Afgʻonistonda Abu Rayhon Beruniy hayoti va faoliyatiga bagʻishlangan xalqaro seminar oʻtkazildi

18:20 14 Sentyabr 2018 Jamiyat
96 0
Foto: Ziyouz.Uz

Yaqinda Afgʻoniston poytaxti Kobul shahrida Abu Rayhon Beruniy hayoti va faoliyatiga bagʻishlangan xalqaro seminar oʻtkazildi. Ushbu ilmiy anjumanda Oʻzbekiston va Hindistondan beruniyshunos olimlar ishtirok etdi. Bu haqda “Amerika ovozi” teleradiosi xabar berdi.

Oʻzbekistondan tashrif buyurgan delegatsiyaga professor olim Ashraf Ahmedov rahbarlik qildi. Shuningdek, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi qoshidagi Sharqshunoslik instituti doktoranti Feruza Jumaniyazova va mazkur akademiya tayanch doktoranti Umida Kuranbayeva oʻzlarining Beruniy haqidagi maqolalarini taqdim etishdi.

Barcha olimlar seminar ishtirokchilari tomonidan qizgʻin kutib olindi. Ayniqsa, Oʻzbekistondan tashrif buyurgan beruniyshunoslar shimoliy viloyatlardan borgan, ushbu ilmiy seminarda qatnashgan yoshlar tomonidan xush qarshilandi.

“Ikki davlatda yashovchi xalqlarning madaniy-maʼrifiy mushtarak merosi hisoblangan mavzular, olim va donishmandlar hayoti va faoliyatiga bagʻishlangan ilmiy anjumanlar oʻtkazilishi zarur”, - dedi Ashraf Ahmedov.

Bugungi kunda Oʻzbekiston va Afgʻoniston koʻplab sohalarda hamkorlik qilmoqda. Oʻzbekiston Afgʻoniston bilan siyosat, savdo, iqtisodiyot, madaniyat va boshqa sohalar boʻyicha aloqalarni kuchaytiryapti.

Kobulda Beruniy haqida oʻtkazilgan seminar ham ikki davlat rahbarlarining Toshkentdagi uchrashuvida kelishilgan mavzulardan biri edi. Maʼlumotlarga koʻra, keyingi safar Oʻzbekiston tomoni Gavharshodbegim hayoti va faoliyatiga bagʻishlangan ilmiy anjumanga mezbonlik qiladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?