Adliya vaziri oʻrinbosari korrupsiyaga nima sabab boʻlayotganini aytdi

10:58 27 Mart 2019 Jamiyat
584 0

Foto: XPK

Prezidentimiz Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 26 yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi maʼruzasida fuqarolarning kafolatlangan huquqlarini ­taʼminlash xususida alohida toʻxtalib, jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish borasidagi ishlarga tanqidiy baho bergan edi. Mavjud muammolar va qilinishi lozim boʻlgan asosiy vazifalarga eʼtibor qaratilib, adliya idoralari oldiga ham jiddiy vazifalar qoʻyilgandi.

Oradan koʻp oʻtmay, ularning ijrosi boʻyicha ilk qadamlar tashlandi. Yillar davomida toʻplanib qolgan kamchiliklarga chek qoʻyish maqsadida davlatimiz rahbari tomonidan “Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish tizimini tubdan takomillashtirish toʻgʻrisida” gi Farmon imzolandi.

Qayd etilgan tanqid va tavsiyalardan keyin Adliya vazirligi tomonidan qanday ishlar amalga oshirilmoqda? Muammolar nimada, uning yechimi qanday boʻlishi kerak? Shu va boshqa savollarga javob olish uchun Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri oʻrinbosari Akbar TOSHQULOV bilan suhbatlashdik.

— Huquqiy madaniyatni yuksaltirish uchun, avvalo, huquqiy maʼrifatni takomillashtirish zarur. Chunki zamon shiddati jadal, dunyo ham, undagi jamiyatlar ham tez oʻzgarmoqda. Biz esa koʻp yillar davomida bu oʻzgarishlar shiddatini quvib yetolmadik. Albatta, odamlarning ongi, dunyoqarashi oʻzgardi. Ammo huquqiy madaniyat darajasi, kutilganidek, yuksalmadi. Bu bir qancha omillarga bogʻliq.

Tahlillar va fuqarolar murojaatlaridan koʻrinadiki, aksariyat aholi qatlami elementar huquqiy bilimga ham ega emas. Kundalik hayotda kerak boʻladigan oddiy huquqiy tushunchalarni ham bilmaydi. Huquqiy madaniyatimizning yetarli darajada emasligi, ayniqsa, biron favqulodda vaziyat yuzaga kelganda yaqqol bilinib qoladi. Marketing maqsadlarida oʻtkazilayotgan turli tadbirlarda, yoʻllarda yuzaga kelgan tirbandliklarda, navbatda turganda yoxud birov bilan u yoki bu masalalarda ahdlashuvlarga rioya qilish jarayonida huquqiy madaniyatimiz oʻz “qiyofasi”ni namoyon qilib qoʻyadi.

Achinarlisi, aholida huquqiy ong yaxshi shakllanmagani natijasida maishiy korrupsiyani toʻliq yoʻqotolmayapmiz. Korrupsiya noqonuniy harakat ekanini hamma biladi, ammo oddiy fuqarodan yuqori mansabli amaldorlargacha pora oldi-berdisi ustida ushlanayotgani achinarli holdir. Bularning barchasi qonunni bilmaslik, qolaversa, bilib turib ham, uni mensimaslik, rioya etmaslik oqibatidir.

— Bundan ancha ilgari ishlab chiqilgan huquqiy savodxonlik va madaniyatni oshirish boʻyicha bir qator dastur hamda chora-tadbirlar oʻzini oqlamaganini hayotning oʻzi koʻrsatib turibdi. Bu haqdagi fikringiz?

— Toʻgʻri, biz uzoq yillar davomida masalaning mohiyatini oʻrganmadik. Yigirma bir yil oldin qabul qilingan huquqiy savodxonlik va madaniyatni yuksaltirish toʻgʻrisidagi Milliy dastur kutilgan natijani bermadi. Chunki unda aniq vazifalar qoʻyilmagan, maqsadga erishishning monitoring va baholash tizimi mavjud emasdi. Shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlarini jalb qilish masalasi nazarda tutilmagan.

Biz qonun nima uchun kerakligini, unga amal qilishdan oʻzi va farzandlari, kelajagi uchun qanday foyda borligini odamlarga anglatmagunimizcha, huquqiy savodsizlik, huquqiy madaniyatsizlik va huquqiy ongsizlik bilan kurashimiz samara bermaydi.

Buning uchun nima qilish kerak? Birinchi navbatda, huquqiy taʼlim va huquqiy ­tarbiyani kampaniya tarzida yoki nomigagina emas, balki aniq maqsadni koʻzlab, rejali va samarali tarzda olib borishni yoʻlga qoʻyish lozim. Bu esa aholining huquqiy bilimini oshirish va huquqiy madaniyatini yuksaltirish boʻyicha strategiyani tubdan oʻzgartirishni talab qiladi.

— Prezidentimizning yuqoridagi Farmoni mazmun-mohiyati va ahamiyati xususida ham toʻxtalib oʻtsangiz.

— Hujjat oʻz vaqtida qabul qilingani bilan juda muhim. Unda jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish boʻyicha asosiy vazifalar belgilab berildi. Oldimizda fuqarolar ongida “Jamiyatda qonunlarga hurmat ruhini qaror toptirish — demokratik huquqiy davlat qurishning garovidir!”, “Yuksak huquqiy madaniyat — mamlakat taraqqiyoti kafolati” degan hayotiy gʻoyalarni targʻib qilish masalasi turibdi. 

Farmonda yosh avlod ongiga huquq va burch, halollik va poklik tushunchalarini hamda Konstitutsiyaning muhim jihatlarini ularga bolaligidan oʻrgatish masalasi koʻtarildi. Bu juda toʻgʻri yoʻnalish. Nega deganda, huquqiy tarbiya, avvalo, oilada, soʻng bogʻcha, maktab va taʼlim muassasalarida xoʻjakoʻrsinga emas, tizimli olib borilishi shart. Busiz natija ham boʻlmaydi. Lekin tarbiya faqat bilim berish bilan cheklanmaydi. Tarbiya shu bilimlarni amalda qoʻllash, ulardan foydalanishni ham oʻrgatishi lozim.

Ochigʻi, bizda uzoq yillar Konstitutsiya kuniga sheʼr yodlatish, uning necha bobu qancha banddan iboratligini bildirib qoʻyish kabi yuzaki “tarbiya” jarayoni kechdi. Natijada biz huquqiy bilimlarni nazariy jihatdan u yoki bu darajada biladigan, ammo funksional jihatdan ularni qoʻllamaydigan avlodni tarbiyaladik.

Endi vaziyat tubdan oʻzgaradi. Farmonga muvofiq, jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish “shaxs — oila — mahalla — taʼlim muassasasi — tashkilot — jamiyat” prinsipi boʻyicha tizimli va uzviy tashkil etiladi. Qolaversa, Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish konsepsiyasi va uni 2019 yilda amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” ham tasdiqlandi. Chora-tadbirlarning amalga oshirilishi, umuman, jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish sohasida Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi muvofiqlashtiruvchi davlat organi etib belgilandi. Bu bizga katta masʼuliyat yuklaydi.

— Kelgusidagi rejalar va ustuvor yoʻnalishlar, shuningdek, xorij tajribalarini tatbiq etish haqida nimalar deya olasiz?

— Bugun aholining turli qatlamlari, shu jumladan, tadbirkorlar va yoshlarning axborotga boʻlgan ehtiyojlari yuqori. Shuni hisobga olgan holda huquqiy targʻibotni amalga oshirishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish rejalashtirilgan. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi hamda qoʻshimcha huquqiy axborotlarni yetkazish tizimini oʻz ichiga oladigan Oʻzbekiston Respublikasining milliy huquqiy internet portali yaratiladi.

Bolalar uchun maxsus huquqiy sayt ochish ustida ham ishlayapmiz. Unda bogʻcha va maktab yoshidagi bolalarga odob-axloq qoidalari, huquq boʻyicha boshlangʻich bilimlar, Konstitutsiyani oʻrgatishga oid ilk tushunchalar ertak qahramonlari yordamida tu­shuntiriladi. Saytga huquqni targʻib qiluvchi turli xil oʻyinlar, mashgʻulotlar joylashtirib boriladi.

Xorij tajribasi haqida gapiradigan boʻlsak, bilamizki, Buyuk Britaniyada aholiga bepul maslahat beradigan maxsus portallar faoliyat yuritadi. Ularda huquqiy maʼlumotlar maʼlum klassifikator asosida sodda tilda berib boriladi. Buning samarasi katta. Xuddi shunday bizda ham Advice.uz huquqiy axborot tizimi yaratiladi. Uning taqdimotini shu yilning 25 — 27 aprel kunlari Toshkentda ilk bor oʻtkaziladigan “Tashkent Law Spring” xalqaro yuridik forumida oʻtkazish rejalashtirilgan.

Koʻplab rivojlangan davlatlarda “Street law” degan tushuncha bor. Bu koʻchada huquqiy targʻibot yoki oddiy huquq, degan maʼnoni bildiradi. Bunda maxsus tayyorgarlikdan oʻtgan koʻngillilar tomonidan jamoat joylarida odamlarga turli hayotiy vaziyatlarning huquqiy yechimi koʻrsatib beriladi. Shu orqali ularning huquqiy bilimlarini oshirishga erishiladi. Yurtimizda ham shu usulni qoʻllash vaqti keldi, nazarimizda.

Yana bir yangilik: muammoli masalalar, xususan, migratsiya, moddiy yordam, yer olish, uy-joy olish, kommunal soha, aliment, ishga joylashish, taʼlim olish va boshqalar boʻyicha huquqiy axborotni “step by step” (qadamma-qadam) usulida buklet, flayer, liflet va plakatlar shaklida aholiga yetkazish koʻzda tutilmoqda. Targʻibotning bunday usullari behuda ketmasligi tayin.

Qisqasi, huquqiy targʻibotning taʼsirchan metodlarini tatbiq etishga oid vazifalarimiz koʻp. Hamma gap, ularni oʻzaro hamkorlikda va sifatli amalga oshirishda. Mazkur jarayonlarda nafaqat Adliya vazirligi, balki har bir idora va davlat xizmatchisi, barcha fuqaro “huquqiy targʻibotchi” vazifasini bajarsa, marra bizniki!

Rahim ShЕRQULOV (“Xalq soʻzi”) yozib oldi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?