“Adolatli qaynona” tanlovi g‘oliblari aniqlandi

18:07 15 Avgust 2018 Jamiyat
246 0

Bugun poytaxtimizda “Adolat” SDP tomonidan har yili an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Adolatli qaynona” respublika ko‘rik tanlovining g‘oliblari aniqlandi. O‘zining ibratli va tinch oilasi bilan mahallasi, shahar tumanida ibrat va namuna ko‘rsata olgan 14 nafar viloyat bosqichlari g‘oliblari tantanali ravishda taqdirlandi.

— Ajralishlar bugungi kunda jamiyatimizning eng og‘riqli dardlaridan biri, — deydi tanlov ishtirokchisi, Buxoro viloyati vakili Norbibi Mardonova. — Bizga taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2018 yilning dastlabki olti oyida mamlakatimizda 16 ming 449 ta oilada ajralishlar kuzatilgan. Ularning 11 mingdan ortig‘ida kamida bir nafar yoki undan ortiq farzandlari bor. Endi tasavvur qiling, bu bolalar katta bo‘lganda oilaning muqaddasligiga qanday ishonadi? O‘zi to‘liq oilada kamol topmaganidan keyin o‘ksinadi, oilaning inson hayotidagi o‘rnini, ahamiyatini bilmaydi. Uni qadrlash kerakligini, mas’uliyatini his qilmaydi. Afsuski, ular bizga begona odamlar emas. Kiningdir qizi, kimningdir o‘g‘li, yaqini, qarindoshi, xullas, ajralishlar muammosi hech kimga begona emas. Yana bir afsus, bu jarayonda aynan qaynona kelin munosabatlari asosiy o‘rin tutadi. Tanlovimiz orqali kimgadir ibrat bo‘lsin degan umidda hayotiy misollarni, janjalli holatlarni sahnalashtirdik. Ularning yechimini ko‘rsatib berishga intildik. Bu orqali aynan qaynonalar orqali oilalarga kirib borish, ta’sir ko‘rsatishni maqsad qildik. Jamiyatimizda adolatli qaynonalar qanchalik ko‘paysa, oilalarda tinchlik, ahillik yanada mustahkamlanadi. Men bunga ishonaman.

Tanlovning quyi bosqichlarida 7 mingdan ortiq qaynonaning mahorati va oilaviy tajribasi sinovdan o‘tkazildi. G‘oliblarga partiya Siyosiy Kengashining diplom va qimmatbaho sovg‘alari topshirildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?