“Tolibon” bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar qachon boshlanadi?

11:52 10 Iyul 2018 Dunyo
432 0
Фото: Русская планета

Afg‘onistonda yaqin kunlarda “Tolibon” bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar boshlanib qolishi mumkin, deb xabar berdi Khaama Press nashri ushbu mamlakat tinchlik oliy kengashi rahbari Akram Xpalvak ma’lumotiga asoslanib.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur kengash va afg‘on hukumati muzokaralar uchun to‘liq tayyor hamda aynan hozir tinchlik jarayonlarini boshlab yuborish uchun qulay vaziyat yuzaga kelgan.

Xpalvak kengash o‘t ochishni to‘xtatish va to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar masalasida ijobiy natijaga erishilishiga umid bildirmoqda. Tomonlarni yarashtirishda esa milliy murosa, mintaqaviy va xalqaro qo‘llab-quvvatlash inobatga olinadi.

Kengash “Tolibon” muhokamalarga o‘z vakillarini yuborishini kutmoqda. Ayni paytda toliblar mazkur bayonotga munosabat bildirmagan.

Eslatib o‘tamiz, yuqorida nomi tilga olingan kengashga Afg‘onistonning sobiq prezidenti Hamid Karzay tomonidan toliblar bilan muloqotni yo‘lga qo‘yish maqsadida asos solingan.

Ma’lumot uchun, hukumat tomonidan Ramazon oyi yakunlanishi va Hayit munosabati bilan 11-19 iyun kunlari bir tomonlama yarashuv sulhi joriy etilgan bo‘lsa, toliblar ham uch kun o‘t ochmaslikni e’lon qilgandi. Biroq keyinchalik hokimiyat yarashuv muddatini yana o‘n kunga uzaytirgan bo‘lsa-da, “Tolibon” mazkur tashabbusni qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortgandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?