Adliya vazirligi test imtihonlari uchun toʻlov masalasiga qarshi chiqdi

19:56 17 Aprel 2019 Jamiyat
845 0

Foto: Hasan Paydoyev, "Xalq so'zi"

Adliya vazirligi Davlat test markazi tomonidan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga jamoatchilik muhokamasi uchun qoʻyilgan “Oliy taʼlim muassasalariga test sinovlari orqali qabul qilish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaror loyihasi boʻyicha oʻz xulosalarini berdi.

Adliya vazirligining Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi maʼlum qilishicha, unda loyiha boʻyicha bir qator takliflar va eʼtirozlar oʻrin olgan. Xususan:

Birinchidan, darsliklar masalasiga aniqlik kiritish talabi qoʻyildi. “Loyihada 11 yillik taʼlimni maktabda olgan abituriyentlar uchun 10 va 11-sinf darsliklari, akademik litsey bitiruvchilari uchun – akademik litsey darsliklari asosida imtihon oʻtkazilishini hamda imtihonga tavsiya etiladigan darsliklar aniq roʻyxatini belgilashni (har uch/toʻrt yilda tasdiqlanadigan asosiy darsliklar doirasida (alternativ (muqobil) darsliklar bundan mustasno) nazarda tutuvchi aniq mezonlarni ishlab chiqish va tasdiqlash toʻgʻrisidagi topshiriq loyihada aks ettirilishi shart” deyiladi vazirlik xulosasida.

Shuningdek, DTMga imtihonda beriladigan, murakkab boʻlmagan, sodda koʻrinishdagi namunaviy savollarni tuzish mezonlarini ishlab chiqish talabi qoʻyilmoqda.

Ikkinchidan, test topshirish uchun toʻlov masalasi qayta koʻrib chiqilishi kerak. “2-bandning ikkinchi xatboshisida test sinovlarida ishtirok etish uchun eng kam ish haqining bir baravariga teng miqdorda yigʻim undirilishi qayd etilmoqda. Biroq, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 41-moddasiga koʻra, har kim bilim olish huquqiga ega. Bilim olish huquqi har qanday shaxsning moddiy va jismoniy imkoniyatlaridan qatiy nazar, ularning taʼlim olishi uchun bir xil imkoniyatni nazarda tutadi. Shu bois bir baravar miqdorda toʻlov undirish maqsadga muvofiqligini mazkur norma asosida, shuningdek ushbu masala aholi oʻrtasida noroziliklar yuzaga kelishi mumkinligini inobatga olgan holda qayta koʻrib chiqish maqsadga muvofiq” deyiladi vazirlik xulosasida.

Uchinchidan, DTM vakolatlari kengaytirilishi maqsadga muvofiq emas. Yaʼni ushbu qaror loyihasidan koʻzlangan maqsadga. Adliya vazirligi “loyihaning tartibga solish predmeti boʻlmagan 6-band ortiqcha sifatida chiqarib tashlanishi lozim” degan xulosani bergan. Ushbu bandda DTMning vakolatlarini kengaytirish, xususan, uning direktorini lavozimiga koʻra vazirga tenglashtirish, rahbarga Davlat test markazi tuzilmasiga oʻzgartirishlar kiritish huquqini berish nazarda tutilgan.

Toʻrtinchidan, korrupsiyaga yoʻl ochishi mumkin boʻlgan boʻshliqlar toʻldirilishi lozim. Korrupsiyaga qarshi ekspertiza xulosalariga koʻra, loyihada 2 yil muddatga amal qiladigan sertifikat berish belgilangani holda, mazkur sertifikatni berish tartibi va uning huquqiy oqibati bilan bogʻliq masalalar bayon etilmagan. Amalga oshirilishining aniq mexanizmiga ega boʻlmagan normalar huquqni tartibga solishdagi boʻshliqlarni paydo qiladi va bu oʻz navbatida korrupsiyaga yoʻl ochadi. Shu sababli Adliya vazirligi ushbu sertifikatni berish tartibini ishlab chiqish va uning huquqiy oqibatlarini aniq bayon etish lozimligini maʼlum qilmoqda.

Beshinchidan, jamoatchilik fikri eʼtiborga olinishi kerak. Adliya vazirligi regulation.gov.uz portalida fuqarolarning ushbu loyiha boʻyicha bildirgan taklif va mulohazalarini har tomonlama, sinchkovlik bilan oʻrganib chiqishni taʼkidlagan va oʻz xulosalariga ushbu fikr-mulohazalardan qoʻchirmalarni ilova qilgan.

Adliya vazirligining mazkur talablari asosida DTM loyihani qayta koʻrib chiqishi va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritishi lozim.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?