“Aeroflot” samolyoti Buxoroga ilk parvozni amalga oshirdi

09:29 02 Noyabr 2018 Iqtisodiyot
582 0
Samolyot: “Aeroflot”

Rossiya Federatsiyasining “Aeroflot” aviakompaniyasi Moskva — Buxoro yoʻnalishida ilk parvozini amalga oshirdi. Bortida 157 nafar yoʻlovchi boʻlgan havo layneri 1 noyabr tongida “Buxoro” xalqaro aeroportiga kelib qoʻndi.

— Oʻzbekistonlik hamkasblarimiz bilan hamkorlikda bu loyihani roʻyobga chiqarganimizdan mamnunmiz, — deydi “Aeroflot” aviakompaniyasi vakili Vladimir Xijniyak. — Mamlakatlarimiz oʻrtasida savdo-iqtisodiy, madaniy sohalardagi aloqalar yangi bosqichga koʻtarilyapti. Yurtingizga qiziqish tobora kuchaymoqda. Xususan, bir qator davlatlar fuqarolari uchun vizasiz kirish tartibining joriy etilgani Toshkent, Samarqand, Buxoro singari boy tarixga ega shaharlarni tomosha qilish istagidagi kishilarga yangi imkoniyatlar eshigini ochdi. Yoʻlovchilarimiz safida nafaqat rossiyalik sayyohu tadbirkorlar, balki Yevropaning bir qator davlatlari fuqarolari ham borligini shu bilan izohlash mumkin.

“Aeroflot” haftasiga ikki bor Moskva — Buxoro, Buxoro — Moskva yoʻnalishida aviaqatnovlarni yoʻlga qoʻydi.

— Bir qator aviakompaniyalar bilan hamkorlikda ishlab, yoʻlovchilarga sifatli xizmat koʻrsatib kelyapmiz, — deydi “Buxoro” xalqaro aeroporti direktori T. Bahronov. — Ular safiga “Aeroflot” ham qoʻshilgani ayni muddao boʻldi. Negaki, u dunyoning yirik aviakompaniyalaridan biridir.

Buxoroda mazkur aviakompaniyaning mamlakatimizdagi vakolatxonasi filiali ochildi.
Istam IBROHIMOV,
“Xalq soʻzi” muxbiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?