Afg‘oniston bo‘yicha Toshkent xalqaro konferensiyasi mintaqada osoyishtalik va barqarorlikni mustahkamlashda muhim o‘rin tutadi

06:45 27 Mart 2018 Siyosat
625 0

Sodiq SAFOYEV,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari:

— Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiya nima uchun Toshkentda o‘tkazilmoqda? Bunga, fikrimcha, uchta omil bor. Birinchidan, tadqiqotchilar hamda siyosatchilar shuni e’tirof etayaptiki, bugun Markaziy Osiyoda batamom yangi siyosiy muhit vujudga keldi. Ya’ni mintaqaviy dasturlarni, jumladan, Afg‘oniston mojarosini mushtarak yondashuvlar asosida hal qilishga zamin yaratildi. Ikkinchidan, oxirgi bir yil davomida Toshkentning xalqaro jabhada tutgan o‘rni butunlay o‘zgardi. Buni ob’ektiv voqelik sifatida barcha tan olmoqda. Olib borilayotgan faol mintaqaviy siyosat natijasida O‘zbekistonning obro‘yi, ta’siri, tutgan o‘rni oshib borayotir. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbusiga e’tibor katta bo‘lmoqda. BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida Yurtboshimiz mazkur konferensiyaning aniq falsafasini belgilab beruvchi konseptual fikrlarni bildirdi. Alohida qayd etish kerakki, Afg‘oniston muammosi garchi global muammolardan biri bo‘lsa-da, 200 ga yaqin davlatlar rahbarlaridan sanoqlilarigina ushbu muammoga xalqaro hamjamiyat e’tiborini qaratdi. Uchinchidan, ko‘p yillar mobaynida Afg‘oniston muammosini hal qilishga qaratilgan turli harakatlar bo‘ldi. Ham ikki tomonlama, ham ko‘p tomonlama muloqotlar tashkil etildi, konferensiyalar o‘tkazildi. Bu yerga kattadan-katta mablag‘lar yo‘naltirildi. Texnik hamda harbiy yordam ko‘lami oshirildi. Nazarimda, afg‘on mojarosidagi asosiy ziddiyat shundaki, bu yerda qurol-aslaha, moliyaviy mablag‘lar bisyor, ortig‘i bilan. Lekin diplomatiya, siyosat tanqisligi sezilmoqda. Toshkent konferensiyasi aynan shu defitsitni, ya’ni diplomatiya va siyosat tanqisligini to‘ldiradi. Shuning uchun ham xalqaro hamjamiyatning mazkur anjumanga e’tibori nihoyatda katta.

Markaziy Osiyo davlatlari, shu jumladan, O‘zbekiston uchun transport yo‘laklarini barpo qilish juda muhim ahamiyatga ega. Hozirgi kunda mamlakatimiz chiqayotgan eng yaqin dengiz portlari 3000 kilometr uzoqlikda joylashgan. O‘zbekistondan o‘sha portlarga borishga o‘rtacha 20 — 22 kun ketadi. Bu, ekspertlar hisob-kitobiga ko‘ra, O‘zbekistondagi eksport-import operatsiyalari o‘rtacha 15 — 17 foiz qimmatlashuviga sabab bo‘layapti. Transafg‘on yo‘lagi ochilsa, mazkur masofa 2-3 kungacha qisqaradi. Bu nafaqat mintaqa, balki Afg‘oniston uchun ham katta ahamiyat kasb etadi. Shu ma’noda aytganda, ushbu mamlakatda tinchlik o‘rnatilishi mintaqada barqaror rivojlanishning asosiy omili bo‘ladi, ayni paytda Osiyoning Yevropa davlatlari bilan savdo-iqtisodiy sohadagi hamkorligini faollashtirish, tranzit-transport imkoniyatlari integratsiyalashuvini ta’minlash imkonini ham beradi.

Alisher KURMANOV,
Oliy Majlis Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi:

— Haqiqatan ham, oxirgi yigirma yil davomida xalqaro tashabbuslar orqali turli formatdagi konferensiyalar, muloqotlar bo‘lib o‘tdi. Bu platformalarning aksariyatida Afg‘onistonni tiklash ishlariga moliyaviy ko‘mak berish masalalari qamrab olingan. Xalqaro, qolaversa, mintaqaviy miqyosda Afg‘onistonga bag‘ishlangan qator platformalar faoliyat yuritgan.

Afg‘oniston hukumati tomonidan ilgari surilgan “Kobul jarayoni”ning ilk majlisi o‘tgan yili iyun oyida, joriy yilning fevral oyida esa uning ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. “Kobul jarayoni” haqida shuni aytish mumkinki, Prezidentimiz BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish nafaqat mintaqa, balki dunyo hamjamiyati uchun nihoyatda muhimligini hamda Afg‘oniston markaziy hukumati va mamlakatdagi asosiy siyosiy kuchlar yuzma-yuz uchrashib, hech qanday shartlarsiz muloqot olib borishi kerakligini ilgari surgan edi. “Kobul jarayoni” ushbu talablarga javob beradi. Toshkent konferensiyasi esa mazkur jarayonning uzviy qismi, mantiqiy davomi sanaladi. O‘ylaymizki, Toshkent anjumanida ilgari suriladigan tashabbuslar Afg‘onistonda barqarorlikni qaror toptirishda muhim o‘rin tutadi. 

Toshkent konferensiyasida Afg‘onistonni ham Markaziy Osiyoda yuz berayotgan jarayonlarga keng jalb qilish kutilmoqda. Binobarin, Afg‘onistonning Markaziy Osiyo davlatlari bilan savdo-iqtisodiy hamda infratuzilma aloqalari tizimiga muvaffaqiyatli integratsiyasi, umummintaqaviy miqyosdagi aniq loyiha va dasturlarning samarali amalga oshirilishiga xizmat qiladi.

Qodir JO‘RAYeV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati:

— O‘zbekiston jafokash afg‘on zaminida tinchlik o‘rnatilishidan eng ko‘p manfaatdor davlat sanaladi. Bugungi kunda mamlakatimiz qo‘shni davlatda uzoq muddatli barqarorlik hamda tinchlik saqlanishining qat’iy tarafdori sifatida bu mamlakatga nisbatan an’anaviy tarzda yaxshi qo‘shnichilik va do‘stona siyosat yuritayotganligini kuzatishimiz mumkin.
Oldin afg‘on muammosini hal qilish bo‘yicha qator anjumanlar bo‘lib o‘tgan. Shu jumladan, Toshkent shahrida ham. Bu galgi xalqaro konferensiya esa butunlay yangi sharoitda tashkil etilmoqda. Xalqaro anjumanning formati ham, ishtirokchilar soni ham oldingilaridan prinsipial jihatdan farq qiladi. Konferensiyada 20 dan ortiq mamlakatlar va xalqaro tashkilotlar delegatsiyalari qatnashmoqda.

Bu galgi xalqaro konferensiyada Afg‘oniston hukumati bilan “Tolibon” harakati o‘rtasida hech qanday dastlabki shartlarni ilgari surmasdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazish uchun yangi platformaga asos solish rejalashtirilmoqda. Boshqacha aytganda, oldingi anjumanlardan farqli o‘laroq, Afg‘onistonda rasmiy hukumat bir tomondan, qurolli muxolifat ikkinchi tomondan milliy konsensus hamda o‘zaro yarashuvni ta’minlash uchun muhim bir mexanizmga start berish ko‘zda tutilmoqda. Ushbu mexanizmni joriy etishdan kutilgan asosiy maqsad esa qurolli muxolifat Afg‘onistonning siyosiy hayotiga kafolatli integratsiya qilinishi va qonuniy siyosiy kuch sifatida e’tirof etilishini ta’minlashdan iborat.

Toshkent konferensiyasi haqidagi tashabbusni ilgari surar ekan, O‘zbekiston uni bir martalik tadbir sifatida o‘tkazish bilan cheklanib qolmay, undan keyin ham ikki hamda ko‘p tomonlama munosabatlar doirasida Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish borasidagi siyosiy jarayonga ko‘maklashishga o‘z hissasini qo‘shishda davom etadi. Konferensiya yakuni bo‘yicha Toshkent deklaratsiyasini qabul qilish rejalashtirilgan bo‘lib, unda quyidagi muhim jihatlar o‘z aksini topishi ko‘zda tutilmoqda. Shubhasiz, Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan mazkur xalqaro konferensiya Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish, uning barqaror rivojlanishi uchun sharoit yaratish, afg‘on xalqining farovonligini oshirish va uning mintaqa hamda butun dunyodagi ijobiy jarayonlarga jalb etilishini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi.

Jamshid XO‘JAYeV,
O‘zbekiston Respublikasi tashqi savdo vaziri:

— Afg‘oniston O‘zbekiston tashqi savdosida muhim ahamiyatga ega. U hamkor davlatlarimiz orasida beshinchi o‘rinda turadi. 2017 yilning yakunlarini hisob-kitob qilganimizda, shu narsa ayon bo‘ldiki, o‘zaro savdo aylanmasi 617 million AQSh dollarini tashkil etdi. Bu qo‘shni davlatlar orasida ikkinchi o‘rinda turadi, deganidir. 2018 yil uchun oldimizga juda katta vazifalarni qo‘yganmiz. Afg‘oniston Prezidentining 2017 yil dekabr oyida mamlakatimizga tashrifi davomida 500 million dollarlik shartnomalar imzolandi. Bugungi kundagi mamlakatimiz potensialini inobatga oladigan bo‘lsak, hozirgi paytga qadar savdo tarkibida elektr energiyasi, qora metallar asosiy o‘rin egallaydi. Biz 2018 yilda va keyingi yillarda uni tubdan diversifikatsiya qilishni o‘ylashimiz kerak. 

Afg‘oniston 36 milliondan ortiq aholisi bilan katta bozor imkoniyati hamdir. Masalan, Afg‘onistonning importi 6,5 milliard dollardan ortiqroqni tashkil etadi. Bu bizning umumiy savdo aylanmamizning 10 foizi atrofida deganidir. Afg‘oniston bizda ishlab chiqarilgan qaysi tovarlarni import qilishi mumkin, degan savolga javob izlaganimizda shu narsa ayon bo‘ldiki, O‘zbekistonning 3 milliard dollardan ortiq turdosh mahsulotlarini import qilgan. Masalan, o‘tgan yili 500 ming dollarlik farmatsevtika mahsulotlarini yetkazib berishga shartnoma imzolagan edik.

Ular esa yana 25 million dollarlik dori vositalarini sotib olish istagini bildirishdi. Bunday imkoniyat to‘qimachilik tarmog‘ida ham mavjud. Chunki Afg‘onistonda yiliga 100 million dollarlik to‘qimachilik mahsulotlariga davlat buyurtmasi bor. Bundan ham bizning tadbirkorlarimiz faol foydalanishlari mumkin.

Sharof RAHMONOV,
“UzTrade” kompaniyasi boshqaruvi raisi:

— O‘zbekiston hamda Afg‘oniston rahbarlarining uchrashuvi chog‘ida erishilgan kelishuvlarga muvofiq, “UzTrade” kompaniyasining Mozori Sharifda savdo uyi ochildi, ushbu savdo uyi doimiy faoliyat yuritadigan ko‘rgazma zali (shou-rum)ga ega. Unda yurtimizning turli tovarlari, jumladan, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, maishiy texnika vositalari, kimyo, qurilish materiallari va boshqalar o‘rin olgan. Shou-rum chakana-ulgurji savdo amaliyotlarini bajarish imkoniyatiga ega bo‘lib, afg‘onistonlik sheriklar uchun keng turdagi o‘zbek mahsulotlari taqdim etilgan.

2017 yilda kompaniyamiz ushbu mamlakatga 24 million dollarlik mahsulotlarni eksport qildi. Mazkur eksport faoliyatida yurtimizning 9 ta hududidan 26 ta korxona ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbari boshchiligida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar natijasida bir yil ichida imzolangan shartnomalar ko‘lami uch baravar oshdi. Xususan, kompaniyamiz tomonidan 2018-2019 yillar uchun 65 million dollarlik shartnomalar imzolandi. Joriy yilda eksport faoliyatiga 12 ta hududdan 50 dan ziyod kompaniyalarni jalb qilish, tovarlar turini esa 40 taga yetkazishni mo‘ljallaganmiz. Hozirgi kunda Hirot, Kobul, Qunduz, Qandahor, Shibirg‘on singari shaharlarda savdo uyimizning sakkizta filialini ochish bo‘yicha muzokaralar olib borayapmiz. Binobarin, o‘zbek tovarlari Afg‘onistonda o‘z narxi hamda sifati bilan katta talabga ega. Bugun yurtimiz mahsulotlari ushbu mamlakatda Pokiston va Hindiston tovarlari bilan munosib raqobat qilayapti. Qisqacha aytganda, ikki tomonlama savdo aloqalarining kengayishi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikning yanada mustahkamlanishiga xizmat qilishi shubhasiz.

Shuhrat ShERALIYEV,
“O‘zbekenergo” aksiyadorlik jamiyati raisi o‘rinbosari:

— Kompaniyamiz Afg‘onistonga 2002 yildan beri elektr energiyasi yetkazib beradi. O‘sha yili 62 million kVt soat elektr energiyasi eksport qilingan.
Elektr uzatish liniyasining quvvati 10 kVni tashkil etar edi. Maksimal quvvat esa 5 mVtdan oshmasdi. O‘tgan davr mobaynida bu ko‘rsatkich keskin ko‘paydi. Masalan, joriy yilda 2 milliard kVt soat elektr energiyasini yetkazib berish ko‘zda tutilgan.

Afg‘oniston Prezidentining mamlakatimizga tashrifi davomida imzolangan Surxon — Puli Xumri elektr uzatish liniyasini qurish bo‘yicha bitimning amalga oshirilishi tufayli mazkur ko‘rsatkich 70 foiz oshishi kutilayapti. Loyihaning asosiy maqsadi Afg‘oniston bilan yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini yanada rivojlantirish hamda yaxshilash, mamlakatning iqtisodiy-ijtimoiy ravnaqiga, aholi turmush sifati oshishiga ko‘maklashish, mazkur mamlakatga elektr energiyasi eksportini ko‘paytirishdir. Shu bilan birga, loyiha Afg‘onistonga sutkasiga 24 million, yiliga esa 6 milliard kVt soatgacha elektr energiyasini uzluksiz yetkazib berish imkoniyatini yaratadi. Mazkur elektr uzatish liniyasining umumiy uzunligi 260 kilometr bo‘lib, uning 45 kilometri O‘zbekiston, 215 kilometri Afg‘oniston hududidan o‘tadi. Loyihani amalga oshirish uchun, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, taxminan 150 million dollar yo‘naltiriladi hamda 2020 yilning oxiriga qadar ishga tushirilishi kutilayapti. Asosiy ishlar joriy yilning iyun oyidan boshlanishi rejalashtirilmoqda. Qayd etish kerakki, mamlakatimiz hududida ushbu loyihani amalga oshirishga allaqachon kirishilgan.

Akmal KAMOLOV,
“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati raisi o‘rinbosari:

— Tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, 2009 yilda Hayraton va Mozori Sharif birinchi afg‘on temir yo‘lini qurish to‘g‘risidagi bitim imzolangan edi. Bu loyiha muddatidan oldin, ya’ni 11 oyda foydalanishga topshirildi. O‘tgan davrda ushbu tranport yo‘lagi orqali 20 million tonnadan ortiq yuk tashildi. Shuning 5,5 million tonnaga yaqini yurtimizning eksport tovarlari bo‘ldi. Birgina o‘tgan yilning o‘zida Afg‘onistonga 
1 million tonnadan ortig‘ini yetkazib berdik.

Afg‘oniston temir yo‘l tizimini kengaytirish bo‘yicha sa’y-harakatlar oxirgi paytlarda bir oz susayib qolgan edi. Prezidentimiz tashabbusi bilan mazkur loyiha faollashtirildi. O‘tgan yili Afg‘oniston Prezidentining O‘zbekistonga tashrifi davomida mana shu temir yo‘lni qurish bo‘yicha hukumatlararo kelishuvga erishildi. Unga muvofiq, Mozori Sharifdan Hirot shahriga qadar 657 kilometrlik yo‘nalish kelishib olindi. Uni “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ loyihalashtiradigan bo‘ldi. Yanvar oyida Afg‘oniston tarafi uchun ushbu loyiha taqdimoti o‘tkazildi. Fevral oyida ikki mamlakat temir yo‘lchilari uchrashib, “yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi. 

Dastlabki hisob-kitoblar asosida o‘nlab ko‘priklar qurilishi, ikkita katta tonnelni qurish rejalashtirilayapti. Aprel oyida joyiga chiqib, yo‘nalish o‘rganiladi hamda uning texnik-iqtisodiy asosi tayyorlanadi.

Akmaljon UMIRZOQOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati:

— Mamlakatlarimiz o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilgan 1992 yildan buyon turli sohalarga oid 47 ta hujjat imzolangan. Shundan 3 tasi davlatlararo, 14 tasi hukumatlararo hujjatdir. Muntazam tashkil etib kelinayotgan turli darajadagi uchrashuvlar chog‘ida 20 ga yaqin shartnomalar va boshqa hujjatlar qabul qilingan. E’tiborlisi, mazkur hujjatlarning 17 tasi siyosiy hamda xavfsizlik sohasiga taalluqlidir. 15 tasi bevosita transport, tranzit va logistika sohalariga oid. Madaniy-gumanitar hamkorlikning huquqiy asoslari ham tobora chuqurlashtirib borilayapti. 

O‘tgan yili O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Afg‘onistonning Jamoat sog‘lig‘ini saqlash vazirligi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Afg‘oniston Oliy ta’lim vazirligi o‘rtasida tuzilgan kelishuvlar ta’lim, madaniy-gumanitar hamkorlikning huquqiy asosini tashkil etmoqda. Bundan tashqari, yana to‘rtta shartnoma loyihalari tayyorlangan bo‘lib, ular sudlanganlarni va mahkumlarni berish, ikki mamlakat o‘rtasida havo aloqasi, O‘zbekiston hamda Afg‘oniston fuqarolarining o‘zaro bordi-keldisi va temir yo‘l transportiga oid hujjatlarni keltirish mumkin. Yaqinda parlament quyi palatasi tomonidan Fuqarolik, oilaviy va jinoiy ishlar bo‘yicha huquqiy yordam to‘g‘risidagi shartnomani ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qonun qabul qilindi hamda Senatga yuborildi.

Abdusamad HAYDAROV,
siyosiy fanlar doktori, ekspert:

— BMT afg‘on mojarosini hal etish borasida ulkan salohiyatga ega. Gap bu yerda Afg‘oniston xalqini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash haqida emas, balki mamlakat atrofidagi chora-tadbirlar xususida ham borayapti. Muammoga kengroq yondashish, qo‘shni davlatlarning, dunyo hamjamiyatining sa’y-harakatlarini birlashtirish zarur.

BMT missiyasi, avvalambor, Afg‘onistonning ichida muloqot o‘rnatishda muhim rol o‘ynaydi. Ammo shuni unutmaslik kerakki, bu salohiyatdan to‘laqonli foydalanilmayapti. Bu borada yangi tashabbuslar ilgari surilishi, qo‘shnilarni o‘zaro muloqotga undash ayni zaruratdir. ShHT, IHT singari boshqa xalqaro tashkilotlarning salohiyati ham bu borada alohida ahamiyatga ega. Ularning sa’y-harakatlari birlashtirilganda sezilarli natijalarga erishish mumkin. Dunyo hamjamiyati oldida turgan asosiy masalalardan biri tinchlik jarayonini qanday yo‘lga qo‘ya olishdir. Toshkent konferensiyasi aynan shu jihatdan mazkur muammoga oqilona yechim topishga qaratilgandir. Global muammolardan biri xalqaro terrorizmdir. 

Afg‘oniston hududida ko‘plab radikal guruhlar faoliyat yuritayapti. Ammo Afg‘oniston hukumati tomonidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘laqonli samara berayapti, deb bo‘lmaydi. Biz bu borada ushbu mamlakatga ko‘maklashishimiz kerak. Chunki bu umumiy vazifadir.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?