Afgʻon urushi faxriysi Senatga nega tashakkurnoma yoʻlladi?

19:54 18 Avgust 2020 Siyosat
383 0

Oliy Majlis Senatining Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash boʻlimiga parlament yuqori palatasi aʼzolari aralashuvi tufayli muammolari yechim topgan koʻplab insonlardan tashakkurnomalar kelishda davom etmoqda. Jumladan, Jizzax viloyati Yangiobod tumani Yuqori Sarmich qishlogʻida yashovchi Kamol Qoʻziyev 26-may kuni Oliy Majlis Senatiga murojaat qilgan edi.

54 yoshli fuqaro 1984-1986-yillarda harbiy xizmatni Afgʻonistonda oʻtagan edi. Namunali xizmati uchun jasur askar bir nechta medallar bilan ham mukofotlangan. Yaralanganiga qaramay, maʼlum sabablarga koʻra nogironlik guruhiga chiqmagan. Vaholonki, afgʻon urushi faxriylari hamda ular oila aʼzolariga qonunchilikda nazarda tutilgan imtiyozlar bor. Uy-joy va kommunal xizmat toʻlovlariga kompensatsiya, bepul dori-darmonlar olish, ayrim soliqlardan ozod etish shular jumlasidan. Biroq, sobiq askarga Zomin tumani mudofaa ishlari boʻlimi tomonidan imtiyozlar toʻgʻrisida guvohnoma berilmagan. Vaholanki, afgʻon urushi faxriylari Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga muvofiq Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga tenglashtirilgan. Fuqaroning Senatga murojaatidan soʻng uning masalasi tegishli idoralarda koʻrib chiqilib, ijobiy hal etildi. Shu tufayli Kamol Qoʻziyev Oliy Majlis Senatiga yozma tashakkurnoma yoʻlladi.

Muammosi hal boʻlgan yana bir fuqarodan tashakkurnoma Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasiga yoʻllangan. Rossiya Federatsiyasida vaqtinchalik boʻlib turgan fuqaro karantin cheklovlari tufayli Vatandan olisda qolib ketgan edi. Uning Senatga yoʻllagan murojaati zudlik bilan nazoratga olindi va Behzod Imamov “Oʻzbekiston havo yoʻllari” aviakompaniyasining charter reysi bilan Oʻzbekistonga qaytarildi.

Senatning murojaatlar bilan ishlashiga oid bunday misollarni koʻplab keltirishimiz mumkin. Muhimi – mamlakatimizda olib borilayotgan keng koʻlamli ishlar tufayli davlat hokimiyati organlari oʻrtasida bu yoʻnalishdagi hamkorlik takomillashib, mana shu kabi yechimini topgan muammolar timsolida oʻz samarasini bermoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?