Adliya sohasida Oʻzbekiston va Tojikiston hamkorlik qiladi

18:23 27 Noyabr 2018 Jamiyat
467 0

Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi taklifiga binoan Tojikiston Respublikasi adliya vazirining birinchi oʻrinbosari Xoliqzoda Abdumanon Gʻaffor boshchiligidagi delegatsiya mamlakatimizda boʻlib turibdi.

Tashrif doirasida poytaxtimizda delegatsiya aʼzolari Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi rahbariyati bilan uchrashdi. Oʻzaro muloqotda adliya vaziri oʻrinbosari Mahmud Istamov mehmonlarni yurtimizda huquqiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar bilan tanishtirdi.

Oʻz navbatida, Abdumanon Xoliqzoda qabul va tanishtiruv uchun minnatdorlik bildirib, yurtimizda notarial, FHDYO organlari va advokatura institutlari faoliyatdagi ijobiy oʻzgarishlarga, yangiliklarga yuqori baho berdi.

Uchrashuv doirasida Adliya vazirligining bugungi kundagi faoliyati, vazifalari, notarial sohada, fuqarolarga davlat xizmatlarini koʻrsatish, aholining huquqiy xabardorligini oshirish yoʻnalishida olib borayotgan ishlari mazmun-mohiyati qamrab olingan taqdimotlar oʻtkazildi. Shuningdek, tomonlar adliya sohasida ikki tomonlama hamkorlik qilish istiqbollarini muhokama qildi.

Shuningdek, tadbir doirasida delegatsiya vakillari ishtirokida Toshkent davlat yuridik universitetida Adliya vazirligi tizimidagi islohotlarga bagʻishlab seminar ham tashkil etildi.

Tojikiston Respublikasi Adliya vazirligi delegatsiyasining mamlakatimizga tashrifi davom etmoqda. Mehmonlarni Buxoro va Samarqand shaharlaridagi davlat xizmatlari markazlari, notarial idoralar va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari faoliyati bilan yaqindan tanishtirish ham koʻzda tutilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?