Afg‘oniston bo‘yicha Toshkent xalqaro konferensiyasi yuqori saviyada o‘tkaziladi

10:15 24 Mart 2018 Siyosat
673 0

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan shu yilning 26-27 mart kunlari “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzuida Afg‘oniston bo‘yicha yuqori darajadagi Toshkent xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tadi. Kecha poytaxtimizdagi Simpoziumlar saroyida ushbu nufuzli anjumanning matbuot markazi ochilishiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Unda turli vazirliklar hamda idoralar mas’ul vakillari, mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari xodimlari, siyosatshunoslar, ekspertlar qatnashdi.
Anjumanda “O‘zbekiston hamda Afg‘oniston xalqlari o‘rtasidagi tarixiy, madaniy va sivilizatsiyaviy yaqinlik”, “O‘zbek — afg‘on munosabatlari: rivojlanishning yangi bosqichi”, “Afg‘onistondagi mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilish bo‘yicha xalqaro tashabbuslar” kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.

Qayd etilganidek, Markaziy Osiyoning deyarli barcha mamlakati bilan chegaradosh bo‘lgan O‘zbekiston mintaqada tinchlik hamda barqarorlik tarafdoridir.
Xalqimizning “Qo‘shning tinch, sen tinch” degan iborasi ham Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni o‘rnatmay, u yerdagi nizolarni hal qilmasdan Markaziy Osiyo mamlakatlari oldida turgan umumiy maqsadlarga erishish mushkul ekanligini tasdiqlab turibdi.

Shavkat Mirziyoyev Prezidentlik faoliyatining ilk kunlaridayoq ilgari surgan amaliy tashabbuslar o‘zbek — afg‘on munosabatlarini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqdi. Davlatimiz rahbari mintaqaviy hamda xalqaro xavfsizlikni ta’minlashda Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlik o‘rnatishning strategik ahamiyatini inobatga olib, eng yuqori minbarlardan turib, jahon afkor ommasining e’tiborini afg‘on mojarosini hal qilish zaruratiga qaratayotir. Xususan, Shavkat Mirziyoyev 2017 yilning sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida, oradan bir oy o‘tib, MDH Davlat rahbarlari kengashi majlisida hamda 2017 yilning noyabr oyida Samarqand shahrida o‘tgan “Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik” mavzuidagi xalqaro konferensiyada so‘zlagan nutqida Markaziy Osiyodagi xavfsizlikka tahdidlarni “o‘ziniki va o‘zgalarniki” deb ajratishdan voz kechish, “yaxlit xavfsizlik” tamoyiliga amalda rioya qilish zarurligi, Afg‘onistondagi tinchlikka faqatgina muzokaralar yo‘li bilan erishish mumkinligini ta’kidlab o‘tgan edi. Prezidentimizning qat’iy fikriga ko‘ra, donishmand afg‘on xalqi o‘z taqdirini o‘zi mustaqil hal qilishga haqlidir.

O‘zbekiston hamda Afg‘oniston o‘rtasidagi munosabatlar ikki mamlakat xalqlarining farovonligini oshirishga, shuningdek, mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlashga, ko‘p tomonlama siyosiy hamkorlikni mustahkamlash hamda savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
O‘zbekiston va Afg‘onistonning konstruktiv hamda do‘stona munosabatlar o‘rnatish borasidagi jiddiy intilishlari 2017 yilda tomonlar hamkorligi uchun misli ko‘rilmagan darajadagi istiqbol eshiklarini ochdi, deyish mumkin.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilayotgan “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzuidagi konferensiya xalqaro doiralarda katta qiziqish uyg‘otdi. Chunki bu konferensiya nafaqat mintaqamiz, balki boshqa hududlarga ham ta’sir o‘tkazayotgan Afg‘oniston masalasiga bag‘ishlangan. Unda 20 dan ortiq davlatlar, nufuzli xalqaro tashkilotlar delegatsiyalari ishtirok etadi.

Jumladan, Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Muhammad Ashraf o‘ani, BMTning Afg‘onistondagi maxsus vakili Tadamiti Yamamoto, Yevropa ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili Federika Mogerini Toshkentga keladi.

AQSh Davlat kotibining siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Tomas Shennon, Rossiya Federatsiyasi tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov, Eron Islom Respublikasi tashqi ishlar vaziri Javad Zarif, Pokiston Islom Respublikasi tashqi ishlar vaziri Muhammad Asif ham konferensiyada qatnashishini rasman bildirgan.
Shuningdek, Xitoy, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Hindiston, Yaponiya, Turkiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Fransiya, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari kabi davlatlar delegatsiyalari ham ishtirok etishi kutilmoqda.

— Mamlakatlarimiz tarixida bir-biriga bog‘liq jihatlar ko‘p, — deydi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti professori, tarix fanlari doktori Sherzod Abdullayev. — Masalan, birgina ma’naviy yo‘nalishdagi rishtalar haqida so‘z yuritsak, hazrat Alisher Navoiy va yana bir qancha ulug‘larimizning mangu qo‘nim topgan maskanlari ham afg‘on zaminida joylashgan. Tarixiy va geosiyosiy jihatdan Afg‘oniston mintaqaning ajralmas qismi hisoblanadi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan O‘zbekiston va Afg‘oniston Islom Respublikasi o‘rtasidagi munosabatlar yangi bosqichda rivoj topayapti. Bo‘lajak xalqaro konferensiya jahon hamjamiyatining Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish hamda uni mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlarining mantiqiy davomi bo‘lishi shubhasiz.

Muloqot davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori V. Norov Afg‘onistondagi qariyb 40 yillik mojaroni tahlil qildi. Bunda 1979 yilda Afg‘oniston hududiga sovet kontingentini joylashtirishdan to BMT Xavfsizlik Kengashining 2001 yil 20 dekabrdagi qaroriga muvofiq, xalqaro koalitsiyaning Afg‘onistonda harbiy amaliyotlarni boshlashigacha, shuningdek, “Islom davlati” deb ataluvchi terroristik guruh ta’siri yoyilishigacha to‘xtaldi.

V. Norovning ta’kidlashicha, Afg‘oniston Islom Respublikasidagi beqarorlik Markaziy Osiyoda terrorizm, diniy ekstremizm, narkotrafik hamda noqonuniy qurol savdosi kabi xavfli manbalar paydo bo‘lishiga olib keldi. O‘zbekiston Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash yuzasidan bir qator tashabbuslarni ilgari surdi. Jumladan, Eron, Xitoy, Pokiston, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston, shuningdek, AQSh hamda Rossiya ishtirok etgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligidagi Afg‘onistonning “Qo‘shnilari va do‘stlari” nomli “6+2” muloqot va kelishuv guruhi tuzildi. 1998 yil 21 sentyabr kuni Nyu-Yorkda “6+2” formatida tashqi ishlar vazirlarining uchrashuvi uyushtirilib, unda Afg‘oniston masalasida o‘zaro anglashuv jihatlari qabul qilindi. 1999 yil 19-20 iyul kunlari Birlashgan Millatlar Tashkiloti ko‘magida Afg‘oniston bo‘yicha “6+2” guruhining Toshkent oliy darajadagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda tomonlar Afg‘onistondagi mojaroni tinch yo‘l bilan hal etishning asosiy tamoyillari haqidagi Toshkent deklaratsiyasini imzoladilar. Mazkur deklaratsiya hali-hamon ushbu mamlakatning barcha ichki siyosiy kuchlari tomonidan qabul qilingan hamda BMT tomonidan tasdiqlangan yagona rasmiy hujjatdir.

Anjumanda Tashqi ishlar vazirligi boshqarma boshlig‘i O. Akbarov xalqaro hamjamiyat Afg‘onistonning jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuvini qo‘llab-quvvatlash muhimligini tobora ko‘proq anglayotganiga to‘xtaldi. Shu munosabat bilan afg‘on mamlakatida tinchlik va xavfsizlikni tiklashning asosiy masalalari bo‘yicha keng xalqaro konsensusni tasdiqlash masalasi yangilanmoqda. O‘zbekiston Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiya o‘tkazish tashabbusi keng miqyosda qo‘llab-quvvatlandi.

Matbuot markazi rahbari — konferensiya matbuot kotibi Sherzod Qudratxo‘jayevning ma’lum qilishicha, nufuzli anjumanni yoritishga qiziqish ortib borayotganligi sababli qisqa muddatda matbuot markazi tashkil etildi. Bu yerda mahalliy va xorijiy jurnalistlarning samarali faoliyati uchun barcha sharoit mavjud. Xususan, markaz zamonaviy kommunikatsiya vositalari, ofis jihozlari, tezkor internet, Wi-Fi bilan ta’minlanib, binoda ovqatlanish uchun qulayliklar yaratildi. Jurnalistlarning turli qit’alardagi mamlakatlardan tashrif buyurgani inobatga olingan holda, matbuot markazi 24 soat ishlaydi.

Konferensiya ishini yoritish uchun 300 ga yaqin ommaviy axborot vositalari vakillari akkreditatsiyadan o‘tdi. Ular orasida Amerika Qo‘shma Shtatlarining “The New York Times” gazetasi, Xitoy Xalq Respublikasining “Jenmin Jibao” nashri, Buyuk Britaniyaning “BBC” kompaniyasi, Yaponiyaning “NHK” korporatsiyasi, Rossiyaning “Nezavisimaya gazeta” kabi nufuzli ommaviy axborot vositalari bor.
Matbuot anjumanida ekspertlar qayd etganidek, O‘zbekiston birgina konferensiya o‘tkazish bilan cheklanib qolmay, bundan keyin ham Afg‘onistonda tinchlik jarayonini faol qo‘llab-quvvatlash ishlarini davom ettiradi.

Qobil XIDIROV,
Omonulla FAYZIYEV,
«Xalq so‘zi» muxbirlari.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?