Adliya vazirligi huzuridagi multimedia markazi foydalanishga topshirildi

17:05 01 Fevral 2019 Jamiyat
297 0

Foto: Dinara Chirkova/“Xalq soʻzi”

2019 yilning 1 fevral kuni Adliya vazirligi huzuridagi eng yangi IT-texnologiyalari va raqamli uskunalar bilan jihozlangan Axborot-tahlil multimedia markazi taqdimoti boʻlib oʻtdi. Bu haqda Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi xabar berdi.

Multimedia markazida ijod qilish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Maxsus dekoratsiyali va zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlangan bir nechta studiya faoliyat yuritadi. Bu yerda tok-shou va turli formatdagi dasturlarni suratga olish mumkin. Ommaviy axborot vositalari bilan muloqot qilish, jumladan yuzma-yuz interaktiv uchrashuvlar, brifing va matbuot anjumanlari oʻtkazish uchun maxsus media maydonchalar yaratilgan. Markazni texnik jihatdan jihozlash — LED-ekranlar, kameralar, yoritgichlar, koʻp funksiyali ovoz yozish tizimi va boshqa apparatura jamoaga eng dadil media loyihalarni amalga oshirish, xususan hujjatli filmlarni suratga olish imkonini beradi.

Foto: Dinara Chirkova/“Xalq soʻzi”

Adliya vazirligi huzuridagi Axborot-tahlil multimedia markazi oʻz oldiga qanday vazifalarni qoʻymoqda?

Birinchidan, huquqiy maʼrifat. Aholining huquqiy savodxonligi darajasi davlat va jamiyatning rivojlanganlik darajasini belgilab beradi. Dunyo amaliyoti aholining huquqiy bilimlarini oshirish huquqiy normalarga rioya etmaganlik uchun qatʼiy jazo qoʻllashdan koʻra samaraliroq ekanligini koʻrsatmoqda. Multimedia markazi qonun hujjatlarining mazmuni va mohiyatini oddiy va xalqchil tilda, murakkab yuridik atamalardan foydalanmagan holda tushuntirishga eʼtibor qaratib, bu jarayonda vizual effektlar va infografidan foydalanmoqda.

Ikkinchidan, ishonchli maʼlumot taqdim etish. Soʻnggi yillarda internet yangiliklarni tarqatuvchi eng ommabop manba hisoblanadi. Biroq har doim ham Internetdan olingan maʼlumotlarga ishonsa boʻladimi? Adliya vazirligi huzuridagi multimedia markazi bunday vaziyatlarda OAV va Internet orqali tarqalayotgan yolgʻon, notoʻgʻri maʼlumotlarga tezkorlik va xolis munosabat bildirishga oʻz eʼtiborini qaratadi. Axborot oqimini tahlil qilish maʼlumotlarni tekshirish, ishonchli va obyektiv axborot, ushbu masalalar boʻyicha vakolatli mutaxassis va ekspertlar sharhlarini taqdim etish hamda aholi oʻrtasida uydirma gaplar va mish-mishlarning oldini olish imkonini beradi.

Foto: Dinara Chirkova/“Xalq soʻzi”

Uchinchidan, ommaviy axborot vositalari va keng jamoatchilik uchun adliya organlari va muassasalari faoliyati ochiqligi va shaffofligini taʼminlash. Bu jarayonda nafaqat adliya organlari faoliyatining oʻziga xos jihatlarini ochib beruvchi, balki jamoatchilikka davlat xizmatlaridan foydalanish tartibiga doir konsultativ yordam koʻrsatishga qaratilgan axborot-tahliliy va sharhlarga asoslangan media materiallar tayyorlanib, efir va ijtimoiy tarmoqlarga uzatiladi. Bunda asosiy eʼtibor koʻrgazmalilik, oddiylik, qabul qilinayotgan maʼmuriy reglamentlar talablarining xalqchilligi va sodda tilda tushuntirilishiga qaratilmoqda.

Aholini davlat organlari va davlat xizmatlari koʻrsatuvchi boshqa tashkilotlar faoliyatini oʻrganish natijalari, aniqlangan qonun buzilish holatlari va tizimli kamchiliklar haqida tayyorlanadigan audio- va videoroliklar, tele- va radioeshittirishlar xabardor etishga qaratilganligi bilan ahamiyatli. Aybdor shaxslarga nisbatan qoʻllangan choralar va arizachilarning tiklangan huquqlari haqidagi media materiallar katta profilaktik taʼsirga ega boʻlib, aholining davlat organlariga boʻlgan ishonchini ortishiga xizmat qiladi.

Foto: Dinara Chirkova/“Xalq soʻzi”

Toʻrtinchidan, aholining barcha qatlamlari bilan muloqot oʻrnatish. Buning uchun multimedia markazi mutaxassislari vazirlikning masʼul xodimlari bilan birgalikda respublikamiz aholisining ehtiyoji, jumladan vazirlikning 1008 raqamli “ishonch telefoni”ga kelib tushayotgan murojaatlar tahlili natijalari, ijtimoiy tarmoqlar va mobil ilovalar imkoniyatlaridan foydalangan holda eng dolzarb muammolar boʻyicha jamoatchilik fikrini oʻrganmoqda. Masalan, korrupsiyaga qarshi kurashish, fuqarolarning huquqiy ongi va bilimini oshirish, qabul qilingan qonun hujjatlarining dolzarbligidan xabardor etishga qaratilgan30 dan ortiq ijtimoiy rolik, Jizzax, Fargʻona, Namangan, Sirdaryo kabi viloyatlardan Adliya vazirligiga inson huquqlarini himoya qilish yoʻnalishida kelib tushgan murojaatlari asosida 40 dan oshiq maxsus reportaj va koʻrsatuvlar, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan yangiliklarni aholi va ijrochilarga yetkazishga qaratilgan “Muhokama markazida” tok-shousining turkum sonlari tayyorlandi. Asosiysi – muammoli masalalar adliya organlari aralashuvidan soʻng barham topdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?