“Adliya tadbirkorga doʻst” loyihasi taqdimoti boʻlib oʻtmoqda

13:54 09 Sentyabr 2019 Jamiyat
216 0

Ayni paytda Adliya vazirligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish boʻyicha qabulxonasi koʻmagida amalga oshirilishi rejalashtirilgan “Adliya tadbirkorga doʻst” loyihasining taqdimoti boʻlib oʻtmoqda.

Tadbirda tegishli davlat tashkilotlari, Biznes vakil, Savdo-sanoat palatasi, 100 ga yaqin tadbirkorlik subyektlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etyapti.

Shuni taʼkidlash kerakki, mazkur loyiha ilk marotaba amalga oshirilayotgan boʻlib, unda yangicha yondoshuv asosida tadbirkorlarning fikrlari va takliflarini oʻrganish orqali ularning faoliyatida yuzaga kelayotgan muammolarini hal etish, tadbirkorlarning moliyaviy va huquqiy savodxonligini oshirish, davlat xizmatlarini koʻrsatish tizimi hamda mazkur sohani tartibga soluvchi qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish maqsadida amalga oshirish rejalashtirilgan. 

Shuningdek, loyihani amalga oshirish boʻyicha joylarda 100 dan ortiq ishchi guruhlar tashkil etiladi va 10 mingdan ortiq tadbirkorlar ishtiroki qamrab olinadi.

Har bir hududning tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish darajasiga baho berish boʻyicha indikatorlar ishlab chiqiladi va milliy reytinglar tuziladi.

Tadbirkorlik faoliyatining barcha jabhalarini qamrab oluvchi “advice for business” maxsus interaktiv huquqiy portali yaratiladi.

Avstraliya va Yangi Zelandiya davlatlarining tajribasini oʻrgangan holda biznesni yuritish va roʻyxatdan oʻtish bosqichlari yanada soddalashtiriladi.

Buyuk Britaniya hukumati Roʻyxatga olish palatasining (Companies House) tadbirkorlarga davlat xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha, biznesni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash boʻyicha Yangi Zelandiya tajribasi oʻrganiladi va amaliyotga joriy qilinadi.

Yer uchastkalarini auksionga chiqarish bilan bogʻliq jarayonlar monitoring qilib boriladi.

Barcha davlat organlarini tadbirkorlarni qoʻllab quvvatlashga chorlash maqsadida “Sen tadbirkor uchun nima qilding” aksiyasi oʻtkaziladi.

“Tadbirkor faoliyatiga aralashma” shiori ostida ijtimoiy tarmoqlarda va aholi orasida adliya sayllari tadbirlari oʻtkaziladi.

Tadbirkorlarni noqonuniy homiylikka jalb qilish holatlarini aniqlash boʻyicha joylarda aksiyalar oʻtkaziladi.

Aksiyalar doirasida ijtimoiy tarmoqlarda soʻrovlar oʻtkaziladi

va jamoatchilik fikri oʻrganiladi.

Katta nufuzga ega biznes vakillari (motivatsion maʼruzachilar)ni taklif qilgan holda seminar-treninglar, master klasslar tashkil etiladi.

Hududlarda tadbirkorlarning muammolarini hal etish boʻyicha sayyor qabullar va uchrashuvlar tashkil etiladi.

“Jamoatchilik” onlayn platformasiga (www.jamoatchilik.uz) kelib tushgan tadbirkorlarning fikri va takliflari asosida Prezident qarori loyihasi ishlab chiqiladi.

Shuningdek, tadbir ishtirokchilarining taʼkidlashicha loyiha doirasida amalga oshirilgan ishlar haqida doimiy ravishda vakolatli organlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida uchrashuvlar tashkil etilishi va muammolar yuzasidan ochiq muhokamalar oʻtkazib borilishi rejalashtirilgan.

“Xalq soʻzi onlayn”
ahim Sherqulov.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?