Advokat faoliyatiga toʻsqinlik qilgan oʻzboshimcha MIB surishtiruvchisi jazolandi

16:33 19 Avgust 2019 Jamiyat
107 0

Advokatning MIB binosiga kirishini taqiqlab, ham advokatning, ham uning himoyasidagi fuqaroning huquqlariga daxl qilgan Rustam Ahadqulov oʻz rahbariyati tomonidan intizomiy, sud tomonidan esa maʼmuriy javobgarlikka tortildi.

Samarqand viloyati Ishtixon tumanidagi “Vindikatsiya” advokatlik byurosi advokati Neʼmatilla Daminov oʻz professional faoliyatiga toʻsqinlik qilgan MIB surishtiruvchisi Rustam Ahadqulovni sudga berib, yutib chiqdi. Maʼlum boʻlishicha, bu xodim xizmat vakolatlarini suiisteʼmol qilgani uchun avvalroq oʻz rahbariyati tomonidan ham intizomiy jazoga tortilgan ekan.

MIB Ishtixon tumani boʻlimi tomonidan “tabiiy gazdan noqonuniy foydalangan” degan ayb bilan ustidan maʼmuriy ish ochilgan fuqaro S. oʻz huquqlarini himoya qilish uchun advokat N.Daminov bilan shartnoma imzolagan. Biroq ishni yuritayotgan MIB Ishtixon tuman surishtiruvchisi R.Ahadqulov advokatni qabul qilishni rad etib, uning hatto MIB binosiga kirishini ham taqiqlab qoʻyadi. Oʻz navbatida, fuqaro S.ga ham bosim oʻtkazib, huzuriga advokatsiz, faqat oʻzi kelishini talab qiladi. Bu bilan esa u bir tarafdan advokatning kasbiy faoliyatini amalga oshirishiga toʻgʻonoq boʻlgan, ikkinchi tomondan esa fuqaroni yuridik yordam olish huquqidan mahrum etgan edi.

Advokat N.Daminov surishtiruvchining protsessual qonun normalariga bu qadar bepisandligini “hazm qilolmadi” – uning gʻayrihuquqiy xatti-harakatlari toʻgʻrisida MIB Samarqand viloyati boshqarmasi boshligʻiga ariza yozdi, shuningdek, MJtKning 283-moddasi 5-qismida nazarda tutilgan tartibda sudga ham murojaat qildi.

Shu oʻrinda MIB oʻz xodimining nomatlub ishlariga tezkorlik bilan va tegishlicha munosabat bildirganini aytib oʻtish joiz. Zero, advokat N.Daminovga yuborilgan javob xatidan maʼlum boʻlishicha, surishtiruvchi R.Ahadqulovning qilmishlari Boshqarma boshligʻi huzurida oʻtkazilgan tezkor yigʻilishda (2019-yil 6-mart) chigʻiriqdan oʻtkazilgan. Natijada esa bu surishtiruvchining advokat faoliyatiga gʻov boʻlishdan tashqari, ish yuritish qoidalari va ijro talablariga ham rioya qilmagani maʼlum boʻladi qoladi. Xususan, u fuqaro S.ning muqaddam sudlanganligi yoki maʼmuriy javobgarlikka tortilganligiga doir talabnomalarni olmagan, tekshirish hujjatlarini tegishli tartibda roʻyxatdan oʻtkazmagan, shuningdek, dastlabki 10 kunlik muddat oʻtganidan keyin ham qoʻshimcha muddat olmasdan ish yurituvini davom ettirgan ekan. Shu bois xizmat vazifalarini bajarishdagi masʼuliyatsizligi uchun unga nisbatan intizomiy jazo – oʻrtacha oylik ish haqining 30 foizi miqdorida jarima qoʻllash toʻgʻrisida buyruq chiqariladi. Uning bevosita rahbari, yaʼni tuman MIB boshligʻi esa “hayfsan” oladi.

MIB viloyat boshqarmasi tomonidan oʻtkazilgan ushbu xizmat tekshiruvi xulosasi, tezkor yigʻilish bayonnomasi, R.Ahadqulovga nisbatan intizomiy jazo qoʻllanilgani toʻgʻrisidagi buyruq va boshqa hujjatlar sudda ham javobgar R.Ahadqulovning maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etganini tasdiqlovchi dalillar sifatida baholandi.

Ammo R.Ahadqulov sud majlisiga kelmadi. Shunday boʻlsa-da, u sudga uzrli sabab koʻrsatmagani va ishni kechiktirish toʻgʻrisida ariza ham bergani bois Ishtixon tuman maʼmuriy sudi ishni uning ishtirokisiz koʻrib chiqdi va MIB surishtiruvchisi Oʻzbekiston Respublikasi MJtKning 1971-moddasi (“Advokatning professional faoliyatiga toʻsqinlik qilish”)da nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topib, unga eng kam ish haqining ikki baravari miqdorida, yaʼni 405.460 soʻm jarima tayinladi.

Biz jurnalistik qiziquvimiz tufayli sudyadan javobgar tomonning sudga kelmasligi borasidagi munosabatini ham soʻradik.

– Huquqbuzar MIB xodimining nega sud majlisiga kelmaganligini muhokama qilishga hojat yoʻq. Zero, bu uning huquqi, – deydi Samarqand viloyati, Ishtixon tumani maʼmuriy sud sudyasi Sobir Sodiqov. Biroq ushbu sud ishining oʻzi ibrat olishga loyiq. Yaʼni boshqa fuqarolar va advokatlar ham oʻz huquqlarini yuqoridagi misolda koʻrganimiz kabi qonun bergan imkoniyatlardan foydalangan holda himoya qilishga odatlansa, qonunlar va oʻzgalar huquqlariga bepisand boʻlgan R.Ahadqulov kabi mansabdorlar birinchi martasida boʻlmasa ikkinchi va uchinchi choralardan keyin toʻgʻri xulosa chiqarib olishlari aniq.

“Advokat” jurnali


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?