Adliya vaziri axborot berdi

18:48 14 Oktyabr 2020 Siyosat
193 0

2020-yil 14-oktyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri R.Davletovning “Huquqiy targʻibotni amalga oshirish, aholiga qabul qilinayotgan qonun hujjatlarining mazmun-mohiyati va ahamiyatini yetkazish, shuningdek, aholining huquqiy savodxonligini oshirish boʻyicha olib borilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi axboroti eshitildi.

Qayd etilganidek, soʻnggi yillarda mamlakatimizda aholining huquqiy madaniyatini oshirish, aholiga qabul qilinayotgan qonun hujjatlari va davlat dasturlarining mazmun-mohiyatini tushuntirish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, yangi qabul qilingan qonun hujjatlari mazmun-mohiyatini targʻib etish boʻyicha adliya organlari tomonidan 520 mingga yaqin huquqiy targʻibot tadbirlari oʻtkazildi. Hududlarda, olis qishloq va ovullarda 133 mingta huquqiy bilimlarni tushuntirish tadbirlari oʻtkazildi, uyma-uy yurib 109 mingdan ortiq huquqiy maslahatlar berildi.

Qabul qilingan har bir muhim qonun hujjati boʻyicha targʻibot materiallari toʻplami (infografika, slayd, annotatsiya, rolik) tayyorlanib, sohaga masʼul boʻlgan vazirlik va idoralarga hamda hududlarga yuborish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi. Qonun hujjatlarini sodda tarzda tushuntirish boʻyicha tayyorlangan videoroliklar mahalliy va markaziy telekanallarda muntazam berib borilyapti. Bundan tashqari, fuqarolar uchun dolzarb va kundalik hayotda koʻp duch kelinadigan holatlar boʻyicha vazirlik veb-saytida 21 ta yoʻnalishni oʻz ichiga oluvchi alohida “Soʻragan edingiz” boʻlimi ochildi va hozirga qadar ushbu boʻlimda jami 400 ga yaqin savol-javoblar joylashtirildi.

Vazir axborotida qayd etilganidek, internet tarmogʻida aholining huquqiy savodxonligi va madaniyatini oshirishga qaratilgan, moddiy ahvolidan qatʼi nazar, barcha aholi qatlamini bepul huquqiy maslahat bilan taʼminlashni nazarda tutuvchi 5 ta huquqiy portal ishlab chiqildi. Yaqinda tadbirkorlar uchun bepul huquqiy maʼlumot va maslahat oladigan “Advice for business” yuridik portali ishga tushdi. Bu tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishdan, yaʼni korxonani roʻyxatdan oʻtkazishdan tortib toki uni tugatishgacha boʻlgan barcha zarur maʼlumotlarni taqdim etuvchi maxsus interfaol portal hisoblanadi. Mazkur tizim orqali tadbirkorlar oʻz faoliyatining har qanday bosqichida duch kelayotgan masalasi yuzasidan tezkor ravishda bepul huquqiy maslahat va maʼlumotlar olish imkoniyatiga ega.

Shuningdek, aholiga bepul yuridik yordam koʻrsatish tizimini takomillashtirish maqsadida “Madad” nodavlat tashkiloti va uning hududiy byurolari tashkil qilindi. Bugungi kunda 60 ta tuman (shahar)da faoliyat olib borayotgan “Madad” byurolari tomonidan 12 mingga yaqin savollarga bevosita javob berilgan boʻlsa, “Advice.uz” huquqiy axborot portali orqali 60 mingdan ortiq savollarga onlayn rejimda javob berildi.

Eshituvda deputatlar sohada amalga oshirilgan ishlarni eʼtirof etib, vazirga yurtimizda imkoniyati cheklangan shaxslarning huquqiy savodxonligini oshirish borasida olib borilayotgan ishlar boʻyicha ham savol berdilar.

Vazirning taʼkidlashicha, imkoniyati cheklangan, koʻzi ojiz shaxslarga oʻz huquqlarini tushuntirishda ularga qulay boʻlgan usuldan foydalanildi. Xalqaro tashkilotlarning grant mablagʻlarini jalb qilgan holda koʻzi ojizlar uchun brayl alifbosida “Koʻzi ojiz shaxslarning huquqlariga oid normativ-huquqiy hujjatlar toʻplami” tayyorlandi. Toʻplam 2 jilddan iborat, 2 ming adadda (jami 4 ming kitob) nashr etilgan va unda koʻzi ojiz shaxslarning huquqlariga oid 29 ta qonun hujjatlaridagi normalar jamlangan. Masalan, ushbu shaxslar uchun qoʻllaniladigan soliq imtiyozlari, qulay mehnat shartlari, ijtimoiy himoya masalalari, shu bilan birga ularning huquqlarini buzganlik uchun javobgarlik choralari oʻz ifodasini topgan.

Eshituvda taʼkidlanganidek, pandemiya paytida fuqarolarning huquqlarini himoya qilish va ularga huquqiy tushuntirishlar berishning zamonaviy tizimlari yaratildi. Xususan, fuqarolarning huquqiy maslahatga boʻlgan ehtiyojini masofaviy tarzda qondirish maqsadida telegram messenjerida botlar ochilib, ular orqali fuqarolarning masofadan turib yoʻllagan savollariga huquqiy tushuntirishlar va maslahatlar berib borildi.

Xalq vakillari erishilgan natijalarni maʼqullagan holda sohada olib borilayotgan ishlarni yana-da jadallashtirishga qaratilgan bir qator tavsiyalar berdilar.

Parlament eshituvida Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining axboroti maʼlumot uchun qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?