Advokatura sohasidagi muammolar qachon yechim topadi?

17:19 25 Dekabr 2019 Jamiyat
202 0

Soʻnggi yillarda yurtimizda sud-huquq tizimini isloh qilish borasida ulkan ishlar amalga oshirildi. Lekin shunday boʻlsa-da, bu sohada hali yechimini kutayotgan muammolar talaygina. Inson huquqlari kafolatlangan tom maʼnodagi fuqarolik jamiyati qurish uchun jamoatchilik nazoratiga va tabiiyki, ommaviy axborot vositalarining oʻtkir nigohiga ehtiyoj sezilishi turgan gap.

Oʻzbekiston Respublikasi Advokatlar palatasida tashkil etilgan davra suhbatida shu masalalar ochiq-oshkora va erkin muloqot tarzida muhokama etildi. Ommaviy axborot vositalari bilan Advokatlar palatasi oʻrtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari haqida fikr-mulohazalar bildirildi. 

Xoʻsh, advokatura institutini takomillashtirish, uning huquqiy maqomini kuchaytirish, advokatlar vakolatlarini kengaytirish nima uchun kerak?

Prezidentimiz Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 27 yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi maʼruzasida ushbu masalalar tahliliga toʻxtalib, tizimdagi muammolarni bartaraf etish yuzasidan takliflarini berdi.

Darhaqiqat, 33 milliondan ortiq Oʻzbekiston aholisiga faqatgina 4 mingta advokat xizmat koʻrsatayotganini, mamlakatimizdagi advokatlarning 60 foizi 50 yoshdan oshgan shaxslar ekanini, ular orasida 30 yoshga toʻlmagan yoshlar 70 nafarga ham yetmasligini ijobiy baholab boʻlmaydi.

— Advokatlar aholimiz soniga qaraganda juda kam, yaʼni har 8,5 ming nafar kishiga bitta advokat toʻgʻri keladi, — deydi Advokatlar palatasi raisi A. Ernazarov. — Biz shu sohada 42 ta xorij davlatining koʻrsatkichlarini tahlil qildik, oʻrgandik. Oʻzbekiston 40 oʻrinda ekan. Birgina Turkiyada 125 ming, Xitoyda esa 450 ming nafar advokat faoliyat yuritar ekan. Shundan kelib chiqib, ayni paytda advokat boʻlish istagidagi talaba-yoshlarga qoʻshimcha imkoniyatlar yaratib berish, malakasini oshirish, oʻquv jarayonlariga ilgʻor oʻquv uslublarini joriy etish borasida jiddiy shugʻullanyapmiz.

Tadbirda Advokatura institutini rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqilayotgani, yaqin ikki yilda xalqaro tashkilotlar bilan birgalikda 4,5 milliard soʻmlik loyihalarni hayotga tatbiq etish rejalashtirilayotgani ham aytib oʻtildi.

Advokatlar bilan jurnalistlar faoliyati uslub jihatidan har xil boʻlsa-da, lekin maqsadi mushtarak ekani qayd etildi. Bu oʻzaro hamkorlikda ish yuritishda ayni muddaodir.

Shuningdek, tadbirda Advokatlar palatasi muassisligidagi “Advokat” jurnali tashkil etilganining 20 yilligi munosabati bilan uning oʻtgan davrda va bugungi kundagi faoliyati, chop etilayotgan materiallar mohiyati xususida fikr-mulohazalar bildirildi.

Yakunda mazkur sohani OAVda yoritishda faollik koʻrsatayotgan bir guruh jurnalistlar ragʻbatlantirildi.

Rahim ShERQULOV

(“Xalq soʻzi”).


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?