AES quriladigan hudud yaqinidagi koʻllar hududlari ijaraga beriladi

15:56 12 Avgust 2019 Jamiyat
1220 0

Biznes qilish uchun Aydar-Arnasoy koʻllar tizimidagi uchastkalar onlay-auksionga qoʻyildi. Ular ijaraga beriladi. Bu haqda E-ijro xabar berdi.

Aydarkoʻl, Tuzkon, Sharqiy Arnasoy koʻllari baliqchilik va turizm markaziga aylantirilishi koʻzda tutilgan.

Bu hududda koʻllarning biologik xilma-xilligini saqlagan holda baliqchilik va turizm markazi yaratish koʻzda tutilgan. Shu orqali toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar oqimi ham taʼminlanadi.

Tizimning boʻsh suv havzalari ijaraga beriladi. Saytda bu lotlar uchun maxsus boʻlim ochilgan. Eʼlon qoʻyilishi vaqtida 11 ta uchastka savdoga qoʻyilgan.

Yillik ijara narxi 12-13 mln. soʻm etib belgilangan. Ayrim lotlarning qiymati 50 mln. soʻmdan ziyodni tashkil etadi. Har bir hududning maydoni(2000 ga. atrofida) va baliqchilik mahsulodorligi(kg.da) koʻrsatib oʻtilgan.

Arizalar 26-avgustga qadar qabul qilinadi, savdolar 28-avgustga belgilangan.

Kelgusida koʻllar yaqinida baliq va baliqchilik mahsulotlari savdo yarmarkalari oʻtkaziladi. Ikki yil davomida koʻl hududi maxsus transportlar, katerlar, GPS-navigatorlar, video kuzatuvlar uchun uchuvchisiz uchar qurilamalar va boshqa texnik vositalar bilan taʼminlanadi.

Qolaversa, koʻllarga olib boruvchi avtomobil yoʻllarini rekonstruksiya qilish va taʼmirlash, hudud joylashuvi boʻyicha elektron xaritani bosqichma-bosqich yaratish koʻzda tutilgan.

Shu yil may oyi oxirida Oʻzbekistonda AES qurilishi uchun Aydar-Arnasoy koʻllar tizimining Tuzkon koʻli yaqinidagi hudud ustuvor maydon sifatida tanlangani maʼlum qilingandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?