Adliya vazirligi oʻtkazgan tanlovda ikki nafar bloger gʻoliblikka erishdi

18:01 13 Sentyabr 2018 Jamiyat
1218 0

“Xalq soʻzi online”. Yulduz Oʻrmonova/Toshkent. “Street-law” aholi gavjum joylarda mamlakatimizda qabul qilingan yangi huquqiy hujjatlar xususida axborot beruvchi materiallarni tarqatish.

Soʻnggi paytlarda Adliya vazirligi huquqiy targʻibotning xalqaro samarador bu usuliga qayta-qayta murojaat qilmoqda. Flayerdagi maʼlumotlar shunchaki matn shaklida emas, test tarzida taqdim etiladi. Undagi savollarga javob berar ekan, fuqaro oʻz huquqiy bilimini sinaydi. Yangi maʼlumotlarni oladi. Vazirlik tomonidan shunga oʻxshagan huquqiy targʻibotning zamonaviy usullarini keng joriy qilayotgan mutaxassislar ragʻbatlantirildi.

Adliya vazirligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi hamda “Turonbank” ATB bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Eng yaxshi huquq targʻibotchisi” tanlovining gʻoliblari taqdirlandi.

Gʻoliblar “Huquqiy targʻibotdagi fidoyiligi uchun”, “Huquqiy madaniyatni targʻib qiluvchi eng yaxshi mutaxassis”, “Huquqiy madaniyatni targʻib qiluvchi eng yaxshi jurnalist”, “Huquqiy madaniyatni targʻib qiluvchi eng yaxshi OAV”, “Huquqiy madaniyatni targʻib qiluvchi eng yaxshi bloger” kabi nominatsiyalarda saralandi.

Foto: Baxtiyor Akromov/“Xalq soʻzi”.

— Tanlovga ikki oy davomida 170 dan ortiq materiallar kelib tushdi, — deydi huquqiy targʻibot boshqarmasi boshligʻi Sherzod Rabiyev. — Tanlov nizomiga muvofiq, hakamlar hayʼati ushbu materiallarni oʻrganib chiqib, yashirin ovoz berish yoʻli bilan gʻoliblar aniqlandi. Oʻylaymanki, gʻoliblarimiz xalqimizning huquqiy madaniyatini yanada yuksaltirish, mamlakatimizda qonun ustuvorligini taʼminlashda yanada original yondashuvlar va tashabbuslar bilan chiqadilar.

“Huquqiy targʻibotdagi fidoyiligi uchun” nominatsiyasi boʻyicha Toshkent davlat yuridik universiteti professori Feruza Muhiddinova, “Huquqiy madaniyatni targʻib qiluvchi eng yaxshi mutaxassis” nominatsiyasi boʻyicha Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi apparatining yuridik boʻlimi mudiri oʻrinbosari Xushnudbek Xudoyberdiyev gʻolib boʻldi. “Huquqiy madaniyatni targʻib qiluvchi eng yaxshi jurnalist” nominatsiyasi boʻyicha esa “Inson va qonun” gazetasi adabiy muharriri, jurnalist, bloger Dilfuza Ergasheva taqdirlandi.

Shuningdek, “Oʻzbekiston 24” telekanali — huquqiy targʻibot, xususan, qabul qilinayotgan qonun hujjatlarining mazmun-mohiyati va ahamiyatini yetkazish yoʻnalishida eng faol telekanal sifatida “Huquqiy madaniyatni targʻib qiluvchi eng yaxshi OAV” nominatsiyasi boʻyicha gʻolib boʻldi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?