yaqin maktablar yopilgan. Yaqindan “tolib”lar tomonidan ushbu davlat g‘arbiy qismlariga uyushtirilgan hujumlar oqibatida yana yuzlab ta’lim muassasalari o‘z faoliyatini to‘xtatdi.

Bunga sabab xavfsizlikka tahdiddan tashqari, jangarilar tomonidan ular nazorat qilayotgan hududlarda maktablar faoliyatining majburan tugatilishidir.
 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?