Afg‘onistonda ISHID terrorchilari soni qancha?

15:13 02 Iyul 2018 Dunyo
849 0

Afg‘oniston rasmiylari ayrim manbalarning 34 viloyatining 9 tasida minglab “Islom davlati” jangarilari bor degan ma’lumotlarni inkor etmoqda.

Ushbu davlat mudofaa vazirligi vakili Muhammad Radmanish ma’lumotiga tayanib, “Amerika ovozi”ning xabar berishicha, Nangarhor, Kunar, Nuriston va Juzjon viloyatlarida 2000 atrofida jangari bor, xolos.
O‘tgan hafta Rossiyaning BMTdagi vakili Vasiliy Nebenzya Afg‘onistonning Markaziy Osiyo bilan tutash viloyatlarida “Islom davlati” terrorchilik guruhi faollashgani haqida ogohlantirgan edi.

“Guruh safida 10 minggacha jangari bor va ular 34 viloyatning kamida to‘qqiztasida allaqachon faol. Mamlakat sharqida mavqeini borgan sari kuchaytirib bormoqda. Bu joy Markaziy Osiyoga ta’sirlarini yoyish nuqtasiga aylanib bormoqda”, - degan edi Nebenzya. Uning qayd etishicha, guruh jangarilar, xususan, markaziy osiyoliklar uchun tayyorgarlik lagerlarini tashkil etyapti.

“Biz bu faktlardan ko‘z yuma olmaymiz”, - deya qo‘shimcha qilgan Nebenzya.

Ma’lumot uchun, ISHID Afg‘onistonda, xususan, poytaxt Kobulda harbiylar va tinch aholiga qarshi xudkush bomba hujumlarini uyushtirib keladi. Bu xurujlarda yuzlab qurbonlar berilgan. So‘nggi portlashlardan biri o‘tgan hafta seshanba kuni Kunar viloyatida yuz berdi. Hujumda kamida to‘qqizta politsiyachi halok bo‘lgan.

Amerika harbiylari esa ISHIDning ta’siri kuchayayotgani haqidagi yuqoridagi da’voni asossiz, deb hisoblamoqda. AQSH harbiylariga ko‘ra, afg‘on maxsus kuchlariga ko‘rsatilayotgan yordam natijasida ISHIDning Nangarhor, Kunar, Nuriston va Juzjon viloyatlaridagi ta’siri ancha kamaygan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?