Advokatlar vakolatlari kengayadi

21:55 27 Sentyabr 2018 Jamiyat
1202 0

Mamlakatimizda soʻnggi ikki yil ichida advokatura sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar ushbu xizmat sifati va samaradorligini mutlaqo yangi bosqichga koʻtardi.

Toʻgʻri, undan oldingi yillarda ham jabhaga eʼtibor boʻlgan. Masalan, 2008 yilda Oʻzbekiston advokatlar assotsiatsiyasi negizida barcha advokatlar majburiy aʼzoligiga asoslangan, Oʻzbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi tashkil qilingan edi. Uning huquqiy maqomi, maqsad, vazifalari, aʼzolari huquq va majburiyatlari belgilab berildi. Xoʻsh, ushbu oʻzgarishlar oʻz samarasini berdimi?

Tan olish kerak, orada advokatlik tuzilmalari ushbu yoʻnalishda yaxshi natijalarga erisha olmadi. Advokatlar palatasining advokatura instituti himoyachisi sifatidagi roli pasayib ketdi. Ayni chogʻda tergov va sud organlarida advokatlarning shikoyatlarini koʻrib chiqishda turli toʻsiqlar kelib chiqqani, bilim, tajriba yetishmasligidan advokatlar tomonidan qonunbuzarliklarga yoʻl qoʻyilgani ham bor gap. Bu fuqarolarning haqli eʼtirozlariga sabab boʻlayotgandi.

Bu advokatura institutini yanada takomillashtirishni taqozo etardi. Binobarin, 2018 yil 4 aprelda Oʻzbekiston Respublikasining “Sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish boʻyicha chora-tadbirlar qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonuni qabul qilindi Unga asosan, Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksining tegishli moddasiga kiritilgan yangi norma asosida himoyachi jinoyat ishi boʻyicha dalillarni toʻplash va taqdim etishga haqliligi, bu dadillar jinoyat ishiga qoʻshib qoʻyilishi, tergov va sud organlari tomonidan majburiy baholanishi tayinlandi.

Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 12 maydagi “Advokatura instituti samaradorligini tubdan oshirish va advokatlarning mustaqilligini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan, joriy yilning iyul oyidan boshlab, advokatga hakamlik sudyasi sifatida faoliyat yuritish, advokatlik bilan shugʻullanish maqsadida advokatlik tuzilmasida olti oy oʻrniga uch oy majburiy stajirovka oʻtash, advokat oʻzining kasbiy faoliyati bilan uzrsiz sabablarga koʻra olti oyga qadar shugʻullanmasligi, advokatga nisbatan sud organi tomonidan chiqarilgan ayblov hukmi qonuniy kuchga kirgan taqdirda, bu haqda sudya tomonidan bir sutka ichida Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Advokatlar palatasini yozma holda xabardor qilish, advokatlar har bir tanlangan mutaxassislik boʻyicha barcha toʻlovlardan ozod qilingan holda, alohida litsenziya asosida yuridik yordam koʻrsatish va litsenziyaning amal qilishini tugatish Oliy malaka komissiyasi xulosasiga asosan Adliya vazirligi murojaat boʻyicha sud organi orqali amalga oshirilishi joriy etildi.

Advokatura sohasida amalga oshirilgan bu islohotlardan advokatlar huquqlari har tomonlama kengayib borayotgani, birok amaliyotda ularning vakolatlari doirasini kengaytirish borasida sezilarli oʻzgarishlar boʻlmayotganligini kuzatish mumkin.

Shuni aytish joizki, vakolatli sud organlari sohasida qilingan ijobiy oʻzgarishlar kabi advokatlar faoliyatini kengaytirish uchun ularga qoʻshimcha vakolat berish, har tomonlama rivojlanishiga toʻgʻonoq boʻlayotgan qarama-qarshi qonun normalariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish lozim boʻlmoqda.

Jumladan, amaldagi qonunchilik normalariga koʻra, himoyachi jinoyat ishi boʻyicha ishga taalluqli axborotga ega boʻlgan shaxslarni soʻrovdan oʻtkazish va ularning roziligi bilan yozma tushuntirishlar olish, davlat organlariga va boshqa organlarga, shuningdek, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga soʻrov yuborish va ulardan maʼlumotnomalar, tavsifnomalar, tushuntirishlar va boshqa hujjatlarni olish vakolatlariga ega.

Bu vakolatlar bilan birga, advokatlarga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Rayosati qarorlaridan tashqari, har qanday sudning hukmlari, ajrimlari va hal qiluv qarorlari ustidan Oliy sudning sudlov hayʼatiga nazorat tartibda shikoyat kiritish, uni maʼlumotnomalar, tavsifnomalar, tushuntirishlar va boshqa hujjat, dadillarni ilova qilgan holda nazorat instansiyasiga yuborish vakolatini berish lozim. Oʻz navbatida, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi sudlov hayʼatining aʼzolari davlat organlarining vakolatli mansabdor shaxslari tomonidan ushbu hayʼatga nazorat tartibida kiritilgan protestlar kabi advokatlarning ham bildirilgan shikoyatlarini koʻrib chiqishlari kerak, chunki ushbu vakolat advokatura tizimini tubdan takomillashtirish, sifatli va samarali yuridik yordamni tashkillashtirish, advokat obroʻsini oshirish, shuningdek, sudlov ishini yuritishda tenglik va tortishuv prinsiplarini toʻliq yuzaga chiqarishga xizmat qilishi mumkin.

Advokat oʻzining himoyasiga olgan shaxs ishtirokida oʻtkazilgan tergov harakatlariga himoyachi sifatida qatnashishi mumkin. Guvoh, jabrlanuvchi va boshqa protsess ishtirokchilari bilan boʻlgan tergov harakatlariga tergovchi monelik qilib, ruxsat bermagan taqdirda, advokat faqatgina ish oxirida mazkur shaxslar ishtirokida toʻplangan hujjat va dalillar bilan yaqindan tanishib chiqadi. Shu sababli advokat himoyaga kirishishga ruxsat xatini olgandan soʻng, himoya ostidagilarning yoki ishonch bildiruvchilarning ishtirok qilmagan barcha tergov harakatlarida, hech bir moneliksiz ishtirok qilishi mumkinligini amaliyotda joriy qilish lozim. Shunda advokatlarning huquq va vakolatlari yanada kengaygan boʻlardi.

Buning uchun advokatlik faoliyatiga toʻgʻonoq boʻlayotgan normalarni oʻrganib chiqish, tahlil qilish, lozim boʻlsa, tegishli qonun normalariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish orqali ularning huquq va vakolatlarini kengaytirish, kelgusida sohani zamonga mos tarzda takomillashtirish talab etiladi.
Orif KANDAXOR,
“Navoiy-Esperanto” MCHJ
huzuridagi hakamlik sudi raisi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?