“Adib va jamiyat” yoʻnalishida bir necha kitoblar nashr qilindi

15:41 15 Fevral 2019 Madaniyat
231 0

Illyustrativ foto

Bugungi kunda xayrli ishlarni amalga oshirib kelayotgan Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi “Ijod” jamoat fondi homiyligida “MASHHUR-PRESS” deb nomlangan nashriyot “Adib va jamiyat” ruknida quyidagi kitoblarni zamonaviy bosma texnologiyalari asosida qattiq muqovada sifatli nashrdan chiqardi.

“Matonat manzumasi”

Oʻzbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyidning navbatdagi bu kitobi “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun”, “Jaholatga qarshi maʼrifat”, “Adabiyot atomdan kuchli” degan qismlardan iborat boʻlib, undan shoirning sheʼrlari, dolzarb mavzulardagi maqolalari oʻrin olgan.

“Vatan, ona Vatanimizning oʻzi buyuk va betimsol kitob, — deb yozadi shoir “Kitobsiz kelajak yoʻq” maqolasida. — Bu ulugʻvor kitobni oʻqib, anglamoq uchun ham, uning qadr va qimmatiga yetib yurmoq, chin va sadoqatli, maʼrifatli va bilimli farzand boʻlib sharaflamoq uchun ham koʻp-koʻp, juda koʻp goʻzal va chiroyli kitoblarni mutolaa qilishi shart va zarurligini anglab yetgan har bir oʻgʻil-qiz shu Vatanning eng koʻrkam va baxtli dilbandi boʻla oladi”.

“Matonat manzumasi”ning oʻzi ham mana shu ezgu maqsadga xizmat qiladi.

“Bunda bulubul kitob oʻqiydi”

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan, Isʼhoqxon Toʻra Ibrat, Hamid Olimjon va Zulfiya, Ibroyim Yusupov, Erkin Vohidov hamda Muhammad Yusuf singari maʼnaviyat zahmatkashlarining nomlari bilan ataluvchi ijod maktablari haqida taniqli shoir va publitsist Gʻayrat Majidning “Bunda bulbul kitob oʻqiydi” kitobida batafsil soʻz yuritiladi. Kitob mundarijasidagi “Qancha shoning boʻlsa Vatanni koʻtar”, “Bir yaxshi zamon keldi”, “Bogʻing vatan degan nom olsin, ey doʻst” kabi nomlarning oʻziyoq ona yurt yoʻlida chekilgan zahmatlar beiz ketmasligini ifodalab turadi.

Oʻzbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyidning “Matonat manzumasi”dan oʻrin olgan quyidagi satrlar esa 2000 nusxadan nashr etilgan har ikkala kitob mualliflarining mushtarak maqsadlarini aks ettiradi:

Ey, yoronlar, xalqni koʻring, koʻring orzu-havasin,

Biz yozmasak kim yozgaydir bu kunlarning “Xamsa”sin?!

Shoyim BOʻTAYEV.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?