Adham Xoliqov: “Sanʼatimiz xalqlarimiz doʻstligiga xizmat qilsin”

15:17 05 Sentyabr 2018 Jamiyat
94 0

“Sadriddin Ayniy nomidagi opera va balet akademik teatri” davlat muassasasi badiiy rahbari, Oʻzbekiston Respublikasi xalq artisti Adham Xoliqov “Xalq soʻzi”ga eksklyuziv intervyu berdi.

— Oʻzbekiston davlat mustaqilligi eʼlon qilinganining yigirma yetti yilligi arafasida Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Tojikiston Respublikasining bir guruh davlat va jamoat arboblari, madaniyat, fan va sogʻliqni saqlash sohalari vakillarini mukofotlash toʻgʻrisida”gi Farmoni asosida yuksak mukofotga sazovor boʻldim. Bundan qalbim cheksiz gʻurur va iftixorga toʻldi, koʻzlarimga yosh keldi.

Mintaqada doʻstlik, qardoshlik, tinch­lik, barqarorlik, ishonch tuygʻularini mustahkamlagani uchun Oʻzbekiston rahbariga barcha qatori Tojikiston aholisi ham minnatdorligini bildirmoqda. Joriy yil mart oyida Oʻzbe­kiston Respublikasi Prezidenti ­Shavkat Mirziyoyevning Tojikistonga, yaqinda Prezidentimiz Emomali ­Rahmonning esa mamlakatingizga amalga oshirgan davlat tashrifi ikki qadr­don xalq vakillarini behad quvontirdi. Bordi-keldilar kuchaydi.

Oʻzbek va tojik xalqlari azaldan yonma-yon yashagan, qiyinchiliklarni ­birgalikda yengib oʻtgan. Bu borada Shavkat Mirziyoyev “Oʻzbek va tojik ­xalqlari bir daraxtning ikki shoxi, bir daryoning ikki irmogʻiga oʻxshaydi. Bizning muqaddas dinimiz, yerimiz va suvimiz bir. Quvonchu tashvishlarimiz, taqdirimiz mushtarak. Ajdodlarimizning ezgu anʼanalarini davom ettirib, xalqlarimiz doʻstligini mustahkamlashimiz va asrab-avaylashimiz kerak”, deya juda ajoyib fikrni ­bildirdi. Bu hammamizning ayni ­dilimizdagi gap boʻldi.

Yuragimdagi bir gapni aytsam: Oʻzbekistonga mehrim oʻzgacha. Chunki Toshkent teatrlarida mahoratimni oshirdim, shu yerda sanʼatga, musiqaga qalbimda muhabbat yanayam chuqur ildiz otdi. Bu shaharda oʻziga xos maʼnaviy muhit mavjudki, sanʼatga oshno qalbni, albatta, parvozga undab turadi.

Oʻtgan yil oktyabr oyida Alisher ­Navoiy nomidagi Oʻzbekiston davlat akademik katta teatrida chiqish qilish baxtiga muyassar boʻldim. Bu men uchun ulkan orzu edi. Mazkur teatr Markaziy Osiyodagi eng ulugʻ dargohdir. Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonning Oʻzbekistonga tashrifi munosabati bilan “Oʻzbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida oʻtkazilgan “Doʻstlik oqshomi” nomli konsert ­dasturidagi chiqishim ham katta ­olqishlar bilan kutib olindi. Oʻsha ondagi hayajonim, taassurotlarimni taʼriflash qiyin. Bu men uchun juda katta sharafdir.

Tabiatan oʻzimni hamisha yosh his etib yuraman. Qalbim shunday. “Oʻzbekiston Respublikasi xalq artisti” unvoni meni yanayam yoshartirib yubordi. Sanʼatimiz xalqlarimiz doʻstligiga xizmat qilsin. Hayotimiz shu tariqa mazmunli davom etsin. Xalqlarimiz baxtli-saodatli, bir-biriga yelkadosh boʻlib yurishining oʻzi biz uchun katta saodatdir!


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?