A.Eger: “O‘zbekistonda 2018 yil birinchi yarmida eksport va import prognoz ko‘rsatkichlari sezilarli darajada oshdi”

13:08 30 Iyul 2018 Iqtisodiyot
262 0
Foto: Moliya vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligida Bosh vazir o‘rinbosari, Moliya vaziri - Jamshid Qo‘chqorov va shu yil 17 iyulda yurtimizga tashrif buyurgan Xalqaro valyuta jamg‘armasining A.Eger boshchiligidagi vakillari o‘rtasida yakuniy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqida vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Tomonlar O‘zbekiston iqtisodiyotining yanada rivojlantirish istiqbollariga alohida e’tibor qaratishdi.

A.Eger valyuta bozori va savdoning erkinlashtirilishi hamda chegaralarning ochilishi O‘zbekistonda 2018 yilning birinchi yarmida eksport va import prognoz ko‘rsatkichlarini sezilarli darajada oshirishga xizmat qilganini ta’kidladi.

O‘z navbatida qayd etilganidek, 2017 yil birinchi yarmi bilan taqqoslanganda 2018 yil yanvar-iyun oylarida iste’mol narxlari indeksi (INI) bo‘yicha inflyatsiya darajasi 6¼ foizgacha sekinlashgan. INI bo‘yicha inflyatsiya yillik hisoblash doirasida yanvar oyidan boshlab maksimal 20½ foiz darajasidan asta-sekinlik bilan iyun oyiga qadar 18½ foizgacha kamaygan.

Soliq islohoti hukumatning eng muhim iqtisodiy loyihasi hisoblanib, u, avvalo, yanada yuqori sifatli ish o‘rinlarini yaratish uchun zarur bo‘lishi alohida e’tirof etildi.

A.Eger tasdiqlangan islohotlar oqilona soliq tizimi yo‘lidagi juda muhim va qat’iy qadam bo‘lishini ishonch bilan aytdi. Zero, shu asosda soliq tizimining soliq bazasi kengaytiriladi, soliq stavkalari pasaytiriladi. Binobarin, tizim samaradorligi ortadi. Ayni chog‘da O‘zbekistonda ish o‘rinlarini tashkil etish uchun mavjud ehtiyojlarni inobatga olgan holda xususiy sektorda bandlikni legallashtirish va oylik maoshlari to‘langanligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etilishiga o‘ziga xos rag‘bat yaratiladi.

Shu bilan bir qatorda tomonlar yangi, soliq to‘lovchilar uchun tushunarli bo‘lgan Soliq kodeksini ishlab chiqish oldinda turgan jiddiy vazifa ekaniga urg‘u berishdi. Bu borada kelgusi bir necha oy ichida keng jamoatchilik orasida ochiq muhokama tashkil etish maqsadga muvofiqdir.

Qolaversa, 2019 yil uchun byudjet ishlab chiqish jarayonida hukumat birinchi marta 2019-2021 yillar uchun uch yillik byudjet parametrlarini taqdim etadi.

Umuman olganda, XVJ missiyasi makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar va hukumat tomonidan 2019-2021 yillar uchun ishlab chiqilgan parametrlar mamlakatda barqarorlikni ta’minlash yo‘lida olib borilayotgan soliq-byudjet siyosati vazifalariga to‘la mos keladi deb hisoblaydi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?