Adliya vazirligi: Deputatlar nega mashina chiroqlari bilan bogʻliq bahsda oʻzlarini oʻzlari inkor qilmoqda?

17:07 28 May 2019 Jamiyat
148 0

Arxiv foto

2016-yilda Yoʻl harakati qoidalari boʻyicha ishlab chiqilgan qonun loyihasi aslida deputatlarning tashabbusi boʻlib chiqdi, deb yozadi OʻzA.

Adliya vazirligi “Munosabat” telekoʻrsatuvida avtotransport vositalari bilan bogʻliq bildirilgan fikrlar boʻyicha munosabat bildirdi.

Adliya vazirligi maʼlumotida deputatlar tomonidan 2016-yilda hukumat kiritgan, deb tilga olinayotgan qonun loyihasi ASLIDA Hukumat tomonidan emas, balki bevosita Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan tashabbus sifatida parlamentga kiritilgan boʻlib chiqdi.

Bundan chiqdi deputatlar oʻzlarini oʻzlari inkor qilmoqdami?

Xabaringiz bor, yaqinda “Oʻzbekiston” telekanalining “Munosabat” koʻrsatuvida kunning yorugʻ vaqtida barcha avtomototransport vositalari chiroqlarini yoqib harakatlanishi belgilangan hukumat qarori boʻyicha muhokama oʻtkazildi.

Adliya vazirligi yagona davlat huquqiy siyosatini olib boruvchi organ sifatida muhokamada bildirilgan qonunchilik tizimi bilan bogʻliq boʻlgan fikrlarga izoh berishni oʻrinli, deb topdi.

(Adliya vazirligi barcha avtomototransport vositalari chiroqlarini yoqib harakatlanishining toʻgʻri yoki notoʻgʻri ekanligini muhokama qilish niyatida emas. Bu masalani professional tahlil qiladigan mutaxassislar vazirlikda mavjud emas. Mazkur soha boʻyicha qonun hujjatlari bilan vakolat berilgan maxsus organlar mavjud).

Koʻrsatuvda qarorning aynan qonunchilik talabiga javob bermasligi haqida deputatlar tomonidan mulohazalar bildirildi.

Xususan:

1) 2016-yilda Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga kiritilgan oʻzgartirish bilan kunning yorugʻ vaqtida yaqinni yorituvchi chiroqlarni yoqmaganlik uchun ayrim toifadagi avtomototransport vositalariga nisbatan jarima belgilash nazarda tutilgan, ammo hozirgi kunda ushbu moddaga asosan barcha avtomototransport vositalari jarimaga tortilyotganligi;

2) qarorning qachondan kuchga kirishi koʻrsatilmaganligi;

3) qonun hujjatlari tadbirkorlarga qoʻshimcha majburiyat yoki talablar yuklasa, ular uch oydan keyin kuchga kirishi lozimligi haqidagi talabning buzilganligi;

4) huquqiy ekspertiza masalasi.

Ushbu mulohazalar yuzasidan Adliya vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi quyidagilarni maʼlum qiladi:

1. Maʼmuriy javobgarlik kodeksiga kiritilgan oʻzgartirishlar haqida 2016-yilda Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga kiritilgan oʻzgartirishlar bilan sutkaning qorongʻi davrida yoki koʻrish cheklangan sharoitlarda yoritish asboblaridan foydalanish qoidalarini buzish soʻzlari tashqi yoritish asboblaridan foydalanish qoidalarini buzish soʻzlariga almashtirilgan. Bunda jarima miqdori, yaʼni eng kam ish haqining 50 foizi miqdori oʻzgarmagan.

Birinchidan, kiritilgan mazkur oʻzgarish blanket norma (davlat organlari, mansabdor shaxslarga xatti-harakatlar, taqiqlar va boshqalarni mustaqil ravishda belgilash huquqini beruvchi huquqiy norma) hisoblanadi.

Taʼkidlash lozimki, qonunchilik amaliyoti va qonunchilik texnikasi nuqtai nazaridan blanket normalarni qoʻllash normal holat boʻlib, odatda buzilishi uchun javobgarlik belgilanayotgan moddada barcha qoidalarni sanab oʻtishning imkoni boʻlmagan hollarda ishlatiladi.

Masalan, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksda nazarda tutilgan 73 ta turdagi huquqbuzarlikda blanket norma ishlatilgan (jumladan, 125 - moddada yuk tashish qoidalarini buzganlik uchun, 127 - moddada transport vositalarining tovush chiqaruvchi, yorituvchi va boshqa qurilmalaridan foydalanish qoidalarini buzganlik uchun, 128-6-moddasida toʻxtash yoki toʻxtab turish qoidalarini buzganlik uchun, 130-moddasida temir yoʻlning oʻtish joylaridan oʻtish qoidalarini buzganlik uchun).

Ikkinchidan, u yoki boshqa sohada tegishli qoidalarni belgilash qonun hujjatlariga muvofiq Vazirlar Mahkamasi yoki boshqa tashkilot vakolatiga kiritilgan. Qoidalarni tegishli organ oʻz vakolatlari doirasida belgilangan tartibda oʻzgartirishi mumkin va buni Oliy Majlis bilan kelishish talab etilmaydi.

Xususan, 2015-yil 24-dekabrda Hukumat tomonidan tasdiqlangan Yoʻl harakati qoidalariga oʻtgan davrda 6 marotaba oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilgan, mazkur oʻzgartirishlarga asosan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksda belgilangan sanksiyaga asosan huquqbuzarni javobgarlikka tortish mumkin. Yaʼni, bunda har safar qoidalar oʻzgarganligi sababli, Parlamentga murojaat qilinmaydi. Bu oddiy mantiqdan ham kelib chiqadi.

Yuqoridagilarga koʻra, oldin boshqa asos bilan kiritilgan maʼmuriy javobgarlikning qoʻllanish doirasi asossiz kengaytirilyapti, degan fikr oʻrinli emas. Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeks matnida ayrim turdagi emas, umuman avtomototransport vositalarining tashqi yoritish asboblaridan foydalanish qoidalarini buzishi haydovchini jarimaga tortishga sabab boʻladi, deyilgan.

Eng asosiysi, deputatlar tomonidan 2016-yilda Hukumat kiritgan, deb tilga olinayotgan qonun loyihasi ASLIDA Hukumat tomonidan emas, balki bevosita Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan tashabbus sifatida parlamentga kiritilgan.

Bunga asos qilib, oʻsha paytda Yoʻl harakati qoidalarining yangi tahriri tasdiqlanganligi, shu munosabat bilan Maʼmuriy javobgarlik kodeksi normalarini mos ravishda tahrir qilinayotganligi tashabbuskor deputatlar tomonidan asos qilib koʻrsatilgan.

Shunday ekan, 2016-yilda qonun loyihasi koʻrib chiqilayotganda Hukumat “boshqa gapni gapirgan” degan vajlar, uning natijasida ommaviy axborot vositalarida notoʻgʻri talqin qilingani hurmatli deputatlarning aniq maʼlumotlarga ega emasliklari natijasida yuzaga kelgan.

2. Qarorning kuchga kirishi masalasi

Qarorning kuchga kirish muddati masalasida shuni aytish lozimki, “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi qonunga muvofiq qonun hujjatlarining oʻzida kechroq muddat koʻrsatilgan boʻlmasa, ular rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.

Hukumatning mazkur qarori joriy yilning 10-aprelida rasman eʼlon qilingan va unda kuchga kirish muddati koʻzda tutilmagan. Shunga koʻra qaror 10-apreldan kuchga kirgan hisoblanadi. Bu oʻrinda qonunchilik nuqtai nazaridan muammo yoʻq.

3. Tadbirkorlarga qoʻshimcha majburiyat yoki talablar yuklaganligi tufayli uning uch oydan keyin kuchga kirishi lozimligi

“Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida”gi qonunga asosan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish tartib-taomilining murakkablashtirilishini va tadbirkorlik faoliyati subyektlari zimmasiga yangi majburiyatlar yuklatilishini nazarda tutadigan, shuningdek ularning javobgarligiga oid yangi choralarni belgilaydigan hujjat rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kamida uch oydan keyin kuchga kirishi koʻrsatilgan va amaliyotda ushbu norma toʻliq qoʻllanilishi taʼminlanyapti.

Yaʼni, qonunchilikdagi mazkur talab bevosita tadbirkorga uning tadbirkorlik subyekti maqomidagi holatiga, faoliyatiga taʼsir oʻtkazadigan holatda qoʻllaniladi.

Transportlarning chirogʻini yoqib yurishi haqidagi talab bilan tadbirkorlik faoliyatini yuritish qiyinlashib yoki osonlashib qolmaydi, buning aynan tadbirkorlik faoliyatiga aloqasi yoʻq.

Yoʻl harakati qoidalari universal va hammaga bir xil tatbiq etiladigan huquqiy normalar yigʻindisidir, bu borada yoʻl harakati ishtirokchilari bir xil maqomga ega. Shunday ekan, yoʻl harakati ishtirokchilari nuqtai nazaridan har qanday yangi qoidalar va talablar fuqarolar uchun bir muddatda, tadbirkorlar uchun boshqa muddatda kuchga kirishi mantiqqa zid boʻladi.

Masalan, 2018-yil oktyabr oyida qabul qilingan qonun bilan transportda harakatlanish paytida telefondan foydalanganlik uchun jarima miqdori oshirilgan.

Muhokama paytida bildirilgan fikrga tayanadigan boʻlsa, mazkur norma ham kamida uch oydan keyin kuchga kirishi kerak edi. Lekin mazkur norma ham eʼlon qilingan sanadan kuchga kiritilgan. Yaʼni, bu hujjatning ham tadbirkorlik faoliyatiga aloqasi yoʻq.

Shu sababli hujjatning uch oydan keyin kuchga kirishi lozimligi haqidagi fikrlarga ham qoʻshilib boʻlmaydi.

4. Huquqiy ekspertiza masalasi

Qaror loyihasi boshqa turdagi ekspertizalar oʻtkazilgandan soʻng Adliya vazirligi tomonidan huquqiy ekspertizadan oʻtkazilgan va tegishli taklif-mulohazalar berilgan. 

Shunday ekan, deputatlarning qonun hujjatlari Adliya vazirligi tomonidan barcha qonuniy talablarga muvofiq ekspertizadan oʻtkazilishini asossiz ravishda shubha ostiga olishlari mutlaqo nooʻrindir.

Shu oʻrinda Adliya vazirligi hozirda Maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi kodeks loyihasi ustida ishlayotgani va unda maʼmuriy jazo choralari tizimini liberallashtirishga alohida eʼtibor qaratilishini maʼlum qiladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?