Afg‘onistonda giyohvand moddalar yetishtirish keskin ko‘paygan

12:14 28 May 2018 Dunyo
400 0

 

Foto: Русская весна

Afg‘oniston huquq-tartibot organlari tomonidan kuniga qariyb bir tonna narkotik moddalar musodara etilayapti. 
Bu haqda Tolonews mazkur davlat ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga tayanib xabar berdi.

Afg‘oniston ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Abdul Baxtiyorning aytishicha, oxirgi ikki oyda taxminan 70 tonna giyohvandlik vositalari musodara qilindi, yuzlab operatsiyalar o‘tkazilib, narkotik moddalarning noqonuniy aylanishiga aloqadar bo‘lgan 700ga yaqin kishi ushlandi, og‘u ishlab chiqaradigan bir qator laboratoriyalar yo‘qotildi.
Hokimiyat vakillarining aytishicha, mamlakatda ko‘knor ekiladigan maydonlar ko‘paygan va giyohvandlar soni ham ortgan.

Bu yerda 2017 yil martidan 2018 yil martigacha bo‘lgan davrda narkotiklar bilan bog‘liq 600ga yaqin jinoyat aniqlangan. Qo‘lga olinganlar ichida mansabdor shaxslar ham bor. Ular turli yillarda ozodlikdan mahrum etildi. Shu vaqt mobaynida, jumladan, 1,8 tonna geroin musodara qilingan.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 2017 yilda mazkur hududda ko‘knor ekilgan maydonlar rekord daraja – 328 ming gektarga yetgan. Bu bir yilda 60 foiz ko‘paydi deganidir. Ulardan olinadigan narkotik vosita qoradori ekvivalentida qariyb 9 ming tonnaga yetib, 2016 yilga nisbatan ikki barobar oshgan. BMT ma’lumotiga ko‘ra, bu dunyo jinoyatchilik olami “ehtiyoji”dan ham ko‘p bo‘lib, ortib qolgan og‘u jinoyatchilik guruhlari omborlarida saqlanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Afg‘onistonda narkotiklar bilan bog‘liq noqonuniy biznes yiliga 4-6 milliard AQSh dollariga baholanadi. 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?