Adolat qaror topsa, davlatga ishonch ortadi

11:34 24 Aprel 2018 Siyosat
527 0
Foto: sputniknews-uz.com

Andijon viloyatida tashkil etilgan ommaviy qabullarda fuqarolarning 800 ga yaqin murojaatlari ko‘rib chiqildi.

Shu yilning 20-21 aprel kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni Fuqarolar huquqlarini himoya qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati tomonidan Andijon viloyati tumanlarida ommaviy qabullar o‘tkazildi. Viloyatdan davlatimiz rahbarining Virtual qabulxonasiga bo‘lgan murojaatlar qator vazirliklar, boshqarmalar mutasaddilari ishtirokida atroflicha o‘rganib chiqildi hamda ularni qanoatlantirish choralari ko‘rildi.

Aytish joizki, shu kungacha viloyatda Prezidentning Davlat maslahatchisi ishtirokida uch marta ommaviy qabul tashkil etilgan bo‘lib, ularda jami 3 mingdan ortiq masalalar ko‘rib chiqildi. Shulardan 92 foizi joyida ijobiy hal qilindi. Bu galgi qabul viloyatning to‘rtta tumanida tashkil etilgan bo‘lib, ularda 16 ta shahar va tumandan tashrif buyurgan fuqarolarning 800 ga yaqin murojaatlari ko‘rib chiqildi. O‘rganish natijasi tahlil qilinganda, aholini eng ko‘p qiynayotgan muammolar — uy-joy, bandlik, kommunal xizmat, sud, bank, tibbiyot hamda tadbirkorlik sohalariga oid bo‘lib, avvalgi murojaatlardan farqli o‘laroq, fuqarolarda jamiyatdagi jarayonlarga nisbatan befarqlik barham topib, ularda faollik va daxldorlik hissi kuchayib borayotganligiga guvoh bo‘lasiz. Masalan, Izboskan, Oltinko‘l, Andijon hamda -Paxtaobod tumanlari fuqarolari muammolariga yechim topish maqsadida Izboskan tumanida tashkil etilgan ommaviy qabulda so‘z olgan 77 yoshli O‘sarjon Sotvoldiyev shunday deydi:

— Men istiqomat qilayotgan Oltinko‘l tumanining Chinobod ko‘chasida sharoit juda yaxshi. Ko‘chamiz asfaltlangan. Yo‘limiz tekis va ravonligi bilan hamisha faxrlanamiz. Biroq 9-umumta’lim maktabi joylashgan hududdagi 450 metrdan iborat yo‘l qariyb besh -yildan buyon ta’mirtalabligicha qolmoqda. Bu yerda 1000 nafar o‘quvchi tahsil olayapti. Yozda chang, qishda loy ko‘chadan aziyat chekayotganlar mana shu bolajonlardir. Hech bo‘lmaganda, shag‘al to‘kish ishlari amalga oshirilmasa, nabiralarimiz ko‘ziga qanday qaraymiz?

Murojaat yechimini kutishga to‘g‘ri kelmadi. Oltinko‘l tumani hokimi Baxtimurod Karimov shu yilning 20 may kuniga qadar ushbu hududda nafaqat asfaltlashtirish, balki obodonlashtirish ishlari ham amalga oshirilishini va’da qildi.

— Ikkinchi jahon urushi yillarida osmonimiz musaffo bo‘lib, yurtimizda tinchlik hukm surarmikin, degan xayolga borardim, — deydi Izboskan tumanining Poytug‘ shahrida yashovchi 
97 yoshli Qo‘chqorvoy ota Yo‘ldoshev. — Shukrlar bo‘lsinki, bugun ana shunday dorilamon kunlarda yashayapmiz. Har kunimiz osuda o‘tayotganidan duodamiz. Yurtboshimiz tomonidan tadbirkorlarga yaratilayotgan sharoitlar, ayniqsa, tomorqadan unumli foydalanish bo‘yicha olib borilayotgan tavsiyalarni ko‘rib, eshitib, mening ham g‘ayratim jo‘shib ketdi. Shuning uchun sizlarga murojaat etib, bir gektar yer so‘ramoqchiman. Bog‘ yaratib, atrofimga nabiralarimni jamlash niyatim bor.

Otaxon yuz yillik to‘yini aynan o‘zi barpo qilgan bog‘da nishonlasa, ajab emas. Zero, shu kuni urush faxriysining iltimosi qanoatlantirilib, unga yer maydoni ajratiladigan bo‘ldi.

Bo‘z tumanida tashkil etilgan ommaviy qabul ana shunday ko‘tarinki ruhda kechdi. Boisi, unda Bo‘z, Shahrixon, Ulug‘nor va Baliqchi tumanlaridan tashrif buyurgan 175 nafar fuqaroni qiynayotgan muammolar ijobiy yechimini topdi. Umuman, bu yilgi -ommaviy qabul bilan avvalgi qabullarni tahlil qilar ekanmiz, fuqarolarda murojaat etish madaniyati hamda so‘rovlar mazmuni o‘zgarib borayotganiga guvoh bo‘ldik. Oldingi qabullarda aksariyat hollarda shaxsiy muammolar ustunlik qilgan bo‘lsa, endilikda odamlarda jamiyatga nisbatan e’tiborlilik va faollik hissi oshgan.

— Kimning oilasida muammo yo‘q deysiz, — deydi Jalaquduq tumanining “Osuda hayot” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Karimjon Rasulov. — Xonadonimizdagi kamchiliklarni bartaraf etish — burchimiz. Siz bizga mahallamizdagi muammolarning yechimini topishda amaliy yordam bersangiz. Misol uchun, bizning qishloq tuman markazidan 20 chaqirim uzoqlikda joylashgan. Biroq yo‘limiz ta’mirtalabligi bois -avtomashinalar ham yurolmaydi. Aholiga transport xizmati ko‘rsatish haqida gap bo‘lishi mumkin emas. Elektr energiyasi ta’minotida uzilishlar bo‘lib turibdi. -Simyog‘ochlarni o‘zimiz qo‘lbola usulda tayyorlab olganmiz. Suyultirilgan ballonli gaz vaqtida almashtirilmaydi. Muhimi, hududimizga tadbirkorlik faoliyatini yo‘naltirishda amaliy yordam kerak. Shunda yangi ish o‘rinlari ochilib, oilalardagi moddiy yetishmovchilik barham topadi.

Jalaquduq tumanida bo‘lib o‘tgan ommaviy qabulda, shuningdek, Qo‘rg‘ontepa, Buloqboshi, Xo‘jaobod tumanlari va Xonobod shahridan murojaat qiluvchilarning masalalari ham o‘rganildi.

Ma’lumki, respublikamizda kadastr hujjati yo‘q uy-joy va yerlarni to‘liq ro‘yxatga olish kunning eng muhim vazifalaridan biriga aylandi. Bu boradagi muammolarni bartaraf etish borasida bir qancha dastur hamda loyihalar ishlab chiqilgan. Ayniqsa, o‘zboshimchalik bilan qurib olingan turarjoy binolarini rasmiylashtirish yuzasidan davlatimiz tomonidan ko‘rilayotgan choralardan yurtdoshlarimiz nihoyatda mamnun. Zero, Andijon viloyatida ham bu borada yechimini kutayotgan muammolar bir talay. Asaka tumanida bo‘lib o‘tgan qabulga kelgan Asaka, Shahrixon, Marhamat tumanlari va Andijon shahri fuqarolari ham bu kabi masalaga yechim topishdan umidvorlar. Andijon shahrining Bog‘ishamol dahasida yashovchi Muattar Sotiboldiyeva ulardan biridir.

— Biz istiqomat qilayotgan hovli Bog‘ishamol dahasining qir-adirlik hududida joylashgan. Ota-bobolarimizdan meros qolib kelayotgan bu uylarning, afsuski, shu paytgacha kadastr hujjatlari yo‘q. Bu ko‘chmas mulkni sotish yoki sotib olishda o‘ziga xos muammolar tug‘dirmoqda. Atrofimizda o‘zlashtirilmagan hududlar ko‘pligi bois qo‘shimcha turarjoy binolarini qurib olganmiz. Bu noqonuniy ekanligini vaqtida tushunmaganmiz. Ularga kadastr hujjati tayyorlashda qiyinchiliklarga duch kelayapmiz. Shu masalada yordam so‘rab kelgan edim, mutasaddilar kerakli ko‘rsatmalarni berishdi.

Ana shunday yurtdoshlarimizdan yana biri Gavharoy Dehqonova Oltinko‘l tumanidagi Maslahat mahallasining Hasan-Husan ko‘chasida yashaydi. Afsuski, bee’tiborlik, qolaversa, o‘z haq-huquqini bilmaslik uning kadastr masalasidagi muammosiga sabab bo‘ldi. Bu masalani bartaraf qilish uchun qilgan murojaati shu joyning o‘zida ijobiy hal etilib, uning turarjoyi kadastr hujjatlarini tuzish chorasi ko‘rildi.

Joylarda tashkil qilingan ommaviy qabullar davomida nafaqat murojaatlar tinglandi, ayni chog‘da kam ta’minlangan oilalar holidan xabar olindi, moddiy va ma’naviy ko‘mak berildi.
Qaysiki davlatda adolat ustuvor ekan, shu yerda rivojlanish, taraqqiyot bo‘laveradi. Zero, adolatning katta-kichigi bo‘lmaydi. Bir inson ko‘ngliga yo‘l topib, uning dardiga malham bo‘lish, muammosini ijobiy hal etish ham adolat yo‘lida tashlangan katta qadamdir. Adolat bor joyda esa xalqning davlatga ishonchi, ertangi kunga umidi ortadi. 

Saminjon HUSANOV,
«Xalq so‘zi» muxbiri.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?