“Adolat” SDP deputatlari auditorlarni majburiy aʼzolik balosidan saqlab qolmoqchi

10:21 11 Mart 2020 Siyosat
218 0

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda bir qator qonun loyihalari qatori “Auditorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ham koʻrib chiqildi.

Deputatlar tomonidan taʼkidlanganidek, zamonaviy audit jamiyat manfaatlarini qondirishga va investorlar himoyasini kuchaytirishga yoʻnaltirilgan tadbirkorlik faoliyati hisoblanadi. Shu boisdan bozor iqtisodiyoti talablariga javob beradigan auditorlik xizmatini tashkil etish, ushbu Qonunning asosiy maqsadi boʻlmogʻi lozim. Bundan tashqari loyihada auditorlik kasbining nufuzini va ular ishining sifatini oshirishga ham alohida eʼtibor berilishi lozim.

Shu kabi maqsadlarni inobatga olib ishlab chiqilgan qonun loyihasi eskirgan va havolaki meʼyorlarni qayta koʻrib chiqishga va toʻgʻridan-toʻgʻri amal qiladigan yangi normalarni joriy qilishga yoʻnaltirilgan. Bunda, auditorlik faoliyatini litsenziyalash boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatish tartibini soddalashtirish va auditorlik faoliyatini amalga oshirish uchun qogʻoz shakldagi litsenziya berishni bekor qilish taklif etilmoqda.

Yigʻilishda fraksiya aʼzolari loyihada mavjud kamchiliklarga alohida toʻxtalib oʻtishdi. Xususan, loyihaning 30-moddasida aks etgan auditorlarning respublika jamoat birlashmalaridan biriga aʼzo boʻlishi shartligi masalasi bahsga sabab boʻldi. Chunki, mavjud qonunchiligimizda jamoat birlashmalariga aʼzolik ixtiyoriyligi alohida belgilab qoʻyilgan. Shu bilan birga aʼzolar toʻlaydigan aʼzolik badali masalasi ham oʻrganilmaganligi tanqidiy baholandi.

Bundan tashqari auditorlarni malakasini oshirish tegishli litsenziyaga ega boʻlgan auditorlarning respublika jamoat birlashmalari qoshidagi oʻquv markazida har yili amalga oshirilib borilishi ham tanqidga sabab boʻldi.

Birinchidan, bu holat,  yaʼni auditorlarni har yili malaka oshirishi faqatgina bir markaz tomonidan amalga oshirishi xuddi “Avtotest” voqeasi singari monopoliyaning bir koʻrinishiga sabab boʻlib qoladi.

Ikkinchidan, malaka oshirishning faqat bir tashkilot tomonidan amalga oshirilishi oʻz-oʻzidan korrupsion holatlarini keltirib chiqarishi mumkin.

Shu bilan birga fraksiya aʼzosi Akmal Burxanov tomonidan auditorlik faoliyatini litsenziyalashni bekor qilish taklifini oʻrtaga tashladi. Chunki auditorda shundoq ham malaka sertifikati boʻladi. Bundan tashqari joriy yilgi davlat dasturida ham litsenziyalar miqdorini ikki baravar qisqartirish vazifasi turganda auditorlardan litsenziya talab qilish maqsadga muvofiq emas.

“Adolat” SDP fraksiyasi aʼzolari qonun loyihasidagi mazkur kamchiliklar ikkinchi oʻqishga qadar toʻgʻrilanmasa loyihani rad etishlarini maʼlum qilishdi.

Anvar EGAMQULOV

Qonunchilik palatasidagi

“Adolat” SDP fraksiyasi

ijrochi kotibi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?