Aeroportdan “Tashkent City”gacha osma vagonda borish loyihasi. U haqda nimalar maʼlum?

15:13 05 Noyabr 2018 Iqtisodiyot
980 0
Название

Samolyotda Toshkent xalqaro aeroportiga qoʻngan yoʻlovchilar terminaldan platformaga oʻtib, oʻsha yerdagi qulay osma vagonga chiqishadi. Eshiklar yopiladi va u yer ustida harakatlanishni boshlaydi.

Oynalardan poytaxtimizning betakror manzaralarini tomosha qilish mumkin. Biroq bunday yoqimli safar uzoq davom etmaydi: yoʻlovchilar oʻn daqiqa oʻtar-oʻtmas, bir nechta bekatlardan soʻng “Tashkent City” yaqinidagi “Xalqlar doʻstligi” metrosida joylashgan soʻnggi manzilga yetib kelishadi.

— Hozircha bunday qulaylikni yoʻlga qoʻyish faqat rejamizda mavjud, — deydi samimiy tabassum bilan Moskvaning “RTO” MCHJ bosh direktori Ivan Filyayev. — Biz ana shunday gʻoyalar bilan Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasida ilk bor oʻtkazilgan hududlararo hamkorlik forumiga tashrif buyurdik. Shu asosda Toshkentda “Strela” yer usti transport tizimini (YETT) yaratishni taklif etdik.

“RTO” MCHJ tomonidan taqdim etilgan surat.

Rus texnika uyushmasi mutaxassislari tomonidan tayyorlangan jamoat transportining mazkur yangicha koʻrinishi ishlanmasi aeroportlar va shahar atroflarini shahar transport infratuzilmasi bilan bogʻlashni nazarda tutadi. Binobarin, yoʻlovchilarni, ayniqsa, tigʻiz yoʻnalishlarda oʻz vaqtida manzillariga yetkazib qoʻyish jarayonlarini yengillashtiradi. “Strela” YETT uchun yoʻllardagi tirbandliklarning taʼsiri yoʻq. Sababi u bunday hududlarning ustidan oʻtadi. Demak, u yoʻl harakatiga, yoʻl harakati unga xalaqit bermaydi.

“Strela”ning boshqa afzalliklari ham bor. U ekologik jihatdan toza, shovqin chiqarmaydi, shaharning zich joylashgan imoratlari ansambliga uygʻunlashib keta oladi. Ushbu mexanizm mashinistsiz, yaʼni avtomatik tarzda boshqariladi.

Uni barpo etish uchun trassadagi obyektlar, jumladan, turarjoylarni buzish shart emas. Faqatgina tayanchlar tagida ixcham uchastka boʻlsa kifoya. Ekspertlarning fikricha, bu tizim samaradorligi, xavfsizligi va investitsiyaviy jozibadorligi jihatidan jahonda mavjud muqobillari hamda boshqa transport yechimlaridan afzal hisoblanadi.

...Oʻzbekiston poytaxti transport infratuzilmasi bilan tanishgan rossiyalik mutaxassislar aeroportdan ayni paytda barpo etilayotgan “Tashkent City”gacha boʻlgan yoʻnalishni tanlashdi. Oʻrtadagi masofa olti kilometrga teng.

— Bizning tizim shahar ichida shahar bunyod etishdek ulkan loyihani amalga oshirishda qoʻllaniladigan innovatsion yechimlarga toʻliq mos keladi, — deya taʼkidlaydi Ivan Filyayev. — Ayni chogʻda yer usti transport tizimi oʻziga xos imidj yaratish xususiyatiga ham ega. Vaholanki, bunday texnikalarni yaqin-yaqinlargacha faqatgina kelajak haqidagi filmlarda koʻrish mumkin edi. Endi esa bu real hayotga koʻchmoqda. Jumladan, Moskva oblastining Krasnogorsk tumanida ana shunday loyihani amaliyotga joriy etmoqchimiz. Joriy yil oxirigacha infratuzilma obyektlari hamda dispetcherlik boshqaruvi markaziga ega mazkur tizim sertifikatlash jarayonidan oʻtkaziladi. Barcha kelishuvlardan soʻng umumiy uzunligi 8,3 kilometrga teng trassa qurilishi boshlanadi. U yakunlangach, “Strela” uzoq tumanlarni Moskvadagi yirik transport tarmoqlari bilan bogʻlaydi.

Taʼkidlash lozimki, bunday “nou-xau”ni bunyod qilish uchun koʻp vaqt ketmaydi. Masalan, uning liniyalari zavoddan tayyor holda chiqadi. Joylarda faqat yigʻish va montaj ishlari bajariladi. Yoʻl harakatini toʻsmagan holda, tunlari ishlash mumkin. Yaʼni haydovchilar uchun ham, piyodalar uchun ham deyarli noqulayliklar tugʻdirmaydi. Bir nechta platformani hisobga olmaganda, oʻtish yoʻlaklari, bogʻlamalar va boshqa infratuzilmalarni qurishga zarurat yoʻq. Shuning uchun ham Rossiyadagi qator banklar “Strela” YETT loyihasiga investitsiya ajratishga tayyor ekanligini maʼlum qilyapti.

Ayni chogʻda bizning tizimga boshqa davlatlar qiziqish bildirmoqda. Argentina, JAR, Hindiston, BAA shular sirasidandir. Ushbu loyiha Oʻzbekistonda ham amalga oshirilishiga umid qilaman. Zero, forum doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi va “RTO” MCHJ oʻrtasida oʻzaro anglashuv memorandumi imzolandi. Vazirlik keng miqyosda hamkorlik qilish, jumladan, “Strela” YETT loyihasini hayotga tatbiq etishga qiziqish bilan qaradi. Yaqin kunlar ichida shu boʻyicha ishchi guruh tuziladi. Qolaversa, Innovatsion rivojlanish vazirligi taklifi asosida Ulugʻbek shaharchasidagi Fanlar akademiyasiga qarashli muassasa bilan yirik transport tarmoqlarini bogʻlaydigan trassa konsepsiyasi ishlab chiqiladi. Shular bilan bir qatorda, qoʻshma ishlab chiqarish va muhandislik korxonasini ochish rejalashtirilayotir. U Markaziy Osiyo mintaqasidagi yangi innovatsion markazga aylanadi. Bundan tashqari, Toshkentdagi mavjud ishlab chiqarish maydonlarida harakatlanuvchi tarkib va bir qator ehtiyot qismlarini mahalliylashtirish koʻzda tutilmoqda. Bu, oʻz navbatida, qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratish va Oʻzbekiston transport mashinasozligining ilmiy-ishlab chiqarish salohiyatini yuksaltirishga ham xizmat qiladi.

Sobir ALIYEV.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?